- Oʻtgan asrning oxirlarida axborot texnologiyalari jiddat bilan rivojlandi, - deya gap boshladi B.Ahmedov. - Axborot olish hamda uzatish tezligi ming karra oshdi. Bu ilmiy doiralar oʻrtasidagi muloqotning jadallashishiga olib keldi. Mazkur jarayon Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi. 90-yillardan boshlab biz xorijiy olimlar bilan uzviy hamkorlikda ishlash, ulardan tajriba oʻrganish, tezkor maʼlumot almashish va birgalikda tadqiqotlar olib borish, yaʼni ilmiy kollaboratsiyaga kirishish imkoniga ega boʻldik. Olimning akademik harakatchanligi qanchalik yuqori boʻlsa, u shunchalik raqobatbardosh hisoblanadi. Butun dunyodagi tendensiya shunday. XX asr boshida Albert Eynshteyn, Ervin Shryodinger, Verner Geyzenberg kabi buyuk olimlar individual tarzda faoliyat olib borgan. Men ularni yakkaxon olimlar, deb atayman. Oʻsha vaqtda Nobel mukofotiga sazovor boʻlish uchun qogʻoz, qalam va oʻtkir aql kifoya edi. Lekin XXI asrga kelib fan jamoalashdi.
Aslida jamoaviy fanni bobokalonimiz Mirzo Ulugʻbek XIV asrdayoq amaliyotga kiritgan. U nafaqat daho shaxs, balki zamonaviy til bilan aytganda, mohir ilmiy menejer (science manager) ham edi. Ulugʻbek Samarqanddagi rasadxonasida yuzlab olimlarni toʻplab, ularning oldiga yulduzlar koordinatalarini aniqlashdek murakkab vazifani qoʻygan. Koʻp yillik kuzatuv va izlanishlar natijasi oʻlaroq, bebaho fundamental asar - “Ziji jadidi Koʻragoniy” yuzaga keladi. Asardagi formula hamda tenglamalar hozir ham dunyo fiziklari va matematiklari tomonidan turli ilmiy masalalar yechimini topishda qoʻllanilmoqda.
Nazarimda, bizga Mirzo Ulugʻbek kabi kuchli “science manager”lar, yaʼni yangi ilmiy maktablar yaratib, oʻz jamoasini ilgʻor tadqiqotlar atrofida birlashtira oladigan professorlar yetishmayapti. Jahonda ilm-fanning jadal integratsiyasi kuzatilmoqda. Bugungi kunda xalqaro ilmiy kollaboratsiyaga qoʻshilmagan olim olamshumul kashfiyot qilolmaydi.
- Nega?
- Chunki fundamental tadqiqotlar olib borish ham, ularning eksperimental qismini bajarish ham katta mablagʻ talab qiladi. Astronomiyani olaylik. U dunyodagi eng qimmat fundamental fan hisoblanadi. Nazariy astrofizikadagi dolzarb muammolarni tadqiq etish, astronomik kuzatuvlar olib borish, ular asosida raqamli eksperimentlar oʻtkazish uchun bizga superkompyuterlar va yuqori aniqlikda ishlaydigan zamonaviy teleskoplar kerak. Bunday asbob-uskunalarning narxi nihoyatda baland. Shu bois odatda yirik ilmiy tadqiqotlarni AQSHga oʻxshagan qudratli davlatlar moliyalashtiradi.
Keyingi paytda Oʻzbekistonda ham ilmiy muassasalarning texnologik modernizatsiyasiga jiddiy eʼtibor qaratilayotganidan xursandman. Shu maqsadda Fanlar akademiyasiga byudjetdan 32 million dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi. Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy grantlar ajratilmoqda. Yaqinda vazirlikka fundamental grant loyihasini topshirdik. Yuqorida aytganimdek, astronomiya qimmat fan. Deylik, oʻzim rahbarlik qilayotgan nazariy astrofizika laboratoriyasini zamonaviy raqamli uskunalar bilan jihozlash uchun har yili salkam 1 milliard soʻm talab qilinadi. Shu jihatdan davlatning koʻmagi ayni muddao.
- Bir necha yil avval Oʻzbekistonda ilm-fanni yoshartirishga kirishildi. Lekin negadir saʼy-harakatlar kutilgan natija bergani yoʻq. Buning sabablarini qanday izohlaysiz?
- Tanganing ikki tomoniga qarash kerak. Birinchidan, yoshlar ilm-fanga qanchalik intilyapti. Ikkinchidan, ilm qilaman, deb kelayotganlari talabga javob beradimi? Inkor etmayman, oxirgi yillarda yurtimizda ilmiy kadrlar salmogʻi ortdi. Ammo saviyasi haminqadar. Xoʻsh, xatolik qayerda?
Menimcha, yoshlarda ilm bilan shugʻullanishga yetarli motivatsiya uygʻota olmayapmiz. Bu ham taʼlim muassasasi, ham boʻlgʻusi olimni qabul qilib oladigan ilmiy jamoadagi muhitga bogʻliq. Oʻzbekiston milliy universitetida dars beraman. Bilasizmi, birinchi kurs talabalarida oʻqish va izlanishga intilish kuchli boʻladi. Lekin yuqori kursga borib bu shijoat soʻnadi. Qarabsizki, bitiruvchilar orasida olim boʻlaman deydiganlari yo chiqadi, yo chiqmaydi. Magistraturada ham shu ahvol. Chunki magistrantlar ikki yil umrini toʻrt yil bakalavriatda olgan bilimini takrorlash bilan oʻtkazadi. Bunday boʻlmasligi kerak emas, axir. Salohiyatli talaba va magistrantlarni ilmiy muassasalarga jalb qilish, ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishini taʼminlash zarur. Bu yerda fan va taʼlimning uzviy bogʻliqligi, integratsiyasi haqida gap bormoqda.
Laboratoriyamiz xodimlarining deyarli barchasi Oʻzbekiston milliy universitetini tamomlagan. Boshqa oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari meni qoniqtirmaydi. Inchunun, fizika fakultetlari barcha hududiy universitetlarda mavjud. Ammo bu muassasalar ilmiy maktablardan uzilib qolgan, ularga Toshkentdan olimlar borib dars berolmaydi. Shu bois men viloyatlarda fizika-matematika ilmiy maktabi filiallarini ochishni taklif qilgan boʻlardim.
Yana takrorlayman, muammo ilmga tortilmayotgan talabada emas, balki ilmiy maktablardan uzilib qolgan taʼlim tizimida. Oʻylab koʻring, nega Germaniya yoki AQSHdan mashhur olimlar, Nobel mukofoti sohiblari yetishib chiqadi. Nima, olmon yoki amerikalik ayollar koʻproq iqtidorli bola tugʻadimi? Yoʻq, albatta. Talantlar tabiatda teng taqsimlanadi. Hamma gap oʻsha iqtidorni parvarishlab, yuzaga chiqara olishda.
Ochigʻini aytaman, faqat moddiy ragʻbatlantirish yoʻli bilan yangi avlod olimlarini tarbiyalab boʻlmaydi. Agar bu usul kor qilganida, oxirgi ikki-uch yilda Oʻzbekistonning ilmiy salohiyati bir necha barobar yuqorilab ketardi. Afsuski, raqamlar dunyodan hali ancha orqada ekanimizni koʻrsatmoqda.
Amerika Milliy ilmiy jamgʻarmasi hisobotiga koʻra, oʻtgan yili oʻzbek olimlari impakt faktori yuqori boʻlgan jurnallarda 500 taga yaqin ilmiy maqola chop etgan (hatto Efiopiya, Shri-Lanka, Keniya, Nepal, Uganda va Zimbabve bizdan oldinda). Aholi soniga nisbatan olganda bu salmoq aslida 40 mingtani tashkil qilishi kerak edi. Bundan chiqdi, dunyo fundamental fanidagi ulushimiz bor-yoʻgʻi 0,008 foizga teng.
Olimlar soni-chi, dersiz. Toʻgʻri, bu omilni ham inobatga olish kerak. Keling, ana, rivojlangan davlatlarda olimlar soni biznikidan 8 baravar koʻp boʻlsin. Lekin shunda ham Oʻzbekistondagi har bir olim xorijiy hamkasbiga qaraganda oʻrtacha 10 baravar yomon ishlayapti. Demak, ilm-fanimiz qoniqarsiz ahvolda!
Vaholanki, ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi ilmiy xodimlari bugun 10-12 million soʻmgacha maosh olyapti. Baʼzilarining ish samaradorligi esa nolga teng. Yaqinda Fanlar akademiyasi tomonidan yangi nizom ishlab chiqildi. Unga koʻra, ilmiy xodim uch yilda “Scopus” yoki “Web of science” bazasiga kiruvchi ilmiy jurnallarda kamida ikkita maqola eʼlon qilishi yoki ikkita patentga ega boʻlishi shart. Afsuski, Oʻzbekiston olimlarining teng yarmi bu talabga javob berolmayapti. Uch yil tugul, hatto oʻn yilda bitta ham maqola chop etmagan laboratoriya mudirlari, professor va katta ilmiy xodimlar bor. Attestatsiya natijasida shularni aniqlayapmiz. Xirsh (h-) indeksi “0” ga teng xodimni qanday qilib olim deyish mumkin?! Bunday soxta ilm sohiblari yoshlarni ham yoʻldan uradi, oʻsishiga imkon qoldirmaydi. “Qaroqchi” jurnallarda pulga maqola chiqarib, dissertatsiya yoqlagan fan nomzodlari-yu doktorlarni koʻp koʻrganman. Mamlakat ilmiy hamjamiyatini mana shunday “saraton hujayralari”dan tozalamas ekanmiz, dunyo bilan boʻylashish haqida oʻylamasa ham boʻladi.
Yevropa mamlakatlarida muntazam ilmiy safarlarda boʻlaman. Gʻarbda ilm-fandagi nufuzingiz unvon va darajalar bilan belgilanmaydi va bu toʻgʻri, nazarimda! Kecha doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan boʻlsangiz ham oʻz ustingizda ishlashda davom etmasangiz, tadqiqotlarda qatnashmasangiz, maqola yozmasangiz, akademik faolligingiz sust boʻlsa, eʼtibordan chetda qolaverasiz. Natijada boshqalar sizdan oʻzib ketishi hech gap emas. Haqiqiy raqobat muhiti doktorantga ham, oqsoch professor oldiga ham bir xil talabni qoʻyadi. Harakat qilgan oʻzadi, yoʻqsa davradan chiqib ketishingiz kerak. Tamom-vassalom!
Afsuski, sobiq ittifoq davrida bizda tamomila boshqacha yondashuv hukmron edi. Professor hamisha ulugʻlangan, oʻn yillab samarasiz ishlasa ham yuqori oylikni olib yuravergan. Bunday salbiy tendensiyadan qutula olamizmi-yoʻqmi menga qorongʻu, ammo Oʻzbekiston ilm-fanining kelajagi xorijda oʻqib, malaka oshirib kelayotgan yosh ilmiy kadrlar qoʻlida ekaniga ishonchim komil. Yurtimizga fanning zamonaviy, ilgʻor yoʻnalishlarini olib kirib, rivojlantirish, kuchli ilmiy maktablarni yaratishga yangi avlod olimlarigina qodir. Oʻz vaqtida Xitoy xuddi shu tajribani qoʻllagan. Oʻtgan asrning 90-yillarida mamlakat yoshlarni AQSH va Yevropadagi taʼlim muassasalari, ilmiy markazlarga joʻnatavergan. Bugun Xitoy ilm-fani qanchalik ilgarilab ketgani barchaga ayon.
- Hozir fizika fanimiz qay ahvolda?
- Mamlakat miqyosida oladigan boʻlsak, fizika, ayniqsa, uning nazariy qismi eng ilgʻor fan yoʻnalishi boʻlib turibdi. Oʻtgan yili nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilgan 500 ta maqolaning teng yarmi fizik olimlar hissasiga toʻgʻri kelgan. Bunday muvaffaqiyatni fiziklarimiz jahon ilmiy hamjamiyatiga koʻproq integratsiyalashgani bilan izohlash mumkin. Jumladan, Italiyaning Triyest shahrida joylashgan Xalqaro nazariy fizika markazi eng yaqin hamkorimiz hisoblanadi. Koʻplab oʻzbek nazariyotchi olimlarining birinchi akademik harakatchanligi aynan shu dargohdan boshlangan. Jumladan, oʻzim ham markazda malaka oshirib, mashhur olimlar bilan tanishdim, ulardan saboq oldim.
- Gʻarbiy Yevropaning boshqa davlatlari, qolaversa, Amerika, Avstraliya, Xitoy ilmiy maktablari bilan ham aloqalar yoʻlga qoʻyilganmi?
- Albatta. Laboratoriyamiz misolida aytaman. Oʻtgan yillar ichida nazariy astrofizika sohasida xalqaro ilmiy kollaboratsiyaga juda yaxshi kirisha oldik. Oʻnlab xodimlarimiz xorijiy universitetlar va fan markazlarining yetachi olimlari bilan birgalikda tadqiqotlar olib bormoqda. Ayniqsa, Germaniyadagi Maks Plank jamiyati, Xitoydagi Fudan universiteti, Hindistondagi Astronomiya va astrofizika universitetlararo xalqaro markazi, Chexiyadagi Albert Eynshteyn ilmiy markazi, Qozogʻistonning Nazarboyev universiteti bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Har yili bir nechta olim ushbu markazlarda stajirovkalar oʻtab kelmoqda.
- Sobiq sovet respublikalari bilan ham aloqalar saqlanib qolganmi?
- Nazariy astrofizika sohasida juda kam miqdorda. Bir vaqtlar yirik davlatlar, xususan, Rossiyada markaziy osiyolik olimlarga past nazar bilan qaralardi. “Katta ogʻalik” kayfiyati hozir ham maʼlum maʼnoda saqlanib qolgan. Bu ilmiy aloqalarning darz ketishiga olib keladi. Ilm-fandagi hamkorlik oʻzaro hurmat va teng huquqlilikka asoslanishi kerak. Bir tomon oʻzini sherigidan ustun qoʻyishni boshladimi, nohaqlik yuzaga keladi.
Aslida imperialistik kibor barcha mustamlakachi mamlakatlarga xos. 1930-yilda hindistonlik fizik olim Subramanyan Chandrasekar Angliyaga yoʻl oladi. Kemada ketayotib u yulduzning kritik massasini hisoblab chiqargan. Chandrasekar astrofizikaning oʻsha davrdagi eng koʻzga koʻringan vakili ser Artur Edington huzuriga keladi va olamshumul kashfiyoti haqida soʻzlab beradi. Edington esa uni mensimay, ustidan kulgan. Vaqt oʻtib Chandrasekar yulduzning massasi oxirgi holatda Quyoshnikidan 1,4 barobar katta boʻlsa qora tuynukka aylanishini topgani uchun Nobel mukofotiga sazovor boʻldi.
Biz shugʻullanayotgan relyativistik astrofizika fanda tubdan yangi va istiqbolli yoʻnalish boʻlgani bois dunyoda bu sohada ilmiy maktablar koʻpayib bormoqda. Faxr bilan aytish kerak, Oʻzbekiston relyativistik astrofizikani rivojlantirayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi. Hozir yurtimizga undan ham yangi yoʻnalishlar - gravitatsion toʻlqin astrofizikasi va rentgen astronomiyasini olib kiryapmiz. MDH mintaqasida mazkur yoʻnalishlarda tadqiqot olib borayotgan ilmiy jamoalar nisbatan oz. Sababi, bu katta mablagʻni talab qiladi. Hozircha faqat Belarus Respublikasi va Qozogʻiston bilan qoʻshma loyihalarimiz bor. Qolgan hamkorlar asosan Yevropa va Osiyo davlatlaridan. Oʻylashimcha, ilmiy xablarni Oʻzbekistonda ham yaratish vaqti keldi.
- Bunga nima toʻsqinlik qilyapti?
– Koʻp yillardan buyon toʻplanib qolgan tizimli muammolar.
- Aynan qaysilarini ajratib koʻrsatgan boʻlardingiz? Ularning yechimi borasida taklifingiz bormi?
- 2019 va 2020-yillarda yurtimizda ikkita muhim hujjat qabul qilindi. Birinchisi, oliy taʼlim tizimini, keyingisi ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi. Har ikkala hujjatda Oʻzbekistoning xalqaro reytinglardagi pozitsiyasini sezilarli darajada yaxshilash vazifasi qoʻyilgan.
Boshqacha aytganda, oʻn yildan soʻng biz taʼlim sifati va ilmiy salohiyat boʻyicha ancha yuqorilashimiz zarur. Gap yana raqobatbardosh kadrlar masalasiga borib taqalyapti.
Ilm-fanda xalqaro talabga koʻra, olimning h-indeksi har yili bir pogʻonaga koʻtarilishi kerak. Shunda u raqobatbardosh hisoblanadi. Xirsh indeksi ortishi uchun nufuzli jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish talab qilinadi.
Biroq juda koʻp olimlar, talabalar ingliz tilini bilmaydi. Oʻzbekiston ilm-fani hamon rusiyzabon boʻlib qolmoqda. Bu eng asosiy muammomizdir.
Ingliz tili xalqaro fan tili boʻlgani uchun ham uni oʻrganishimiz zarur. Tasavvur qiling, Mirzo Ulugʻbek “Ziji jadidi Koʻragoniy”ni arab emas, turkiy tilda yozganida nima boʻlardi? Bu ulkan xazinadan dunyo bebahra qolardi, albatta. Chunki ilk oʻrta asrlarda ilmiy muloqot arab tilida olib borilgan. Keyinchalik fransuz tili yuqori maqomga koʻtarildi. Ikkinchi jahon urushigacha esa nemis tili dominant hisoblangan. Masalan, Albert Eynshteyn ingliz tilini deyarli bilmagan va asosiy asarlarini nemis tilida chop etgan. Nihoyat, XX asr oʻrtalarida estafeta ingliz tiliga oʻtdi. Bora-bora olimlar xitoy tilini oʻrganishga kirishsa ham ajablanmayman!
Til bilmasligi oqibatida butun boshli xalqlar katta yoʻqotishlarga duch kelgan. Yana tarixga yuzlanamiz. Amerikalik mashhur olim Edvin Xabbl 1929-yilda koinotda galaktikalar borligi, yaʼni yulduzlar toʻplamlarda joylashganini eksperimental tarzda isbotlaydi. Qolaversa, u astronomik kuzatuvlar asosida koinotimiz kengayib borayotganini aniqlagan. Keyinchalik mazkur jarayonga Xabbl qonuni, deb nom berildi.
Aslida Xabbldan avval koinotning kengayish hodisasini Jorj Lemetr aniqlagan. Faqat Lemetr tadqiqot natijalarini fransuz tilida eʼlon qilgani bois uning maqolasi ommalashmaydi. Shunday qilib, “uloq”ni Edvin Xabbl ilib ketgan. 2018-yilga kelibgina tarixiy adolat tiklanib, Xalqaro astronomlar jamiyati kosmologlarga yaxshi tanish boʻlgan atamani Xabbl-Lemetr qonuni, deb oʻzgartirishni tavsiya etdi.
Oʻzbekistonda aniq va tabiiy fanlar boʻyicha magistratura taʼlimi toʻliq ingliz tilida olib borish tarafdoriman. Boz ustiga, Gʻarb tipdagi ilmiy-tadqiqot muassasalarini ochish vaqti keldi. Yurtimizda ilmiy faoliyatni tashkil etish va boshqarishda jahon talablariga mos zamonaviy tizimni joriy qila olsak, aminmanki, oyogʻimizga tushov solgan koʻpgina muammolar oʻz-oʻzidan barham topadi.
Yana bir taklif. PhD yoqlayotgan nomzodga ikkita: mamlakat ichidan va xorijdan ilmiy rahbar tanlash shartini qoʻyish zarur (Qozogʻistonda bu tajriba muvaffaqiyatli qoʻllanilmoqda). Mana shunda soxta dissertatsion ishlar avtomatik tarzda filtrlanadi.
Shu bilan birga, ilmiy xodimga universitetda dars berish talabi qoʻyilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Bunday yondashuv taʼlim va fan integratsiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatishiga ishonchim komil.
Oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilariga ham eʼtirozim bor. Ochigʻi, ular orasida ilmiy maqola yozishga qoʻli bormaydigan, ilmiy kollaboratsiyada ishtirok etmaydigan va buning yoʻl-yoʻrigʻini ham bilmaydiganlar talay. Universitetdagi hamkasblarimiz dars oʻtish bilangina cheklanib qolmoqda. Pedyuklama katta. Ilm qilishga vaqti yoʻq. Vaholanki, dunyoda bunga allaqachon oqilona yechim topilgan. Koʻpgina rivojlangan davlatlarda sabbatikal tizimi amal qiladi. Bu ilmiy taʼtil degani. Yaʼni, universitet oʻqituvchisi bir-ikki semestrlik tanaffus olib, shu vaqtini faqat tadqiqot ishlariga yoki maqola, qoʻllanma, monografiya yozishga bagʻishlaydi. Uning ish joyi va maoshi saqlab qolinadi. Sabbatikalni Oʻzbekistonda ham joriy qilish foydadan xoli boʻlmasdi.
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Nargiza Umarova suhbatlashdi.