Majlisda “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini yangicha yondashuvlar asosida takomillashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tuzilmasida Bolalar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etildi. Bundan tashqari, mazkur Boshqarmaga ichki ishlar organlaridan voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlar lavozimlari shtati oʻtkazildi.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Bolalar bilan ishlash boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarining maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni, shu jumladan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini isteʼmol qilganlik, shuningdek voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik boʻyicha ishlarni koʻrib chiqishga hamda jarima tariqasidagi maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga doir vakolatlarini mustahkamlovchi oʻzgartirishlar kiritilyapti.
Bundan tashqari, Qoʻmita majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonun ham muhokama etildi.
Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasida qonuniy asoslarda Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlib turgan har kim mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga egaligi, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno ekanligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi Farmonida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasida belgilangan mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi toʻliq roʻyobga chiqarilishini taʼminlash maqsadida “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi lozim boʻlgan shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Qonunni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish va shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishlari va turar joyi boʻyicha xabardor qilishlari tartibini belgilovchi qonun loyihasini ishlab chiqilishi lozimligi belgilangan.
Shu bois Ichki ishlar vazirligi tomonidan tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasi tomonidan qonun qabul qilindi.
Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishlari va turar joyi boʻyicha xabardor qilishlari hamda ularni yashash va turar joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish sohasidagi asosiy prinsiplar hamda tushunchalar belgilanadi.
Muhokama yakuni boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.