Kasb-hunar taʼlimi tizimi va tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza etish, suv taʼminoti tizimini takomillashtirish loyihalariga imtiyozli va grant mablagʻlari ajratish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Modernizatsiya jarayonlarini, innovatsiyalar joriy etilishi, eksport, korporativ va savdo yoʻnalishlaridagi loyihalarni suveren boʻlmagan moliyalashtirish toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Taʼlim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, oʻzbekistonlik mutaxassislari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish va kelgusida Germaniya korxonalarida ishga joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlar kelishib olindi.
Shuningdek, Germaniyaning Edison Technologies, AMK Global, GessCon, Aurubis, HMS Bergbau, Hypercon Solutions, Binz Automotive, Ernst Klett, Siemens Healthineers, Rhenus Group, Linde, ITEL kabi yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Kimyo sanoati, geologiya, tibbiyot buyumlari va quyosh panellari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, qurilish materiallari, uglerod tolasi, zamonaviy logistika markazlarini yaratish kabi Oʻzbekistonga oliy darajadagi tashrif chogʻida kelishilgan loyihalarni amalga oshirish yuzasidan qoʻshimcha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Muhokama etilgan loyihalarni jadal amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrishga oʻzaro tayyorlik bildirildi. Har bir nemis kompaniyasiga alohida investitsiya menejerlari biriktirildi, ISSV, Oʻzbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi, Germaniya Federal kanselyariyasi va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qoʻmitasi oʻrtasida videokonferensaloqa tarzida muntazam muzokaralar olib borish, loyiha jarayonlarini oʻrganish va zarur tezkor choralar koʻrish boʻyicha ishlarni tashkil etishning yangi algoritmi kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.