“Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilyapti. Mamlakat bugun ochiqlik siyosati asosida dunyo mamlakatlarini iqtisodiy hamkorlikka chorlayapti. Xorijiy investorlar uchun barcha sharoitlar yaratyapti, xalqaro munosabatlarni mustahkamlayapti”, -deya taʼkidlagan muallif Irmgard Berner.
Maqolada yozilishicha, Yangi Oʻzbekiston oʻzining boy madaniy va tarixiy merosini dunyoga namoyon etish boʻyicha ham keng koʻlamli ishlarni amalga oshirib kelyapti. Xususan, mamlakat rahbariyati koʻmagida “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasi hayotga tatbiq etilayotir. Loyiha doirasida mamlakatning butun dunyo boʻylab sochilib ketgan va hozirda xorijdagi yirik kutubxona va muzeylarda, shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan madaniy boyliklari, asori-atiqalari, qoʻlyozmalari, sanʼat asarlarini izlab topish, jamlash va tizimlashtirish ishlari amalga oshirilyapti.
“Joriy yil 5-8-noyabr kunlari “Oʻzbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII xalqaro kongressining Sharq gavhari, tamaddunlar markazi va ilm oʻchogʻi boʻlmish Samarqand shahrida oʻtkazilishi bejiz emas, — deyiladi materialda. — Asrlar davomida ilm-fan markazi boʻlib kelgan ushbu azim shaharda barpo etilgan “Silk road Samarkand” sayyohlik markazida dunyoning 30 ta mamlakatidan kelgan 400 ga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar, fan arboblari, muzeyshunoslar, sharqshunoslar va mutaxassislarni bir maqsad atrofida birlashtirdi”.
Muallif, shuningdek, mashhur olim, davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek siymosiga alohida eʼtibor qaratgan. “Mirzo Ulugʻbek tomonidan yaratilgan yulduzlar turkumiga bagʻishlangan asar qoʻlyozmasining faksimal nusxasi Germaniyaning “Müller & Schindler” nashriyoti bilan hamkorlikda amalga oshirildi va “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumiga kiritildi, — deyiladi maqolada. — Anjumanda nemis nashriyoti tomonidan bu safar Qashqadaryo hududidan topilgan VIII asrga oid, fragmentlarda saqlanib qolgan, 44 suradan iborat Katta Langar Qurʼoni qoʻlyozmasining qimmatbaho faksimil nusxasini taqdim etilishi umumbashariy insoniyat madaniy merosiga boʻlgan yakdil hamkorlikni ifodalaydi”.
Nashrda qayd etilishicha, “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasi doirasida butun dunyodan toʻplangan oʻzbek madaniy merosi asori-atiqalari kiritilgan 70 jilddan ortiq kitob albom chop etildi. Bu toʻplamlar hozirgi kunda Hindiston, Ispaniya, Moʻgʻuliston, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Fransiya, Chexiya va Germaniya kutubxona va muzeylariga taqdim etilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“Ushbu kitoblar sotuvda mavjud emas, ular faqatgina loyihada ishtirok etayotgan muzey va kutubxonalarga beriladi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi maktablarga sovgʻa sifatida ulashiladi. Qolaversa, buyuk shoir Alisher Navoiy aytganidek: “Kitob – bu ustozdir, ... u har on ziyo tarqatib turadi”, -deb yozgan “Berliner Zeitung”.