Goʻdakni qachon va qanday qilib ona sutidan ajratish mumkin?

    Salomatlik 23 Avgust 2023 3860

    Ona suti — goʻdakning sogʻlom ulgʻayishida bebaho ozuqa. Uning tarkibida chaqaloqlarni yuqumli xastaliklardan himoyalovchi immun tanachalar, hazm jarayonini yaxshilovchi fermentlar hamda boshqa koʻplab foydali elementlar mavjud.

    Ammo bari bir ertami-kech emizikli ayollar bolakayni ona sutidan ajratish bilan toʻqnash keladi. Baʼzi kichkintoylar bu davrdan oson oʻtsalar, ayrimlarda esa oʻrgangan odatidan voz kechish biroz qiyin kechadi.

    Xoʻsh, bu vaziyatda onalar qanday yoʻl tutishlari lozim?

    Ushbu savolga Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Natalya Nodirxonova javob berdi.

    — Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, bolani 6 oygacha koʻkrak suti bilan parvarishlash shart, — deydi mutaxassis. — Agar goʻdak 2 yoshgacha emizilsa, u turli kasalliklardan himoyalanadi.

    Bunday bolalarning jismoniy va aqliy salohiyati yaxshi rivojlanadi. Shu bilan birga, immuniteti mustahkam boʻlib, ularning qandli diabet, leykoz, meʼda faoliyati bilan bogʻliq turli xil kasalliklarga chalinish xavfi nisbatan kamayadi.

    Afsuski, baʼzi ayollar 1 yoshdan oʻtgandan keyin bolani emizish befoyda deb oʻylaydi. Vaholanki, aynan 1 va 2 yosh oraligʻida kichkintoy organizmi uchun ona suti juda zarur. Shu sababdan har doim ularga bu paytda oʻz farzandlarini koʻkrak suti bilan oziqlantirishi lozimligini uqtiramiz.

    Kichkintoyni koʻkrakdan ajratish ona va bolaning oʻzaro munosabatlaridagi muhim bosqich. Shu bois masalaga ancha ehtiyotkor yondashish lozim.

    Misol uchun, unga qoʻshimcha ovqat berishni 6-8 oylikdan boshlab, bu vaqtda emizishlar sonini asta-sekin kamaytirib borish, buning oʻrniga esa oz-ozdan qoʻshimcha ovqat berib borilishi maqsadga muvofiq. Bu esa goʻdakni ona sutidan ajralishini osonlashtiradi.

    Shu bilan birga, kichkintoyning eʼtiborini boshqa narsalarga jalb etish, u bilan koʻproq jismoniy va psixologik aloqada boʻlish zarur. Koʻpi bilan ikki hafta mobaynida sutdan chiqarishga erishish mumkin.

    Goʻdak injiqlanib, emishni istasa, unga tayyor boʻtqa, nimtatir shirin choy yoki mevali sharbatlar berish tavsiya etiladi.

    Koʻpchilik onalar dilbandini yaqin qarindoshinikiga berib, uni emizishdan chiqarmoqchi boʻladi. Biroq bu unchalik toʻgʻri usul emas. Aksincha, dilbandining yonida boʻlib, kichkintoy hayotidagi bu oʻzgarishni u bilan birga qarshi olish farzandning kelajak hayoti uchun muhim.

    Eng yaxshi muddat bolani kuz va bahor faslida koʻrak sutidan ajratish mumkin. Yozda esa ona suti bolakayni turli xil meʼda infeksiyalaridan himoyalaydi.

    Mutaxassis bilan bu borada suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.