Grippga qarshi vaksina qanchalik samara beradi?

    Soddaroq va ochiqroq aytganda, vaksinadan maqsad organizmga shu kasallikni ozgina dozada yuborib, uni tanib olishi va qayta tushganida faol kurashishdir. Demak, vaksina qabul qilganda yengil gripp alomatlari kuzatiladi.

    “Gripp” atamasi fransuzcha “ushlash”, “ushlab qolish” so'zlaridan kelib chiqqan. Ta'rifi virusning vujudga kirib borishi to'satdan va tezligini anglatadi. Gripp – xavfli yuqumli kasallik, u o'tkir va odatda nafas olish tizimiga ta'sir qiladi va yuqori harorat, burun oqishi, ko'z yoshlanishi, boshdagi og'riq, mushaklar og'rig'i, ko'ngil aynishi, qusish belgilari bilan namoyon bo'ladi.

    Grippning qo'zg'atuvchisi va viruslari nima?

    Grippning qo'zg'atuvchisi genetik material sifatida ribonuklein kislotasini o'ziga jamlagan mitti virusdir. Virus – bu hujayrali bo'lmagan yuqumli agent, u faqat tirik hujayralar ichida ko'payishi mumkin. Virus bemor bilan aloqa qilishda burun, tomoq shilliq qavatiga havo tomchilari orqali kiradi.

    Bugungi kunda gripp virusining 2 mingdan ortiq varianti ma'lum va barchasi uchta guruhga bo'linadi. Odamlar uchun A va B kichik tip viruslari xatarlidir.

    Vaksinalarning ta'sir mexanizmi

    Grippga qarshi vaksinaning ta'sir mexanizmi immun tizimining ishlashi bilan chambarchasdir. Vaksina samaradorligi inson immuniteti qanchalik yaxshi-yomonligiga bog'liq. Vaksinatsiya kasallikka olib kelmasdan, organizmga infeksiyaning kirib borishini modellashtiradi. Shunga qaramay, vaksina immunitet tizimini T-limfotsitlar va gripp viruslaridan o'ziga xos himoyalashni ta'minlaydigan antikorlarni ishlab chiqarishga majburlaydi. Buning yordamida virus gripp virusini qayta yuqtirganida organizm infeksiyani darhol yo'q qilishga tayyor bo'ladi.

    Emlashdan so'ng himoya immunitet reaksiyasi asosan IgA (immunoglobulin “A”) sinfidagi sarum antikorlari tufayli amalga oshiriladi. Ayni antikorlarni hatto burun shilliq qavatida ham topish mumkin. Ularning mavjudligi sababli gripp virusi hujayralarga kirib, urchishi uchun vaqt topolmaydi. Grippga qarshi antikorlar bir necha oy yoki yillar mobaynida turishi mumkin. Biroq ta'kidlash lozimki, antijismlar faqat vaksinaga kiritilgan shtammlardan himoyalaydi. Grippning boshqa shtammlari uchun tanani faqat bilvosita asraydi.

    Profilaktik dorining ahamiyati

    Vaksinalar biror kasallikka qarshi immunitetni yaratish uchun mo'ljallangan profilaktik dori. Vaksinalar dorilarning alohida toifasini bildiradi, ularni tayyorlashda maxsus immunobiologik usullar qo'llaniladi. Gripp virusidan to'sish doirasidagi vaksinalar eng samarali profilaktika usulidir. Mazkur xastalikning jamiyatda tez tarqalishi va organizmga joylashgan virusga qarshi sa'y-harakatlarning murakkabligi hisobga olinsa, emlashning ahamiyati ortadi. Vaksinaning jamiki oldini olish usullaridan ustunligi shundaki, u organizmga kirsa ham, virusning ma'lum shtammlaridan himoya qiladi. Qolaversa, gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etish, qo'llarni yuvish va grippga chalinganlar bilan munosabat o'rnatmaslik orqali virusning organizmga hujumini “kesish” muhimdir.

    Grippga qarshi vaksinalar har qanday yoshdagi, ham bolalar, ham kattalar tomonidan ishlatilishi mumkin. Vaksinalardan foydalanish haqiqatan ham nojo'ya ta'sirlarning rivojlanishiga olib kelishi mumkin, ammo tibbiy texnika ko'magi bilan jarayon pasayadi. Vaksina sifati va ozuqaning tozalanish darajasi ham rol o'ynaydi. Umuman olganda, emlashning foydalari potensial zarardan ancha baland.

    Grippga qarshi emlash har yili o'tkaziladi. Bundan tashqari, ommaviy emlash epidemiya ehtimolini kamaytiradi, chunki emlangan kishi kasallikni yuqtirmaydi. Gripp virusining jadal tarqalish qobiliyatini inobatga olgan holda, ommaviy emlash sog'liqni saqlash tizimida ustuvor yo'nalish sanaladi.

    Kimlarni emlash kerak?

    Har kimga emlash tavsiya etiladi va ixtiyoriydir, lekin ayniqsa:

    • Bolalar (olti oydan keyin) va qariyalar, chunki gripp ularga xavflidir.
    • O'quvchilar va talabalar, ular juda ko'pchilik bilan aloqada bo'lganliklari uchun.
    • Doimo odamlar bilan ishlashga majbur bo'lgan kattalar: tibbiyot xodimlari, o'qituvchilar, sotuvchilar va hokazo.
    • Surunkali kasalliklarga chalinganlar, boisi gripp boshqa xastaliklar bilan to'qnashganda salbiy oqibatlarga yetaklaydi.

    JSST homilador ayollarga emlashni buyurmaydi. Axir gripp emlashlardan farqli o'laroq, homilaga zarar tegishi mumkin.

    Emlash qoidalari va oqibatlari

    Emlanilganda quyidagi asoratlar yuzaga kelishi mumkin:

    1. Bakterial tipdagi o'pkaning yallig'lanishi. Agar isitma besh kundan ziyod vaqt davomida tushmasa, bu pnevmoniya signalidir. 2. Immunitet pasayishi. 3. Sinusit. 4. O'tkir otit vositasi. 5. Soxta krup. 6. Miyozit. 7. Meningit. 8. Surunkali nafas olish muammolarining kuchayishi.

    Emlash bepul, pulli va passiv bo'lishi mumkin. Maktablar, bog'chalar va klinikalar hokimiyat tarafidan ajratilgan mablag' evaziga vaksinalarni sotib olishadi. Ba'zi ish beruvchilar esa bepul emlashni ta'minlaydilar. Emlashlar xususiy klinikalarda haq evaziga to'lanadi, narxi preparat va xizmat narxiga bog'liq.

    Bolalarga e'tiborli bo'lish lozim

    Soddaroq va ochiqroq aytganda, vaksinadan maqsad organizmga shu kasallikni ozgina dozada yuborib, uni tanib olishi va qayta tushganida faol kurashishdir. Demak, vaksina qabul qilganda yengil gripp alomatlari kuzatiladi. To'g'risi, vaksinaning ziyon jihatlari ham ayon va uni avvaldan aniqlash ilojsiz. Vaksina yoqmagan va immuniteti sust bolalar allergiya yoki gripp bilan bezovtalanishi mumkin.

    Har qaysi organizm har xil va tashxisi individualdir. Bolalar masalasiga qisqacha to'xtalsak, vaksina sog'lom, shamollashi yo'q o'g'il-qizlargagina mumkin. Vaksina olgach, jajji farzandlarni imkon qadar 5-6 kungacha ehtiyotlash zarur, xususan, sovuq suvdan va muzdek ichimliklardan. Agar isitma ko'tarilsa, “Paratsetomol” yoki “Ibufen” ichirilsin. Vaziyat jiddiylashsa, darrov oilaviy vrachlik punktiga murojaat etish va bolalar shifoxonasiga uchrash darkor.

    Sanjarbek ABDURAHMONOV,

    Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi

    Namangan filiali bolalar anesteziologiya-reanimatologiya bo'limi vrach ordinatori