Ham kredit, ham aliment to'lashda maosh qanday bo'linadi?

    Qonun xujjatlariga ko'ra, aliment va kredit majburiyatlari bir biridan farq qiladi

    Savol: Ukam bolasiga aliment to'laydi. Bo'ynida kredit qarzi ham turibdi. Bunday vaziyatda ikkisini ham to'lash uchun maosh qanday bo'linadi? Aytishicha, aliment to'layotgani uchun kredit qarzini to'lashga mablag'i etmayotgan ekan yoki sudga kredit hujjatlarini taqdim etishi kerakmi?

    Javob: Qonun xujjatlariga ko'ra, aliment va kredit majburiyatlari bir biridan farq qiladi. Dastlab aliment majburiyatlariga to'xtalib o'tish lozim bo'ladi.

    O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, ota-onalar o'z farzandlarini voyaga etgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekanligi, ota-onaning voyaga etmagan bolalariga, shuningdek, voyaga etgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta'minot berishi shartligi belgilangan.

    Oila kodeksining 99-moddasiga asosan, agar voyaga etmagan bolalariga ta'minot berish haqida ota-ona o'rtasida kelishuv bo'lmasa, ularning ta'minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun – to'rtdan bir qismi; ikki bola uchun – uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun – yarmisi miqdorida undiriladi.

    Aliment to'lash haqidagi sud qarorlarini ijrosini ta'minlash qonun bilan Majburiy ijro byurosi zimmasiga yuklatilgan.

    E'tiborlisi, aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun qonun bilan javobgarlik belgilangan. Jumladan, Oila kodeksining 116-moddasiga asosan voyaga etmagan yoki voyaga etgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment to'lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo'yin tovlagan shaxslar ushbu Kodeksning 79-moddasiga asosan ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

    Aliment to'lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e'tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko'paytirilishi mumkin.

    Qayd etilgan Kodeksning 105-moddasi talablariga ko'ra, aliment to'layotgan ota-onaning boshqa voyaga etmagan bolalari bo'lib, undan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirilganda o'sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan moddiy jihatdan kamroq ta'minlanib qoladigan bo'lsa, shuningdek aliment to'layotgan ota (ona) nogironligi bo'lgan shaxs bo'lib, moddiy jihatdan qiynalib kelayotgan bo'lsa yoki aliment olayotgan shaxs mustaqil daromadga ega bo'lgan taqdirda, aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.

    Bunda aliment to'lovchining krediti borligi farzandiga to'layotgan aliment miqdorini kamaytirishga asos bo'lishi nazarda tutilmagan.

    O'z navbatida, kredit majburiyatlari taraflar o'rtasida ularning ixtiyoriy roziligiga asosan tuzilgan kredit shartnomasidan kelib chiqadi. Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga asosan fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar. Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo'l qo'yilmaydi, shartnoma tuzish burchi ushbu Kodeksda, boshqa qonunda yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

    Bundan ko'rinadiki, kredit shartnomasini shaxs o'z ixtiyori bilan imzolaydi va ushbu shartnoma bo'yicha majburiyatlarni o'z roziligi bilan qabul qiladi. Shundan kelib chiqib kredit to'lovlari bo'yicha majburiyatlarni bajarish aliment to'lovchi shaxs uchun qiynchilik tug'diradigan bo'lsa, kredit shartnomasiga tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritishni so'rab kredit beruvchiga murojaat qilishi yoki shartnomani bekor qilish haqida sudga da'vo kiritishi lozim bo'ladi.

    Olimjon Kariev,

    fuqarolik ishlari bo'yicha Mirzo Ulug'bek tumanlararo sudi sud`yasi