Aytilsa ham “Hech kim bilmasin”, “Birovning xabari boʻlmasin”, “Tagʻin tarqalib ketmasin” , “Tilingga mahkam boʻl” tarzidagi gaplar aytiladi. Sir boʻlsa, nega uni hamma biladi? Chunki bu dunyoda har bandaning ishi boshqasiga tushadi.
Qopchigʻingni boʻshatib, choʻntagingni yigʻlatsa ham oʻzingni yugurtirmay ishingni bitiradigan narsa aynan shu boʻlgani uchun uning borligidan hamma xabardor. Kimdir “soqqa”, yana kimdir “shapka”, “qalpoq” deb nomlaydigan (bundan ham boshqa nomlari bor, qizigʻi shundaki, har bir soha oʻzidan kelib chiqib, unga turli-tuman nom qoʻyadi) bu narsaning pora (turk qardoshlarimiz uzrimizni qabul qilishar, chunki ular muomalalaridagi pulni shunday ataydilar) ekanini allaqachon sezdingiz. Qaysidir eʼtirozchi doʻstimiz: “Yov qochsa, botir koʻpayar” qabilida ish qilyapsiz. Bugun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi butun bir tizim ishlayapti. Korrupsiyani jilovlaydigan qonunlarimiz orqamizda togʻday boʻlib turibdi”, deya gapimni ogʻzimdan olishga harakat qilayotganiga ham shubha yoʻq. Aslida ham shunday. Gapimning avvallari koʻproq oʻtgan zamonga tegishli. Lekin yaqinda bir janobning radio toʻlqinlari orqali bergan intervyusi qulogʻimga tushdi.
U yurtimizdan uzoqda turib: “Besh-oltita imorat, besh-oltita yoʻl qurilgani bilan Oʻzbekiston yangi Oʻzbekiston boʻlib qoladimi?”, deya koʻr-koʻrona aytib yubordi. Mayli, biz keyingi yillarda qurilganlarini va bu qurilganlar yillar davomida yelkasi oftob koʻrmaganlarning yuzlarini kuldirganini sanab oʻtirmaylik. Bu haqiqatni faqat biz emas, olis-yaqinlar ham koʻrib, tan olib turibdi. Oʻtgan kun bilan bugunni qiyoslab ishonarli xulosalar chiqarish uchun bittagina tushuncha doirasida fikrlasak ham, bu janobga haqli raddiya boʻlishga arzirli koʻp narsa ayon boʻladi. Yana ham aniqroq qilib aytsak, Oʻzbekistonning nima uchun yangi Oʻzbekistonga aylanib borayotganini tushunmaganlarga tushuntirib qoʻysa boʻladi. Masalan, yuqorida soʻz boshlaganimiz korrupsiya sohasini olaylik. Oʻtgan asrning oxirlariga kelib bu illat shu qadar ildiz otib, tomir yozib ketdiki, hatto bu borada noroziliklar boʻlganida (yeng ichida, albatta) katta minbarlardan baʼzi insonlar tomonidan “Qaysi davlatda pora yoʻq ekan? Qani, menga shunday bir mamlakatni koʻrsatinglar-chi” tarzidagi gaplar ham yangradi.
Bunday gaplar poraxoʻrlikka “oq yoʻl”day tuyuldi, shekilli (aslida bu ming bir sababning biri, xolos), bu maraz illatning qanoti yozilib ketdi. Ayniqsa, oliy oʻquv yurtlariga kirish bozordagi savdo-sotiq koʻrinishini oldi. “Manavi institutning stavkasi buncha ekan, bunisiniki esa buncha”... Abituriyent bilan (toʻgʻrirogʻi, ota-onasi bilan) domlalar orasida oldi-berdi masalasida vositachilik qiladigan olgʻirlar paydo boʻldi. Ularning oʻz jargonlari ham tugʻildi. Bittasi — “Oʻqchi”... Miyasi zoʻr ishlaydigan talaba yoki oʻz kallasi bilan dissertatsiya yozayotgan aspirant (nimaga “oʻz kallasi bilan” deganimni maqolaning davomida izohlayman) besh-oltita talabgor bilan shartlashadi. Ular bilan birga oʻqishga kirish uchun hujjatlarini topshiradi. Kimlardir ularning bir guruhga tushishini (bekorga emas, albatta) taʼminlaydi. “Oʻqchi” oʻziga tegishli test varaqasiga qoʻlini ham tekkizmaydi, chunki bunga ulgurmaydi ham. Gardaniga olganlarni esa ishlab chiqadi. Baxti chopib, oʻqishga kirib ketsa, mandatdan soʻng “oʻqchi”lar pulini oladi.
Ish shungacha yetdiki, kirish uchun belgilangan pulni toʻlagan abituriyentlarning baʼzilari hatto imtihonga ham kirmay qoʻya qoladigan boʻldi. Uning oʻrniga oʻsha “oʻqchi”lar kirib ishni bitirib chiqadigan boʻldi. Natijada oliy oʻquv yurtlari talabalari orasida savodsizlik shu qadar avjga chiqdiki, bir gal: “Oʻzbek maktabini bitirgan bola qanday qilib yevroguruhda oʻqiyapti, tagʻin bu oliygohda qiyindan-qiyin fanlar oʻqitilsa”, deb ajablanganimda, suhbatdoshlarimdan biri: “E, opa, hozir bitta qurigan yogʻochni stulga mixlab, “shu oʻqiydi” desangiz, puli boʻlsa oʻqiyveradi. Hech kim uni “Bu — yogʻoch, odam emas”, deb kesib tashlamaydi”, degan edi.
Talabalarni bir chetga qoʻyib turaylik, dissertatsiyasini birovga pul evaziga yozdiradigan yasama “olim”lar ham paydo boʻldi. Oʻsha “olim”lar bir amallab mansab kursisiga minib olgach, dissertatsiya yoqlashning oʻzi — taqriz yozib berish, himoya payti opponentlik qilish — hammasini pulga chaqadigan boʻlishdi. Oʻz kuchi bilan milliy gʻoya mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yozgan bir singlimiz yoqlash arafasida kinoya bilan gapirgan edi: “Nuqul kelib-ketaveribman, Qarshi — Toshkent orasida qatnayveribman, domlam, “uningizni tuzating”, deb bir qaytaradi, “buningizni oʻnglang”, deb ikki qaytaradi. Axiyri mendan oldin himoya qilgan bir doʻstimdan maslahat soʻradim. “Shuncha yoshni qayerda yashab yuribsiz, oydan tushganmisiz, nima balo? “Qistir-qistir” ashulasini aytib kirib bormaysizmi domlangizning huzuriga, bitmagan ishlaringiz tomoqdan sariyogʻ oʻtgandek silliq bitib ketadi”, dedi. Aytganini qilgandim, uch yil sudralgan ishim ikki haftada bitdi”.
Mana shu ikki ogʻiz gapdanoq nomzodlik, doktorlik uchun yozilgan ilmiy ishlar himoyasida nimalar tosh-tarozu qilib baholanganini bemalol bilib olsa boʻladi.
Pora oʻrab, chirmab tashlamagan birorta soha qolmadi. Oʻqishni tugatgach, ishga kirish — pora. Xizmat vazifasidan koʻtarilish ham shu. Mukofot, unvonlarga sazovor boʻlish “soqqa” bilan. Bolangni tuzukroq bogʻcha yoki maktabga berishning ham yeng ichida toʻlovi bor. Shifoxona, tugʻuruqxonalar... Koʻzi yorishga kirayotgan juvonlar navbatchi shifokor goʻdagini eson-omon dunyoga keltirib berishi uchun ataganini roʻmolchaga tugib bilagiga bogʻlab kiradigan boʻldi.
— Bilagida boylangan roʻmolchasi boʻlmasa, navbatchi shifokorning ensasi qotardi. “Savobga ekan, sen bora qol”, deb meni dard tutayotgan ayolning yoniga yoʻllardi, — degan edi bir paytlar poytaxtdagi nomdor tugʻuruqxonalardan birida ishlayotgan doya-hamshira.
Xullas, oʻsha yillari kasbim taqozosi bilan qaysi kasb egalari bilan suhbatlashib, ularning hayotiga chuqurroq kirsam, poraxoʻrlik masalasi bir togʻora balchiqqa oʻxshab chiqib kelaverardi. Yangi mashina olish uchun garaj mudiriga pora, uzatayotgan qiziga xorij mebelini xarid qilishga doʻkon mudiriga pora... Hatto paxta, pillasini yaxshiroq navga oʻtkazish uchun punktdagi tegishli shaxslarga uzatmasa, mahsulotining qiymati koʻtarilmaydi...
“Siz oʻsha paytda ham jurnalist edingiz, qoʻlingizda qalamingiz bor edi, nufuzli bir jurnalda ishlar edingiz, nimaga bu illatni fosh qilib tashlamagansiz?” degingiz kelib turganini his qilyapman. Oʻzimni judayam oqlamoqchi emasman-u, lekin urinib koʻrganman. Bir yozganim manzilsiz, ism-familiyasiz boʻlib chop etilgan. Shundayam hamkasblarimdan yaxshigina olqishlar eshitganman. Yana bir uringanimizda — tahririyatga yuborilgan yozma shikoyatni tekshirib, tilxat olib, imzo toʻplab yurganimizda, ustidan shikoyat qilingan sudyaning odamlari biz ikki ayol jurnalistni itga talatmoqchi boʻlgan. Bir keksa muallimning qoʻrasiga kirib jon saqlab qolganmiz. Jon uchun, oila uchun, ayniqsa, farzandlar uchun qoʻrquv tuygʻusi hech kimga begona emas, shu jumladan, mengayam. Yana oʻzimga qaytib oʻtlab ketmadimmi? Aslida, yozmishlarim yangi Oʻzbekiston maydoniga tobora begonalashayotgan, uzoqlashgan sari mamlakatimiz havosi musaffo boʻlib borayotgan poraxoʻrlik degan baloi azim haqida edi.
Ikki-uch yildan buyon oʻgʻil-qizlari maktabni bitirayotgan ota-onalar qalbida “Yaxshi oʻqisa, albatta, oliygohga kiradi”, degan ishonch paydo boʻldi va bu ishonch yildan-yil mustahkamlanib boryapti.
Chunki poraxoʻrlikka qarshi qudratli qonunlarning ishlay boshlagani bu illatning tomiriga bolta urayotgan bir omil boʻlsa, yana bir omil (bu — asosiysi) fuqarolarning mehnatiga yarasha haq toʻlanayotgani. Maoshlar salmoqli darajada oshayotgani. Huquq-tartibot xodimlari, maorif, maʼnaviyat sohalari, tibbiyot va boshqa yoʻnalishlarda ish haqining bir necha bor koʻtarilgani jamiyatimiz ob-havosini tozalayotgani, poklayotgani, hatto nafsi hakalak otgan bandalarning ham nafsini jilovlayotgani bor gap. Korrupsiyaning yoʻliga toʻsiq qoʻyayotgan asosiy omillardan yana biri — yaratilayotgan sharoitlar tufayli turli yosh, turli kasbdagi aholining tafakkur tarzi yuksalayotgani. Deylik, maktablarda oʻqish sifati yaxshilanyapti, demak, oʻz kuchiga ishonib oliygohga hujjat topshirgan abituriyent kirish uchun tuguniga pul tugib yugurmaydi. Juda bali pastlik qilsa, superkontrakt degan gaplar bor, pulini ochiq-oshkor, hech kimdan panalanmay davlatga toʻlaydi. Homilador ayol ham tugʻruqqacha bir necha bor tibbiy tekshiruvdan oʻtib, kerak boʻlsa davolanib, (agar shu tekshiruvlardan oʻtib, zarur boʻlsa, muolaja olmasa, shifokori unga tugʻuruqxonaga yoʻllanma bermaydi) oʻzi dunyoga keladigan chaqalogʻining sogʻlomligiga ishongach, nima uchun bilagiga roʻmolcha tangʻisin? Doʻkonlarimizda oʻzimiznikilardan tortib istalgan davlatning mebellari tiqilib yotgan boʻlsa, kim mudirning koʻnglini olish uchun ortiqcha xarajat qiladi? Qaytaga hozir doʻkondorlar xaridorlar atrofida parvona. Maktablarda ham vunderkind bolalar talash: chunki hamma ilm dargohlariga son va sifat boʻyicha baland reyting kerak, reytingi tushib ketsa, maktab iqtisodiga salbiy taʼsir qiladi.
Yaqinda nabirasini bogʻchaga joylashtirishga borgan bir dugonamiz gapirib berdi:
— Kelinim bilan “Yagona darcha”ga bordik. Navbatimiz yetmagan ekan, sekingina “Biror yoʻli yoʻqmi?” deb soʻragan edik, “Yagona darcha”da ishlayotgan ayol: “Hech qanaqa yoʻli yoʻq. Yoʻllar bekilib ketganiga ancha boʻldi. Qachon navbatingiz yetsa, oʻsha arizangizdagi bogʻchaga joylashadi nabirangiz, navbatingiz yetganda oʻzimiz qoʻngʻiroq qilib chaqiramiz”, dedi. Rosti, quvonganimdan koʻzlarimga yosh keldi. Kelinim, “Oyijon, ishimiz bitmadi-ku, nimaga suyunyapsiz?” deb hayron boʻlgan edi, “Bu javoblarga yetgunimcha bu dunyosida ellik yil yashadim, qizim”, dedim. Baribir kelinim mening yuragimdan oʻtganlarni tushunmadi...
Mayli, haq-huquqini tanib, oʻzini oʻzi himoyaga shaylab oʻsayotgan avlodga bizning “bolamga yaxshi qarasin”, deya bogʻchaga sovgʻa koʻtarib chopgan kunlarimiz, biror tashvishimizga yechim topish uchun amaldorlarning qabulxonasida konvert ushlagan qoʻllarimiz titrab oʻtirgan paytlarimiz (qanday berar ekanman, olarmikin, olsa, oz koʻrmasmikin, deb, albatta) butunlay tushunarsiz boʻlsin. Ular “Mamlakatimizda odil qonunlar ishlaydi va biz himoyalanganmiz”, degan ishonch bilan yashasin. Oxirgi kunlarini oʻtkazayotgan, jon taslim qilayotgan poraxoʻrlik sarqitlari ularning tiniq shuurlariga soyasini solmasin...
Ona diyorimizning chindan ham yangilanayotganiga ishonchsiz qaragan va bu haqda oʻylamay gapirib yuborgan janob haqida ham “It hurar, karvon oʻtar” qabilida munosabat bildirishni xohlamayapman, balki bilib-bilmay gapirib yuborgani uchun uyalishini, xijolat tortishini istayman. Bir kishi haqida fikr aytishning qanchalar masʼuliyati bor. Butun bir mamlakat hayotiga munosabat bildirish javobgarligi esa undan ming, million karra ortiqroq. Har kim shu haqiqatni teran his qilib yashagani yaxshi.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi