“...Baxt soʻzin aytaman eldan keyinroq”. Uning har bir satri mana shunday yoniq edi, dardli edi, yukli edi. Uning yozgan har bir soʻzi yuzta soʻzning oʻrnini bosadi. U oddiy soʻzlarni aytmadi. U sheʼrlarida “Vatan”, “Xalq”, “Jasorat”, “Kurash”, “Ozodlik” singari olov soʻzlarni kuyladi. Kuylaganda ham yonib kuyladi, kuyib kuyladi.
“Har bir soʻz yetajak yuzta umrimga”. Shoir tavalludining 70 yilligiga bagʻishlangan kecha shunday nomlandi. Bugun sheʼrlari orqali millatni uygʻotmoqchi boʻlgan shoir – Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Shavkat Rahmon xotirlandi. Foyeda shoirning yuragi urib turgan kitoblari tokchalarga terildi, burgutniki misol nigohlari aks etgan suratlari devorlarga osildi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining katta tadbirlar zali, pandemiyaga qaramay, tinglovchilarga toʻldi.
Kechada Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim shoir bilan bogʻliq xotiralarini yodga oldi. Uning xotirasini abadiylashtirish borasidagi joʻyali, oʻrinli takliflarini bildirdi:
“Shavkatdan bir jildgina kitob qoldi. Ammo uning sheʼrlarini boshqachayam qilib nashr qilish kerak. Tarjimalarini ham jildliklarga qoʻshsa boʻladi. Shoirlarning tarjimasi mualliflik ishiyam sanaladi. Chunki unda sheʼr qayta yaratiladi. Tarjimon yozuvchini tarjima qilganda uning quliga aylansa, shoir shoirni tarjima qilganda uning raqibi boʻladi. Mana shu raqiblikda Shavkatning yutib chiqqan joylari juda koʻp. Garsia Lorkani, ispan sheʼriyatini oʻzbek oʻquvchilariga u tanishtirdi”.
Pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yoʻldosh soʻzga chiqar ekan, shoirning sheʼriyatini chuqur va nozik tahlil qilib berdi. Yigʻilganlar bu nutqni tinglar ekan, adabiyotshunosni bir necha bor qarsaklar bilan olqishladi. U qisqa yashab oʻtgan Shavkat Rahmon umrini ochunni yoritgan shamga qiyosladi:
“Shavkat Rahmon sheʼriyatidagi holatni, poetik ruhni, yukni koʻrib, oʻylaymanki, shoirning oʻzi ham sheʼrdan boshqa til bilan uni tushuntirib berolmasdi. Oʻshanday dard bilan tugʻilgan edi uning sheʼrlari. Sheʼriyatimiz minglab yillik tajribaga ega va nihoyatda silliq, ohangdor. Shavkat Rahmon ohangdor yozmas edi. Uning sheʼrlarida odam tez-tez toʻxtab, qoqilib turadi. U toʻq qofiyadan deyarli foydalanmagan. U hamisha och qofiya bilan yozardi. Buni u atay qilgan boʻlsa kerak deb oʻylayman. Chunki toʻq qofiya odamni ohang bilan allalab qoʻyadi. Natijada shoir sheʼrga yuklagan zalvorni oʻqirman musiqa ohangida payqamay, aldanib qoladi. Shavkat esa u yerga dardni yuklar edi. U soʻz izlamasdi, dard izlardi. Oʻsha dardni yombi qilib, dardning darajasini bera oladigan soʻzlarni qoʻyardi. Ohangdosh soʻzlarni emas, ohangdosh toʻygʻularni izlab yurardi. Ohangdosh mantiqni izlardi. Shuning uchun Shavkat Rahmon sheʼrlarini oʻqib, rohat qilib boʻlmaydi. Shavkat Rahmonday dard bilan yozgan odamning uzoq yashashi mumkin emas edi. U yonib turgan sham edi. Sham qachondir yonib tugashi kerak edi. Uning shami tugadi. U oʻzini yoqib tugatdi... Bundan unga nima manfaat bor edi? U bizni uygʻotmoqchi boʻldi. U millatni izladi, turkni izladi, oʻzbekni izladi... Shavkatday shoirni eslash unga emas, bizga kerak. Biz uchun, bizni oʻylab, bizni deb oʻtgan odamni tanimoq, sirli daftarining varaqlarini ochib oʻqimoq bizga kerakdir”.
Kechada soʻzga chiqqan har bir inson Shavkat Rahmonning goh ijodi, goh hayoti haqidagi hayratlanarli holatlarni soʻzladi. Tabiiyki, yigʻilganlar ruhiyatiga aytilgan soʻzlarning yuki koʻchib oʻtdi.
– “Zulfiqor ruh” bilan 46 yil yashagan mardona shoir Shavkat Rahmon 25 asrlik sheʼriyat xirmoniga oʻzining moʻjaz, ammo zalvorli ulushini qoʻsha oldi, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Shodmonqul Salom. – Uning sheʼri nurli nuqtalarda bino boʻlib, aqlni shoshiruvchi sir va ijodiy ochiq yuzlilik bilan yuraklar mulkiga aylandi, yuqumli boʻldi. Uning yovqur ruhiyati bizga shu sheʼrlar orqali tanish va qadrdondir.
Shavkat Rahmon sheʼri – ichki tartibot, qatʼiy intizom, aniq simmetriya asosida pishiq qurilgan, ildizi millat ildiziga tutashgan soʻzlarni, miyigʻida jilva etgan achchiq iztehzolarni, murosasiz, beshafqat aytimlarni oʻziga sigʻdirgan tirik soʻzlar sheʼridir.
Shavkat Rahmon sheʼri – ranglar toʻqnashuvidan ilhom olib kamalak bichayotgan xayol parilarining soʻzonlari, azim togʻlar xoʻrsiniqlari, shovuriga Sulaymon devlari-da sano aytayotgan ulugʻ va mukarram daryolarning oʻzanlari, jasur nigohlar-u oʻtkir tigʻlarda oriyati yarqiragan vujud va ruh kurashidan barpo boʻlgan nidolar, gurrolar sheʼri.
Shavkat Rahmon sheʼri – tiriklik va tirikchilik tarhu farqi osha tiyrak boqayotgan nigohlarga atalgan, haqiqat haqida yonib, mijmardagi choʻgʻday yalligʻlanib turgan ezgu, kurashchan, yurtparvar, odamiy qalblar sheʼri.
“Sheʼr oʻzicha tugʻilishni istaydi, sen esa unga koʻmak bermoqchi boʻlasan”, deydi ispan shoiri Xuan Ramon Ximenes. Shavkat Rahmon sheʼri – odatiy, koʻnikilgan nazmiy qoliplardan xoli va tilga andak malol holatlari bilanda tabiiy tugʻilgan, kengliklardan kelgan erkinlik sheʼri.
Ruhimni dunyoga qoʻshib oʻstirdim,
Endi tabiatning dono toshiman.
Qalandar shamol ham suygan doʻstimdir,
Har bir chumolining qarindoshiman...Kones formы
Inson umri qancha yashagani bilan emas, qanday yashagani bilan oʻlchanadi. Garchi qirq olti yil umr koʻrgan boʻlsa-da, Shavkat Rahmonning yozganlari hali asrlarga tatiydi, oʻzbek, turkiy adabiyotda oltin boʻlib yonib turadi. Uning yorugʻligi uzoq-uzoq manzillarni yoritadi. U boʻyi baravar kitob yozmadi, ammo millat dardlarini qogʻozga koʻchira oldi, millat qalbining tarjimoniga aylandi. Nazarimda, har bir shoir Shavkat Rahmonday yashashi kerak. Shavkat Rahmonday dunyoni yoritishi kerak. Shavkat Rahmonday xalqini yaxshi koʻrishi kerak. Oʻshanda ular Vatan va Millat oldidagi vazifasini halol uddalay oladi.
Fozil Farhod,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining matbuot kotibi