Mazkur holatlar qayta tiklanmaydigan manbalar muqobilini yaratish, ulardan keng va samarali foydalanishni taqozo etmoqda. Zamonaviy taraqqiyot, ilgʻor izlanish hamda ilmiy ixtirolar resurstejamkor texnologiyalarni joriy etishga keng yoʻl ochayapti. Bunday izlanishlar esa quyosh nurlari yer yuziga faqat yorugʻlik tarqatadi, degan tushunchaning tor ekanini koʻrsatadi. Zaminimizni charogʻon qilayotgan yogʻdular ayni paytda aholi xonadonlari, ishlab chiqarish quvvatlarini ekologik toza energiya bilan taʼminlayotganiga guvoh boʻlib turibmiz.
“Yashil energetika”ning asosiy vazifasi nima, degan savol tugʻiladi. Javobi esa oddiy, eng avvalo, energetika sohasi orqali iqtisodiy yoʻnalishlarni bir maromda ushlab, aholiga sifatli elektr energiyasi yetkazib berish.
Global isish, iqlim oʻzgarishlari, tabiiy boyliklarning tugashi bilan bogʻliq muammo va munozaralar yuzaga kelgan bir paytda, rivojlangan hamda rivojlanayotgan davlatlar geotermal suv va shamol kabi qayta tiklanadigan energiya tizimiga oʻtishni allaqachon boshlab yuborgan. Bundan koʻzlangan yagona maqsad — atmosfera ifloslanishining oldini olish hamda muqobil resurslardan oqilona foydalanish, elektr xavfsizligini taʼminlash.
Maʼlumotlarga koʻra, Shveysariya energiyasining yarmidan koʻpi gidroelektrstansiyalardan, qolgani atom energiyasidan olinadi. Bu esa atmosfera tozaligini saqlab, karbonat angidrid gazining ulushini kamaytiradi. Yana bittasi gidrokumulyativ energiya. U energiyani uzoq vaqt toza shaklda saqlashga imkon beradi. Bunda suv yuqoriga koʻtariladi va u pastga tushish jarayonida elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Qayta tiklanuvchi energiya sohasi rivojlanishida uch mezon bor — oʻlkaning geografik joylashuvi, tabiiy resurslarning qay darajada mavjudligi, mamlakatning moliyaviy imkoniyati. Bu hammaning qozoni bir xil qaynamaydi, degani. Masalan, Islandiya geotermik — yer bagʻridagi issiqlikdan foydalanish borasida ulkan salohiyatga ega boʻlsa, Italiya va Ispaniya quyosh energiyasi boʻyicha ilgarilab ketgan. Daniya, Niderlandiya va Germaniya shamol energiyasidan foydalanishda Yevropa Ittifoqida yetakchi.
Maʼlumki, aholi sonining oʻsib borishi inson kapitali salmogʻi ortishi, shu bilan birga, tabiiy resurslarning kamayishiga olib keladi. Bu, oʻz navbatida, soha mutaxassislarini yangi energiya manbalarini aniqlash, kreativ gʻoyalar kashf qilishga undaydi. Taʼkidlash kerakki, respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni yanada rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Soʻnggi yillarda sanoat tarmoqlariga “Yashil iqtisodiyot” tizimini joriy qilish, ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, innovatsion taraqqiyotni jadallashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha keng koʻlamli ishlar bajarilmoqda.
Jumladan, taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish boʻyicha vazifalar belgilangan. Bunda, 2026-yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻrsatkichini qoʻshimcha 30 milliard kilovatt-soatga oshirib, jami 100 milliard kilovatt-soatga yetkazish koʻzda tutilgan. Bu shunchaki raqamlar emas. Energiyaning bir turidan foydalanishda yangi imkoniyatlarni ishga solsak, boshqa bir turining tejalishiga erishamiz. Masalan, 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish mumkin. Endi taraqqiyot strategiyasi doirasida 2026-yilga borib Oʻzbekistonda umumiy quvvati 8 ming megavattga teng quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilgandagi foydani hisoblasak, tasavvurimiz yanada boyiydi.
600 milliard kilovatt-soatlik elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoni
Yilning deyarli uch yuz kuni quyoshli sanaladigan yurtimizda muqobil energiyadan foydalanish imkoniyati juda katta. Yaʼni iqlim sharoitimiz quyosh stansiyalarini qurish orqali jami 600 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu — bugungi kunda Oʻzbekistonning energiyaga boʻlgan jami ehtiyojidan 8 barobar koʻp. Anglaganingizdek, imkoniyatdan oʻrinli foydalansak, sohada kuzatilayotgan muammolar haqida gapirishga oʻrin ham qolmaydi.
Namangan davlat pedagogika institutida barcha taʼlim yoʻnalishlari talabalari uchun “Iqlim oʻzgarishi va ekologik moslashuv” mavzusidagi maxsus kurs joriy etilib, yetakchi mutaxassislar tomonidan ularga yuz berayotgan tabiiy, antropogen taʼsirlarning oʻzgarishi va ortib borishi, biosferaning ekologik oqibatlari natijasida iqlim oʻzgarishi, tabiiy va ishlab chiqariladigan energiya resurslaridan oqilona foydalanish kabi global, mintaqaviy va mahalliy muammolar toʻgʻrisida bilim beriladi. Isteʼmol qilinayotgan elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun koʻmir, neft va gaz kabi qimmatbaho resurslar koʻplab miqdorda sarflanishiga alohida eʼtibor qaratilib, bu turdagi energiya manbalari nechogʻli qimmatbaho mahsulot ekani tushuntirib boriladi.
Shuningdek, taʼlimning barcha bosqichlarida tabiiy resurslarni muhofaza qilish va undan samarali foydalanishning pedagogik mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilinadi.
Elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj muassasaning oʻzida qoplanmoqda
Namangan davlat pedagogika instituti dotsenti Baxtiyor Kamolov muallifligida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida taʼlim olayotgan boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun ona tabiatni asrash va mavjud tabiiy resurslarni muhofaza qilishga oid bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan “Ekologik alifbe” nomli elektron uslubiy qoʻllanma tayyorlanib, oʻqituvchilarga metodik ishlanma sifatida taqdim qilingan.
Quvonarlisi, institutimiz qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan unumli tarzda foydalanmoqda. Jumladan, joriy yilda institutning asosiy oʻquv binosiga 108 kilovatt va talabalar turar joyiga 36 kilovatt, umumiy 144 kilovattli muqobil energiya manbalari oʻrnatildi. Talabalar turar joyiga oʻrnatilgan quyosh panellari kuniga oʻrtacha 220–240 kilovatt, asosiy oʻquv binosiga oʻrnatilgan 108 kilovattli quyosh panellari esa kuniga oʻrtacha 660–680 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda. Bu bilan taʼlim muassasasining ehtiyoji toʻla taʼminlanyapti.
Endilikda institut oʻz isteʼmolidagi elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatiga egaligi unga sarflanadigan mablagʻ tejalishiga zamin yaratmoqda.
Energetika tizimini rivojlantirish, isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash davlatimiz belgilab olgan vazifalarning eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Yil sayin energiyaga boʻlgan ehtiyoj tobora ortib borayotgani aslida ham shunday boʻlishi kerakligini koʻrsatadi. Bu esa, oʻz navbatida, sohaga energotejamkor, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, energiya ishlab chiqarish va foydalanishda oqilona hamda samarador yoʻllarni izlab topishni taqozo etmoqda.
Elektr energiyasi ishlab chiqarishning qariyb 75 foizi kam emissiya manbalaridan olinsa...
Mamlakatimizda elektr energiyasining 85 foizi yer osti uglevodorod yoqilgʻilaridan olinadi, yer usti energiya manbalaridan olinadigani esa bor-yoʻgʻi 15 foiz. Xalqaro energetika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2030-yilga borib chiqindilarni 40 foizga qisqartirish uchun global elektr energiyasi ishlab chiqarishning qariyb 75 foizi kam emissiya manbalaridan olinishi kerak boʻladi. Yaʼni, muqobil energiyadan foydalanishni qanchalik ommalashtirsak, ekologik muammolarni ham shunchalik tez bartaraf etamiz.
Insonning tevarak-atrof, jumladan, energiya isteʼmoliga munosabatining asosi ham bolalik davrida qoʻyiladi. Agar u uyda ham, taʼlim muassasasida ham kattalarning yoritish va isitish tizimiga, suvdan foydalanishda tejamkor munosabatini koʻrsa, sinfda, kundalik turmushida ham shunday koʻnikmani oʻzlashtiradi.
Afsuski, koʻpchilikda tabiiy resurslar guyoki tuganmas boylik boʻlib, fuqarolarning energetik xavfsizligi faqat davlat zimmasida, degan notoʻgʻri qarash shakllangan. Biz energiya resurslari cheklangani va unga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishimiz kerakligini muntazam oʻrgatib borishimiz zarur. Energiyani tejash inson faoliyati, kundalik turmush tarziga singishi va hatto, qadriyat sifatida shakllanishi lozim.
Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi besh yilda yurtimizda xonadonlar 1,2 milliontaga, korxonalar soni esa 260 mingtaga koʻpaygan. Agar xonadonlar, taʼlim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalarining “oʻz quyoshi” boʻlsa, elektr isteʼmolining yildan-yilga oshib borayotgani, resurslar qisqarib borishi va qimmatlashishi tashvishli holatga aylanmaydi.
Murodxon QODIRXONOV,
Namangan davlat pedagogika instituti rektori v.v.b.