Еrkinlik va farovonlik g'oyasi xalqni birlashtiradi, ezgu maqsadlarga da'vat etadi. Prezidentimizning “O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o'ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni yuqori saviyada o'tkazish to'g'risida”gi qarori bilan erkinlik va farovon yashash g'oyasi shior sifatida tanlanganida ham chuqur ma'no-mazmun mujassam.
Aytish kerakki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Odamlar kelajakda emas, bugun baxtli yashashi kerak” degan g'oya va qariyb besh yil davomida ushbu ezgu tashabbusni amalda ro'yobga chiqarish borasida kechayotgan ulkan islohotlar jamiyatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko'tarishda muhim asos bo'lmoqda.
Davlatimiz rahbarining qat'iy siyosiy irodasi bilan mamlakatimiz demokratik taraqqiyot yo'lidan dadil ildamlab borayotir. Prezidentimiz tashabbusi asosida xalq bilan bamaslahat ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasining asosiy maqsadi ham xalqimizni tom ma'noda baxtli qilishdan iborat ekanini alohida ta'kidlash lozim.
O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasi asosida davlat va jamiyatda kechayotgan kuchli modernizatsiya jarayoni barcha sohada yuksalish to'lqinini yuzaga keltirdi. Bu dunyo hamjamiyatining ham keng e'tirofiga sazovor bo'layotgani xalqimizni yanada ruhlantirib, barchamizni yangi marralar, ulkan maqsadlar sari undamoqda.
Muhimi shundaki, bugungi hayotimizdagi tarixiy o'zgarishlardan, eng avvalo, xalqimiz bahramand bo'lmoqda. Odamlarning hayoti va kundalik turmush sharoiti yaxshilanib, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanib bormoqda. O'z vaqtida “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o'rganish markazining tegishli so'rovnomasida ishtirokchilarning 83,5 foizi, ya'ni aksariyati Harakatlar strategiyasini o'z vaqtida qabul qilingan hujjat, deb hisoblashini bildirgan edi.
Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo'nalishi davlat va jamiyat rivojlanishida, tom ma'noda yangi O'zbekiston bunyod etilishida beshta tayanch ustun vazifasini o'tamoqda. Oxirgi yillarda ana shu muhim tayanchlarni mustahkamlash bo'yicha ulkan, strategik islohotlar amalga oshirilmoqda.
Birinchidan, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, “elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish yo'nalishidagi tub o'zgarishlarni xalqimiz o'z hayotida sezmoqda.
Ikkinchidan, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ma'muriy, jinoyat, fuqarolik va xo'jalik qonunchiligini takomillashtirish, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash yuzasidan katta yutuqlarga erishildi.
Uchinchidan, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, fuqarolarning iqtisodiy faol bo'lishga intilishini izchil qo'llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi vazifalar ijrosi amaliy natijalarda ko'rinmoqda.
To'rtinchidan, ijtimoiy sohani rivojlantirish yo'nalishi bo'yicha aholi bandligi va real daromadlarini uzluksiz oshirib borish, ijtimoiy himoya va sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirish, arzon uy-joylar barpo etish, ta'lim, madaniyat, ilm-fan, san'at va sport sohalarini zamon talabi darajasida yuksaltirish uchun katta resurslar yo'naltirilmoqda.
Beshinchidan, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik ta'minlanmoqda, o'zaro manfaatli tashqi siyosat yuritilmoqda, ahil qo'shnichilik muhiti yuzaga kelib, shaxs erkinligiga intilish bo'yicha O'zbekistonning xalqaro nufuzi mustahkamlanmoqda.
SHu o'rinda strategiyaga muvofiq birgina ijtimoiy sohani rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlardan ayrim misollarni keltirish maqsadga muvofiq bo'ladi.
Parlamentda uzoq muhokamalardan so'ng qabul qilingan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun ijtimoiy sohaning alohida muhim yo'nalishini yangi darajaga ko'tarib, tizimlashtirishda katta ahamiyat kasb etadi. Bu qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj 700 ming nafardan ortiq yurtdoshimizning huquqi va manfaatlari himoyalanishiga xizmat qiladi.
2020 yilda qabul qilingan yana bir muhim hujjat “Aholi bandligi to'g'risida”gi qonundir. Mazkur qonunda bugungi mehnat bozori talablari hisobga olingan, yangi tushuncha va me'yorlar kiritilgan, fuqaro hamda xodimlarga ko'plab imkoniyatlar, ish beruvchiga esa imtiyozlar yaratilgan, to'g'ridan-to'g'ri amal qiluvchi me'yorlar aks etgan.
Bundan tashqari, joriy yilda “Ta'lim to'g'risida”gi, “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to'g'risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi. Oila va Mehnat kodekslari, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga aholining alohida zaif qatlamlarining ijtimoiy himoyasi darajasini oshirish bilan bog'liq o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, partiyamiz elektorati manfaatlarini ta'minlash bo'yicha amaliy jihatdan ham tizimli ishlar hayotga tatbiq etilmoqda. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq murakkab vaziyat mazkur yo'nalishdagi ishlar ahamiyatini yanada oshirdi. Bu yil ijtimoiy nafaqa bilan ta'minlanadigan aholi soni qariyb 1,5 barobar ko'paydi. Yil yakuniga qadar ularning soni 774 mingdan 1 million 200 ming nafarga etkazilishi belgilandi. Ijtimoiy himoya bo'yicha yagona reestr tizimi bosqichma-bosqich yo'lga qo'yilmoqda.
Muhofazaga muhtoj qatlam bilan manzilli ishlash maqsadida “temir daftar”, ayollar va yoshlar uchun alohida-alohida daftarlar yuritilib, ularga manzilli yordam ko'rsatish dolzarb vazifa sifatida belgilandi.
YUrtimizda demokratik islohotlar mazmun va ahamiyatiga ko'ra butunlay yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Ko'ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, so'z erkinligi tamoyillari ta'minlanmoqda. Parlamentning, siyosiy partiyalarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun saylovoldi dasturida belgilangan g'oyalarni ilgari surish, elektorat manfaatlari nuqtai nazaridan qonunchilikni takomillashtirish, dasturiy ustuvor yo'nalishlari bo'yicha hukumat, mutasaddi tashkilotlar oldiga masalalar qo'yish borasidagi huquqlari amalga oshmoqda.
“Yаngi O'zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida 2019 yilda parlamentning quyi palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bo'lib o'tgan saylovdan keyin vakillik hokimiyati imkoniyatlari, vakolatlari kengaydi. Qonunchilikka juda muhim o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Bu yil ilk marta butun hukumat tarkibi, barcha vazirlik va respublika idoralari rahbarligiga nomzodlar parlament tasdig'idan o'tishi bo'yicha amaliyot joriy etildi. Deputatlar, siyosiy partiyalar fraktsiyalari strategik yo'nalish va vazifalar bo'yicha nomzodlarning pozitsiyasi, fikr-mulohazalarini bilish imkoniyatiga ega bo'ldi, o'z savollariga javob olib, takliflarini ham bildirdi. O'ylaymizki, bu amaliyot hali rivojlanishda davom etadi.
Prezidentimiz deputatlar, xalq vakillari bilan bamaslahat ish tutish, ularning takliflarini tinglab, qo'llab-quvvatlash bo'yicha respublika va mahalliy darajadagi rahbarlarga alohida ibrat ko'rsatmoqda. Bu mahalliy kengashlar faoliyatiga ilg'or demokratik tamoyillar joriy etilishi, deputatlar orqali mahalliy hokimliklar va o'sha hududlardagi aholi o'rtasida amaliy muloqot, qayta aloqa muhiti yuzaga kelishida dolzarb ahamiyatga ega ekanini alohida ta'kidlash joiz. Bularning barchasi “davlat xalq uchun xizmat qilishi shart” degan strategik vazifa ro'yobga chiqishiga asos bo'ladi.
Qayd etish lozimki, 2020 yil murakkab sinovlarni engib o'tish bilan birga O'zbekiston davlatchiligiga ilg'or demokratik tajriba, tartib-taomillarni joriy etish yili ham bo'lib tarixda qolmoqda.
Mustaqilligimizning 30 yillik tantanalari oldidan ilgari surilgan “Yаngi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g'oyasi jamiyatning barcha qatlamlari o'rtasida hamjihatlik, xayrixohlik muhitini kuchaytirmoqda. SHularga tayanib, kirib kelayotgan 2021 yil xalqimizning qo'llab-quvvatlashi, ezgu niyatlari bilan yanada unumli va barakali yil bo'lishiga ishonamiz.
Ulug'bek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o'rinbosari