Komil shaxs tarbiyasi doim dolzarb boʻlgan. Dunyoning bugungi qiyofasi ana shu komil shaxsni tarbiyalashda bir qator muhim vazifalarni oldimizga qoʻymoqda. Davlatimiz rahbari: “Bugun faqat mana shunday ilgʻor yoshlarga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yoʻlida birlashgan xalqqa ega boʻlgan davlatgina oʻz milliy manfaatlarini taʼminlashga erisha oladi”, deb bejiz aytmadi.
Maʼnaviyatli inson vatanparvar boʻladi. Buning uchun inson, xususan yoshlar dastlab oʻzligini yaxshi anglashi, tanishi va unga hurmat ruhida oʻsishi kerak. Bugun yoshlar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratilib, mamlakatimizda buning uchun bor kuch va imkoniyat ishga solinmoqda. Shunday vaziyatda ziyolilar oldingi safda turib, oʻzgarishlarga kamarbasta boʻlishi shart. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mediamahsulotlarni maʼnaviy ekspertizadan oʻtkazish zarurligi borasida qatʼiy taklif zamirida ana shunday ezgu niyat bor.
Gap millat maʼnaviyati, yosh avlod tarbiyasi, insoniy qadriyat va fazilatlarni ulugʻlash hamda bu tushunchalarga xurujlarning oldini olish haqida borarkan, albatta, bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlayman. Ochigʻi, bugun internet, ijtimoiy tarmoqlar dunyosiga nazar tashlasangiz, bilimsizlik, saviyasizlik insondagi goʻzal tuygʻularni yemirib, halokatga duchor qilishini his etasiz. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda quyushqonga sigʻmaydigan beparda va beandisha vaysaqilik tobora urchimoqda. Goʻyo qochirim yo yumor oʻrnida aytilayotganday boʻlsa-da, zamirida axloqsizlik boʻrtib turgan bunday sharmsizlikka koʻpimiz koʻnikib boryapmiz. Aqlu hushi joyida, esi bor odam tilga olmaydigan shu taxlit uyatsiz gap-soʻzlarning aytilishi odatiy tus olmoqda. Ayrim rolikchilar yoki vaynerlar atrofida odam toʻplash, ommani oʻziga qaratish uchun sharmandali yoʻlga oʻtib olgan. Bir-biriga kurakda turmaydigan gaplarni aytayotgan sin-sumbati tuppa-tuzuk, biroq botini abgor bunday kimsalarga boqib, bular sanʼat yoki jurnalistikani shallaqilik, sharmsizlik maydoni, nima qilib boʻlsa ham omma eʼtiborida boʻlish vositasi deb tushunishiga shubha qilmaysiz...
Nega bunday boʻlyapti? Nega tilimiz, muomala va fiklashimiz shu darajada tubanlashib bormoqda? Axir tilni insoniylik darajasini belgilovchi, odamni hayvondan farqlab turuvchi eng oliy vosita deb bilamiz-ku. Hazrat Navoiy “Ogʻziga kelganni demak nodonning ishi, oldiga qoʻyganni yemak hayvonning ishi...”, deb bejiz aytmagan. Til, albatta, maʼnaviy tafakkur bulogʻining idrok va eʼtiqod suvidan bahra olishi kerak. U fikrimiz chirogʻini yoqadi hamda millatning qarashini namoyon qiladi. Shunday ekan, “ogʻziga kelganni demak”ka koʻnikib borish millat maʼnaviyatini, oqibatda oʻzini ham ich-ichidan yemiradi. Bunday holatda millat oyogʻida tik turishi, gʻimirlab yuraverishi mumkin, biroq tirik murdadan farqi qolmaydi. Tirik murdaga aylangan millatni esa har qanday mafkuraviy shabada, hatto epkin ham bemalol oʻynatishi mumkin.
Hech ham vahima qilayotganim yoʻq. Sezib turibmiz, faqat qanday chora topishni bilmayapmiz. Alaloqibat oʻzimiz ham koʻnika boshlayapmiz. Goʻyo tubsiz bir chohga, zimiston qaʼriga qulayotgandaymiz. Bu halokatli holat milliy immunitet pasayib borayotgani, oʻzlik, odamiylikka xos fazilatlar davr toʻzonlari ichida yoʻqolib, koʻmilib ketayotgani oqibatidir. Axloq, sharm-hayo, uyat, nomus degan fazilatlarni gumrohlik bozorida sotish ham odatiy tus ola boshladi. Bu bozorda ayolu erkak aralash-quralash boʻlib yotibdi. Mediaolam, internet, qoʻl telefoni degan tushunchalar millatimiz kelajagining ruhan va axloqan yetuk ulgʻayishiga qarshi tajovuz quroli sifatida sharmsizlik, buzuqilik “jilvalangan” targʻibot mahsuliga aylanib bormoqda. Endi bu holatga befarq qarab, tomoshabin boʻlib oʻtirishimizdan maʼni yoʻq.
Bugun internet dunyosida ikki qutb bor. Biri ezgulik, inson kamoloti uchun xizmat qiladi, uning ogʻirini yengillashtiradi. Ikkinchisi esa unga qarshi: har qanday maʼnaviy tarbiyani majaqlab, yoʻqotishga shay turgan qutb. Odamzod, jumladan, biz ham ana shu ikki qutb orasida turibmiz. Shu nuqtayi nazardan qaraganda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ziyolilarining maʼnaviyatimiz, milliy tarbiyamizga zid axboriy xurujlardan xavotir olayotganida asos bor.
Koʻpchilik, ayniqsa, yoshlar oʻzi bilib-bilmagan holda maʼnaviy tarbiyasizlik yoʻliga kirib qolyapti. Toʻgʻri, ruhan yuksak, maʼnaviy barkamol, shuuri tiniq odam oʻzini axloqsizlik chohiga tashlamaydi. Unda maʼnaviy immunitet yetarli boʻladi. Eʼtiqodi va qarashlarini ezgulik nuri bilan himoya qila oladi. Biroq bugun bunday odamlar, bunday yoshlar juda kam. Chunki kitob oʻqiydigan, mutolaa va adabiyotdan, bilimdan qalqon izlagan kimsalar shunchaki olomon bilan taqqoslaganda juda-juda oz. Ishonmasangiz, ana, qarang: koʻcha-koʻyda, mehmonda, toʻy-tomoshada, shifoxonada, hatto azada, jamoat ulovlarida, metroda, poyezdda, samolyotda, xullas, hamma-hamma joyda odam bolasi telefon uzlatida yashayapti. Yotganda ham telefon, turganda ham telefon... Telefon pandemiyasiga chalingan avlodning ertasini oʻylab qaygʻuga choʻkadi kishi. Bugun telefon yo kompyuter ekraniga kirib ketgan bu avlodning nimalar koʻrayotgani, nimadan zavqlanayotgani bilan qiziqasiz. Oʻn foizgina odam qoʻl telefoni yoki internet orqali biror asar, maʼnaviy-tarbiyaviy ruhdagi matn oʻqiyotgan yoxud odob-axloqqa doir lavhalarni tomosha qilayotgan boʻladi. Pand-nasihat, yaxshilik, halollik aks etgan tasvirlar, adabiy-maʼrifiy chiqishlarni koʻrib, albatta, koʻnglingiz yorishadi. Maʼnaviy ozuqa olasiz. Biroq bunday tasvirlarga qiziqish, ishtiyoq nechogʻliq, gap shunda... Ulardan ham yoshlar va oʻsmirlardan koʻra koʻproq oʻrta yoki keksa avlod bahramand boʻlyapti.
Allaqayerdagi boʻlmagʻur kliplar, oʻta beʼmani, saviyasizlik bilan tayyorlangan roliqlar, qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarishlar, koʻrsavodligi, bilimsizligi va isteʼdodsizligi oshkor boʻlganini anglamagan befahm masxarabozlar mahsuli, eng yomoni, sharmsizlik aks etgan tasvirlar, tilga olib boʻlmaydigan gaplar, odam bolasiga isnod behayo qiliqlar, hirs va toʻshak targʻibotiga qorishgan lavhalar, inson koʻrishga or qiladigan voqealar, fohishalikning ochiq-oydin targʻiboti kundan kun kuchayib borayotgan pallada bunga indamay qarab turishning oʻzi ham jaholat tarafida boʻlish demakdir. Bunday koʻrgiliklarning hammasi ham Gʻarbdan yoki bizdan olislardagi boshqalardan emas, siz bilan men yashayotgan jamiyatda, bizning oramizdagi odamlar tomonidan tayyorlanyapti. Shularni tayyorlayotgan ham kimningdir oʻgʻli yo qizidir. Uning ham ota-onasi, aka-ukasi, manzil-makoni, mahallasi, qoʻni-qoʻshnisi bordir axir. Toʻgʻri tushuning, shunga oʻxshagan bitta-yarimtani deb butun millatning qadr-qimmati yerga urilishiga jim qarab boʻlmaydi. Baʼzan tuppa-tuzuk koʻringan kap-katta kishilar sharmandali lavhalarni tayyorlab, ijtimoy tarmoqlarga joylayapti. Koʻrib aqlingga sigʻdirolmaysan, bularni nima jin urdi ekan, deb oʻylaysan. Bu yoʻlda topgan puli ham, yegan-ichgani ham harom emasmi, degan oʻyga borasan, kishi. Chunki qanchalab insonlar ruhiyati, ayniqsa, hali ongu shuuri shakllanmagan oʻsmirlar dunyoqarashini buzyapti, zaharlayapti bu toifa.
Internet ovunchoq emas. U bizga gʻoya va maqsadlarimiz, istagimizni nur bilan yoritish, dunyoqarashimizni oʻzgartirish uchun manba yoki vosita boʻlishi kerak aslida. Qoʻl telefoni ham uzogʻimizni yaqin qiladigan olis bilan bogʻlanish manbai. Uning imkoniyatlari mafkuramizga ziyon qilmasligi, unga bogʻlanib, qul boʻlib qolmasligimiz kerak. Hozir juda koʻpchiligimiz mobil telefondan bir qadam ham uzoqlasholmaydigan boʻlib qoldik.
Gaplarimdan ensangiz qotmasin. Ayni damda bolangizga qarang: u nima bilan band. Telefon ichiga kirib ketguday darajada, siz qolib shu taskin-tasallini shu zormandadan topayotgan boʻlsa, xavotirim bejiz emasligini his qilasiz. Yoki farzandingiz telefon koʻrish oʻrniga kitob mutolaasi bilan bandmi? Ota-onalarning oʻzi oʻrnak boʻlib kitob oʻqiyaptimi? Xonadoningizda shunday muhit hukmron boʻlsa, xavotir olmasangiz ham boʻladi. Qaniydi shunday boʻlsa...
Maʼnaviyatga mutasaddilar, elning ziyoli qatlami, adib va shoirlar ommani, ayniqsa, yosh avlodni ezgulik yoʻliga boshlash, mutolaaga oshno qilish, qalbini odamiylik yogʻdusi bilan charogʻon etish yoʻlida tinim bilmayapti. Bu zahmatli mehnat, xatti-harakatni toʻfonga qarshi chiqishga qiyoslamoq mumkin va bu boradagi barcha urinishni koʻksida yuragi bor, milliy gʻururi hali oʻlmagan har bir odam qoʻllab-quvvatlaydi, ularning safida boʻladi...
Media olamida nojoiz, xavf-xatarga toʻliq, yovuzlik va fahsh targʻiboti urchigan tasvirlar, roliklar tarqatilayotgan, teleekran orqali efirga maza-matrasiz, tuturiqsiz lavhalar hamda oʻta bachkana, xonanishin seriallar uzatilayotgan ekan, bu holat millat maʼnaviy yuksalishi uchun jiddiy xavf sifatida qarash lozim. Ommani olomonlikka boshlovchi bu taxlit xavf hamda qutqu, tomoshabinning qalb koʻzini koʻr qiladigan bunday media va ekran mahsulotlariga befarq qarab turishning oʻzi ham millat kelajagiga xiyonatdir. Shu bois, mediamahsulotlarni maʼnaviy ekspertizadan oʻtkazish masalasidan ham hech qanday siyosiy xato qidirmaslik kerak. Bu xatti-harakatni senzura, soʻz yo fikrni cheklashga urinish, demokratiyaga qarshilik, deb xulosa qilish ham kerak emas. Zero, milliy qadriyatlar va axloq tushunchasi koʻp narsadan ustun. Ertalab yuz-qoʻlini yuvmay toʻshakda qahva ichadigan demokratiyaning yoʻrigʻi maʼnaviy meʼyorlarimizga mos kelmagani kabi axloqsizlik oqovasi ham ruhiyatimiz, milliy tarbiyamizga ziddir. Shu bilan birga uning taʼsiri bugun bizda sezilayotgani, odamlar ongi loyqalanayotgani ham sir emas.
Qoʻchqor NORQOBIL,
yozuvchi