Boshqacha boʻlishi mumkin yoxud boylar ham yigʻlaydi
Odamlarda boy va kambagʻallik mezonlari turlicha. Xalqimizda bir naql bor: “Puli koʻp inson boy emas, nafsi toʻq inson boydir”. Kimdir qorni toʻyib ovqatlanganiga yoki mebel, avtomobil sotib olganiga qanoat qiladi, oʻzini boylar qatoriga qoʻshadi. Boshqasi qoʻsha-qoʻsha uy-joy, muqim daromadga ega boʻlsa-da, kambagʻalligi va yetishmovchilikdan noliydi.
Xalqaro matbuotda dunyoda boylar va kambagʻallar oʻrtasida tafovut oshib borayotgani mavzusi koʻp yozilmoqda. Keltirilishicha, jahondagi 26 ta boy insonning daromadi dunyo aholisi yarmining daromadidan ortiqdir. Soʻnggi yillar mobaynida boylar yanada boyidi va qashshoqlar undan-da qashshoqlashdi.
“Boy boʻlib tugʻilmaydilar, boy boʻlib yetishadilar”, degan gap ham bor. Bu yerda asosiy gap “yetishish”da. Bu harakatlanish, takomillashish demakdir. Ishni maosh olish uchun bajarish odamni boy qilmaydi. Ishni sevib, sidqidildan bajargan kishiga daromad oʻzi keladi. Boylikka erishish uchun oldiga maqsad qoʻyish va harakat qilish, oʻqish-oʻrganish, sarmoyani toʻplamay, ishga solish, ruhni charxlash, fikrni komillashtirish, tafakkurni yangilash talab etiladi.
Sobiq ittifoq mafkurasi sovet xalqi shuuriga boylarni zolim, ovsar, maʼnaviyatsiz kishilar, kambagʻallarni esa mazlum, oqil va qahramon sifatida singdirishni uddalagandi (afsuski, hamon jamiyatimizda bu asorat oʻzining ayrim unsurlarini saqlab turibdi). Boshqacha aytganda, hukumat 1917-yil oktyabr inqilobi (toʻntarishi)ning bosh gʻoyasi – “Yoʻqolsin boylar, yashasin kambagʻallar!” daʼvatini hayotga tatbiq qila oldi. Uzoq yillar mobaynida boylarsiz kambagʻallar (kambagʻallik) gullab-yashnagan davlat dunyo siyosiy xaritasini “bezab” keldi.
Natijada ne-ne xalqlarning boylari – xalq koriga yarayotgan tadbirkorlar, ilgʻor fikrli ishbilarmonlar, ziyoli ijodkorlar, siyosiy boshqaruvning elita vakillari jismonan badnom etilib, boyliklari talon-taroj qilindi, oila aʼzolari koʻchaga quvildi, boshpanasiz qoldirildi. Bu esa yoppasiga qashshoqlik va maʼnaviy tanazzulga olib keldi, koʻplab xalq va millat vakillari qiynaldi, oyoqqa turib olish murakkab va uzoq kechdi.
Har qanday zamonda ham yashash uchun harakat qilish kerak. Har holda harakat qilib boyish ham, boyimaslik ham mumkin, ammo harakat qilmasdan boyish ilojsizdir. Bugun moddiy va maʼnaviy boylik, boylar va kambagʻallar maʼnaviyati haqida muxtasar fikr yuritmoqchimiz. Demak, avvalo moddiyat haqida...
Qoʻlning kiri yoxud tuxum berayotgan tovuqni soʻymaydilar
Hozir mamlakatimizda boshqa muammolar qatori qashshoqlikka ham barham berishga qaratilgan islohotlar kechmoqda. Joriy yil 11-sentyabr kuni Prezidentimiz raisligida kambagʻallikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Unda kambagʻallikni faqat pul tarqatish, nafaqa toʻlash bilan hal qilib boʻlmasligi, buning uchun kambagʻal oila aʼzolarini oʻqitish, kasbga oʻrgatish va ish bilan taʼminlash muhim ekaniga eʼtibor qaratilib, mavjud vaziyat tahlil qilindi. Bu maqsad juda keng koʻlamli ekani, unga barcha hissa qoʻshishi kerakligi taʼkidlandi.
“Bundan buyon kambagʻallikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi. Hukumatdan tortib, tuman tashkilotigacha barcha boʻgʻindagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambagʻallikdan olib chiqish boʻlishi kerak. Bu borada nazorat ham, soʻrov ham qattiq boʻladi”, dedi davlatimiz rahbari.
“Tirishmoq rizq eshigining kalitidir”, degan ekan mavlono Rumiy. Boqsangiz, aksariyat boy insonlarda ana shu fazilatni koʻrasiz. Bir-ikki merosxoʻrni inobatga olmasa, oʻziga toʻqlikning zamirida tinimsiz mehnat, mashaqqat, maqsad sari intilish, tirishqoqlik jo. Nima uchun kimdir qoʻliga katta mablagʻ tushib qolsa, bir-ikki kunda sovurib yuboradi? Boshqa birov esa oʻsha pulni biror ishga tikib koʻpaytiradi? Hamma gap pulga munosabatda! Deyl Karnegi “Boy boʻlishni istagan odam pulga oqilona munosabatda boʻlishi shart. Bu uni boshqalarga qaram qilmaydi. Gʻoliblar bilishadiki, insonni pul emas, undan oqilona foydalanish baxtli qila oladi. Pul ham shunga loyiq insonlarning qoʻliga borib tushadi”, degan edi.
Koʻhna rivoyatda keltirilishicha, qadimda qashshoqlikda arang kun kechiradigan bir kishining bisotidagi bittayu bitta tovugʻi qoʻqqisdan tilla tuxum tugʻibdi. U avvaliga birov hazillashgan, deb oʻylabdi. Lekin har ehtimolga qarshi tuxumni zargar huzuriga eltibdi. Zargar tuxum asl tilladan ekanini tasdiqlabdi va katta pul evaziga sotib olibdi.
Oʻsha kuni kechqurun kambagʻal kishi katta bazm uyushtiribdi. Ertasiga katakka yoʻl olsa, tovuq yana bitta tilla tuxum bosib yotibdi. Bu holat bir necha kun davom etibdi. Keyin esa nafsi hakalak otibdi. Kuniga bitta tilla tuxum kamlik qila boshlabdi. U tovuqni soʻyib, hamma tuxumga birdan egalik qilmoqchi boʻlibdi. Biroq tovuq tanasidan noʻxatdek keladigan, hali homila holatidagi tuxumga duch kelibdi, xolos. Qissadan hissa: tuxum berayotgan tovuqni soʻymaslik kerak.
Boyib ketish – huquq! Hali hech qachon boyish bizning zamonamizdagidek oson boʻlmagan. “Unda nega hamma inson boy emas?” degan savolning javobi juda oddiy: insonlarning koʻpchiligi tilla tuxum qoʻyayotgan tovuqni soʻyib yuborishadi.
Pul – qoʻlning kiri, deyishadi. Afsuski, qoʻllarimiz top-toza, deguvchilar ham bor. Pul hayotdagi eng muhim narsa emas. U faqat qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratadi. Inson boyigani sari atrofidagilar oldida masʼuliyati shunchalik ortib boraveradi.
Azaldan boylik haqida gap ketganda, boylarning puli koʻplari emas, balki ular orasida saxovatlilari, yaʼni ehtiyojmand odamlarga qiladigan muruvvatlari, xayr-ehson, sadaqai joriyalariga alohida eʼtibor qaratiladi. Chunki qadriyatimizda saxiylik eng yaxshi insoniy xulqlardan sanalib kelgan. Shukrki, davrimizda ham ana shunday olijanob boylar bor. Saxovat sohiblarining saʼy-harakati bilan qanchadan qancha koʻngillar shod, gʻamlar barbod, buning samarasi esa boylikka boylik qoʻshilishida namoyon.
“Bizning pullarimiz hech qachon toʻlaligicha bizga tegishli boʻlmagan. Agar yaqinlarimizning muhtojligidan yuz oʻgirar ekanmiz, hech qachon toʻla-toʻkis baxtli boʻla olmaymiz. Biz butunning bir qismimiz, shu sababli atrofimizdagilardan minnatdor boʻlishimiz, ular bilan boʻlishib, minnatdorligimizni namoyish qilishimiz kerak”.
Bu iqtibosni bir kitobda oʻqigan edim. Kelib chiqadiki, kishi moddiy boyligini maʼnaviy boyligi toʻlaqonli boʻlishiga xizmat qildira olishi matonat va maqsadga muvofiqdir. Demak, boshqa boyliklar haqida...
Yetim maʼnaviyat yoxud yonimizdagi ulkan boylik
Albatta, hayotda har bir inson boy boʻlishni istaydi va bu yoʻlda tinmay harakat qiladi. Agar bu harakat halol tarzda boʻlsa, hech qanday taqiq yoʻq. Biroq bugun baʼzi odamlarning hamma narsani boylik bilan oʻlchaydigan, foyda yoʻlida imon, eʼtiqod, barcha muqaddas tuygʻular va insoniylikdan ham voz kechayotgani guvohi boʻlmoqdamiz. Ular boy boʻlish yoʻlida hatto oʻzining jigarlarini ham chuv tushirishdan tap tortmayapti. Umrida biror badiiy yoki ilmiy kitob oʻqishga odatlanmagan boʻlsa-da, “Boy boʻlish sirlari”, “Boy boʻlish kafolatlari” mazmunidagi kitoblarni topib oʻqiyotganlar qancha. Zamonamiz oydinlaridan birining taʼbiri bilan aytganda, bunday vaziyatda maʼnaviyat “yetim” misoli boʻzlaydi.
Oʻzbek millati moddiyatga bogʻliq boʻlmagan koʻp narsalarni ham boylikka mengzaydi va bu juda oz xalqlardagina qadriyat darajasiga yetgan. Ota-ona – boylik, salomatlik, tarbiya-odob, maʼnaviyat, bilim, iqtidor – bari boylik. Jigarlar, farzand, hunar, kasb-kor, tinchlik haqida gap ketganda ham ularni boyligimiz deymiz. Taassufki, aksariyatimiz yuqorida sanalganlarni yoʻqotganimizdagina buni teranroq xis qilamiz.
Masalan, juda koʻp yaqinlarim, doʻstlarim, tanishlarim eʼtirof etishicha, men judayam boyman. Eʼtirof esa quyidagicha yangraydi: “Boshingda ota-onang bor. Sen juda boysan”. Darhaqiqat, yoshim ellikdan oshdi. Men tengilarning aksariyati yo otasi, yo onasidan ayrilgan, ayrimlari har ikki suyanchigʻini yoʻqotgan. Umrlari uzoq boʻlsin, duogoʻylarim yonimda, ularning bagʻridaman. Bu ulkan va tengsiz boyligimga koʻz tegmasin, deb avaylayman, Yaratgandan ularga uzoq umr, sogʻliq tilayman. Boshqa har qanday moddiy boylik, omad, tan-jonim salomatligi, oiladagi xotirjamlik va balo-qazolardan uzoqda boʻlish ularning duolari bilan ekanini anglayman.
Ulugʻlar aytadi, inson jismini ikki narsa koʻtarib turadi. Biri ruhiy, ikkinchisi jismoniy quvvat. Tasavvur qiling, bola yoshligidan jismoniy mashqlar qilib, yengil-yengil toshlarni koʻtarib, bora-bora katta ogʻir toshlarni koʻtaradigan polvonga aylanadi. Endi oʻz vaznidan bir necha barobar ogʻir toshlarni koʻtaradigan, kurashda yengilmaydigan haqiqiy pahlavon boʻladi. Shunday jismoniy kuchga ega boʻlgan inson maʼnaviy tarbiya koʻrmagan boʻlsa, xulq-odob, ota-ona hurmati, rahm-shafqat, or-nomus, halollik, farzandlik burchi, insonparvarlik, vaʼdaga vafo, solihlik nimaligini bilmay oʻtib ketadi.
Insonning kamolotga erishishi, vatan va jamiyatga keltiradigan foyda yoki zarari uning ruhiy tarbiyasi hosilasidan kelib chiqadi. Ruhiy holat, ruhiy tarbiya kishining maʼnaviy tarbiyasiga bogʻliq. Maʼnaviyatimiz asoslari, shubhasiz, boy. Imonsiz, eʼtiqodsiz boʻlsa, oʻgʻirlikning, talonchilikning, fahshning, shafqatsizlikning gunohligini bilmasa, halol-haromning farqiga bormasa, sharm-hayosi boʻlmasa, unday odamni komil inson, deb bilmaymiz. Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, diniy bagʻrikengligimiz ham maʼnaviy boylikdir. Demak, maʼnaviy boylikning asosi, poydevori – odob, tarbiya.
Muomala madaniyati yoxud inson qalbining koʻzgusi
Kundalik hayotimizda, jamoat joylarida biz duch keladigan chiroyli manzaralar koʻp. Inchinun, buning aksi ham yoʻq emas.
Transportda. Shoshib avtobusga chiqdim, unchalik tirband emas ekan. Uch-toʻrt bekat oraligʻida kimdir manzilida tushdi, kimdir chiqdi. Bir payt 19-21 yosh chamasidagi chiptachi otasi tengi odamga doʻq aralash xezlanib qoldi:
– Oʻv, amaki, oyogʻingizni yigʻishtirib oʻtiring, bu pulga kelgan, kalishingizdan ham qimmat turadi...
Yoʻlovchilarning deyarli hammasi shu tomonga bosh burdi. Nafaqa yoshidagi otaxon oʻrindiq ostiga tashlab qoʻyilgan avtobusning gʻildirak qoplamasi (avtohavaskorlar “kalpak” deydi) ustiga oyogʻini qoʻyib oʻtirgan ekan (boshqacha oʻtirishning iloji ham yoʻq).
– Uzr, bolam, bu matoxing shunaqa nozikligini bilmabman.
Shu joyda gap-soʻzga nuqta qoʻyilsa ham boʻlardi. Tarbiya koʻrmagan chiptachi oʻzini chamasi ushbu yoʻnalishning xoʻjayinidek xis qildi shekilli, dedi:
– Farosatdanam bergan ekan-ku...
Ana endi ayting, farosatdan kimga bergan ekan? Haydovchimisan, chiptachimisan, oʻzing yoʻlovchilar oʻrindigʻi ostiga oʻsha buyumni tashlab qoʻyibsan-ku! Yana nimaga otang tengi odamga bunaqa tarbiyasizlarcha muomala qilasan? Afsuski, avtobusdagi odamlardan hech kim bu holga eʼtiroz bildirmadi, churq etmadi. Oʻzim aralashishimga toʻgʻri keldi:
– Uka, ertalab nonushtaga nima yegansan? – dedim.
– Tushunmadim...
– Ogʻzingdan qoʻlansa gaplar chiqayotganiga soʻradim-da!
Shundan keyin u menga bunday tarbiyaviy soatni uyimda oʻgʻlim bilan olib borishim kerakligini zoʻr berib tushuntirib qoʻydi. Foydasi yoʻqligini bilib, boshqa gapirmadim.
Buyum bozorida. “Otang – bozor, onang – bozor”, deganlaridek, bir-ikki soʻm arzonroq boʻlsa harna-da, deb koʻylak olish maqsadida doʻkonlarga emas, “Chilonzor buyum bozori”ga bordim. Azaldan qora rangli koʻylakni yaxshi koʻraman. Uzoqdan turfa ranglar orasida qorasi ham osib qoʻyilgan rasta oldida toʻxtadim.
– Keling, aka, qanaqasidan kerak? Ishga kiyishgami, toʻygami yo sovgʻagami?
Qoʻlimdan tortqilagudek boʻlib oʻziga qaratgan sotuvchi ancha xushmuomala koʻrindi. Koʻylakni shu yigitdan harid qilaman, u ham savdosi yurishganiga xursand boʻlsin, degan xayolda maqsadimni aytdim. Uch-toʻrt xilini olib, oʻlchamimni chamalab, ulardan birining taxini buzdi. Ammo sifati maʼqul boʻlmadi. Boshqasining esa rangi sidirgʻa emas, chiziqlari bor ekan.
– Olish niyatingiz bormi oʻzi, aka? Yo shunchaki bozor aylanib yuribsizmi?
Qarasam, muomalasi sal dagʻallashdi. Koʻnglimga yoqsa, olaman-da, dedim. Boshqa gap ogʻzimdan chiqmadi.
– Olsangiz oling, boʻlmasa boshimni qotirmang, ana, bozor katta, qidiravering koʻnglingizga yoqqanini, – deya dagʻdagʻasini boshladi.
– Uka, savdoda ogʻirroq boʻlish kerak, xaridorga, oʻzingdan yoshi katta odamlarga bunaqa muomala qilishing notoʻgʻri, – dedim.
U ham menga tarbiyaviy soatni qayerda va kim bilan olib borishim kerakligini yana bir marta eslatishdan erinmadi...
***
Ota-onaning vazifasi farzandini dunyoga keltirishdangina iborat emas. Farzand tarbiyasida muhim qoidalardan biri bolani yoshligidan jamiyat orasida oʻzini chiroyli tutish, barchaga barobar samimiy, kamtarin boʻlish kabi odoblarga oʻrgatishdir.
Sharqona lutf, sharqona shirin muomala, sharqona tavoze dunyo ahlining aqlini shoshirib, sharqliklarga nisbatan hurmatini oshirib kelgan. Bu borada oʻzbekona muomalaning oʻrni ham boʻlakcha edi. Bugun esa ming afsuslar bilan aytishga majburmiz, maʼnaviy qashshoqlik sabab muomala madaniyati masalasida maqtangudek ahvolimiz yoʻq.
Yuqoridagi kabi chiptachi yo sotuvchilarga kunda-kunora duch kelamiz. Kimdir oxirigacha tortishadi, yana birov “shu bilan teng boʻldimmi”, deb bahsga nuqta qoʻyadi. Kishining odamlar bilan qiladigan muomalasiga qarab uning qanday insonligi haqida xulosa chiqarsa boʻladi. Muomala madaniyati – inson qalbining koʻzgusi, maʼnaviy boylik alomati. Muomala madaniyati orqali har qanday kuch bilan ham erishib boʻlmaydigan insoniy martabaga —atrofdagilarning hurmat-izzatiga, mehriga, ishonchiga sazovor boʻlish mumkin.
Yurtimiz tinch, turmushimiz farovon ekani bilan faxrlanamiz. Biroq bu neʼmatlarning qadriga yetmay, yanada koʻproq daromad topish maqsadida farzandlar, yaqinlarni ham unutib qoʻyayozgan millatdoshlarimiz yaxshi tushunib olishlari lozimki, ota-ona, farzandlar bilan birga boriga shukr, yoʻgʻiga sabr qilib, chiroyli tarzda umrguzaronlik qilish, farzandlarini oʻz yurti, xalqi taraqqiyoti xizmatidagi avlod qilib tarbiyalash millatimiz maʼnaviy xazinasini yanada boyitishdir aslida.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
(Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2024-yil 23-noyabr, 238-sonida chop etilgan)