Ma'muriy sudlar tomonidan bu borada 2019 yilda jami 2 992 ta ish ko'rilgan bo'lib, ularning 1 255 tasi (42%) qanoatlantirilgan. 2020 yilning yanvar`-fevral` oylarida esa 552 ta ish ko'rilgan va ularning 248 tasi yoki 45 foizi qanoatlantirilgan.

Keltirilgan raqamlar shuni ko'rsatib turibdiki, murojaatlar soni

10 foizga, ularni qanoatlantirish esa, ya'ni hokimlarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish 3 foizga ko'payib, bunday murojaatlarni qariyb

50 foizi qanoatlantirilgan.

Bu borada fuqarolar norozi bo'lib murojaat qilish soni va hokimlarning qonun hujjatlari talablariga rioya qilmasdan qarorlar qabul qilishi holatlari ko'payib borgan.

Tuman, shahar hokimlari vakolatga ega bo'lmasa-da, qonunga zid ravishda bino-inshootlarni balansga olish to'g'risida, er uchastkasini ajratish vakolati ularga berilmagan normativ-huquqiy hujjatlarga asoslangan holda ajratilayotgan er maydonini to'laqonli o'rganilishini ta'minlamasdan er ajratish yuzasidan qarorlar qabul qilgan.

SHuningdek, qonun hujjatlariga ko'ra er uchastkalari qonunga zid ravishda olib qo'yilganligi munosabati bilan mulkdorlarga zarar etkazilganligi uchun mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik masalalari qat'iy belgilanmagan, eng muhimi, bunga huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan o'z vaqtida munosib e'tibor berilmagan.

Mulkdorlarning mulki musodara qilinishi haqida ogohlantirishning olti oylik muddatiga rioya qilmaslik, mulkchilik ob'ekti uchun kompensatsiya mablag'larini to'lamay yoki qiymati bo'yicha teng mol-mulkni taqdim etmay majburan chiqarib yuborish odatiy holga aylangan.

Mahalliy hokimiyat organlari vakillarining mulk egalariga ko'p holatda qo'pol munosabatda bo'lishi aholining ijtimoiy kayfiyatiga putur etkazuvchi omil bo'lmoqda.

SHunga asosan, mazkur masala yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament so'rovi yuborish bo'yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi, deb habar berada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.