Prezidentimizning shu yil 18-mart kuni tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqoti sohada mutlaqo yangicha burilish yasadi. Tizimdagi kamchiliklar, tibbiyot xodimlariga uzoq yillardan beri ogʻriq berib kelayotgan muammolar roʻy-rost aytilib, ularning yechimi boʻyicha oʻrinli taklif va tavsiyalar berildi. Hatto eng chekka hududlardagi oilaviy poliklinikalar muammolari ham eʼtibordan chetda qolmadi.
Qishloq vrachlik punktimiz toʻrtta mahallada istiqomat qiluvchi 17 mingdan ziyod aholiga xizmat koʻrsatadi. Asosiy faoliyatimiz aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, kasalliklarni erta aniqlash, skrining tekshiruvlar oʻtkazish, toʻgʻri ovqatlanishni targʻib qilish, kasallanishning oldini olishga qaratilgan. QVPda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari xonadonlarga birma-bir kirib, yurtdoshlarimiz salomatligi bilan yaqindan tanishadi. Ularni bezovta qilayotgan xastalik, nasliy kasalliklarni tahlil qilib boradi.
Prezidentimizning tibbiyot sohasiga eʼtibori tufayli birlamchi boʻgʻindagi muhim islohotlar bizgacha yetib kelmoqda. Chekka hududlardagi oilaviy poliklinikalar ham zamonaviy tibbiy anjomlar bilan jihozlanyapti, laboratoriya tahlillari ularning oʻzida tashkil etilmoqda. Oldin koʻp tarmoqli markazlardagina aholi uchun chuqur tekshiruvlar, laboratoriya tahlillari oʻtkazilardi. Ayni paytda har bir hududdagi oilaviy poliklinikada bunday imkoniyat mavjud.
Ilgari tibbiyot xodimi uchun keraksiz boʻlgan ortiqcha yigʻilishlar, tekshiruvlardan tashqari, turli mavsumiy hasharlar, jumladan, paxta yigʻim-terimlaridan ortmasdik. Oʻz ustimizda ishlash u yoqda tursin, aholiga vaqt ajrata olmas edik. Hozir, eng avvalo, mana shunday keraksiz yugur-yugurlardan qutuldik. Tibbiyot xodimi sifatida vazifamizni bajarishimizga imkoniyat berildi, aholi bilan ishlashimiz uchun vaqtimiz yetarli.
Bundan 5–6 yil avval soha xodimlari ixtisosligi boʻyicha malaka oshirish uchun Respublika vrachlar malakasini oshirish markaziga yuborilardi. Hozir har bir viloyatda, tumanlarda sayyor kurslar tashkil etilib, ishdan ajralmagan holda, oʻz ustimizda ishlashimizga sharoit yaratilyapti. Yurtimizda sogʻliqni saqlash xodimlariga qaratilayotgan yuksak eʼtibor hamda mehnatimiz munosib qadrlanayotganidan mamnunmiz.
Yaqinda davlatimiz rahbari farmoniga binoan, taqdirlangan bir guruh hamkasblarim orasida mening ham ism-familiyam borligini koʻrib, quvondim. Qariyb 20 yildan beri shu sohada ishlayman. Tanlagan kasbimni jon-dildan yaxshi koʻraman. Bu shifokorlar oilasi farzandi boʻlganim, shu muhitda kamol topganim tufayli boʻlsa kerak. Onam 40 yildan ortiq umrini shifokorlikka bagʻishlagan. Shu bois, bu yoʻlda erishgan barcha yutuqlarimni, avvalo, ilk ustozim — onamniki deb bilaman.