Mamlakatimizda tadbirkorlikka yaratilgan sharoitlar tufayli hududlarda kichik ishlab chiqarishlar ko‘paymoqda. Odamlar ish bilan ta’minlanib, bozorbop mahsulotlar tayyorlanmoqda. Lekin dunyodagi hozirgi murakkab vaziyat, transport-logistikadagi uzilishlar bu tarmoqqa ham ta’sir qilayapti.
Joriy yilning 9 oyida yurtimizda sanoat 5,3 foiz o‘sgan. Lekin, 65 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish kamaygan. Davlat tomonidan mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, 118 ta sanoat zonasiga haligacha infratuzilma olib borilmagan. Eksportda GSP+ imkoniyatidan yetarlicha foydalanilmayapti.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar, sohadagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
– Sanoat tarmoqlari rahbarlari, hokimlar bu qiyin sharoitda imkoniyat izlashi, ichki zaxiralarni ishga solib, taklif va tashabbus ko‘rsatishi kerak. Hamma masalalarni o‘z kuchimiz, mehnatimiz, intilishimiz bilan faqat o‘zimiz hal qilamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Maishiy texnika, gilam, mebel ishlab chiqaruvchilarni kafolatli xomashyo bilan ta’minlash, kam quvvatda ishlayotgan korxonalarga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston o‘tgan yili Yevropa Ittifoqining GSP+ nomli kengaytirilgan preferensiyalar tizimiga qabul qilingan edi. Uning doirasida 6 ming 200 dan ortiq mahsulot turlarini Yevropa bozoriga imtiyozli shartlarda eksport qilish mumkin. Buning uchun davlatimiz tomonidan transport xarajatlariga 70 foizgacha subsidiya ham berilmoqda. Lekin, to‘qimachilik mahsulotlari eksportining 6 foizi, elektr texnikasining 3 foizi, ipak va oziq-ovqatning 1 foizi Yevropaga sotilyapti, xolos.
Davlatimiz rahbari mahalliy korxonalarning xalqaro sertifikatlar olib, tashqi bozorga chiqishiga ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi. Kelgusi yilda Yevropaga sanoat eksporti hajmini 700 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi aytildi.
Mahalliy sanoatning eng katta tarmoqlaridan biri – to‘qimachilik. So‘nggi yillarda yurtimiz tadbirkorlari bu yo‘nalishni yaxshi o‘zlashtirdi. Shunga qaramay, hali ham chetdan olib kelinayotgan mahsulotlar bor.
Shu bois “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga kamida 50 xil turdagi yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha vazifa qo‘yildi. Bunday loyihalar uchun tijorat banklariga 100 million dollar, gilamchilik uchun 50 million dollar mablag‘ joylashtiriladi. Yevropa davlatlari, Turkiya, Misr, Marokashga gazlama va trikotaj mato eksporti uchun transport xarajatlarining 70 foizi qoplab beriladi.
Umuman, to‘qimachilik tarmog‘ini yangicha sur’atda rivojlantirish, kelgusi yilda 5 milliard dollarlikdan ziyod eksport qilish bo‘yicha dastur qabul qilinadi.
Yana bir keng qamrovli yo‘nalish – qurilish materiallari ishlab chiqarish. Bu tarmoqda mahsulot turi ham, ish o‘rinlari ham ko‘p. Shu bois Prezidentimiz bunday korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “sanoat ipotekasi” dasturini ishlab chiqish tashabbusini bildirdi. Bunga birinchi bosqichda 50 million dollar yo‘naltiriladi, kreditlar 7 yillik, 2 yil imtiyozli davr bilan beriladi.
Nukus shahri, Buloqboshi, Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Sariosiyo, O‘zbekiston tumanlarida qurilish materiallari industrial zonalari, Angren shahrida chinni idishlar va santexnika buyumlari klasteri tashkil etilishi aytildi.
Bu tarmoqda eksportni 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yildi.
Mebelsozlik bugungi kunda xalq hunarmandchiligi darajasiga ko‘tarilgan. Buxoro, Namangan, Samarqand, Andijon, Farg‘ona va Xorazmda 100 ga yaqin mahalla shunga ixtisoslashgan. Prezidentimiz hunarmandlarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida bu mahallalar atrofida mebel sanoati markazlari tashkil qilish zarurligini ta’kidladi.
Mebelsozlik uchun bojxona imtiyozlari muddatini 2024-yil 1-yanvarga qadar uzaytirish, bu tarmoqdagi loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Zargarlikda ham imkoniyatlar juda keng. Yurtimizning o‘zida 300 million dollarlik bozor bor. Bu talabni bemalol mahalliy zargarlar qondirishi mumkin. Shu bois ularni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 dekabrdan boshlab, qator yengilliklar belgilandi.
Jumladan, oltin va kumushga kechiktirib to‘lash uchun barcha banklar va Eksportni rag‘batlantirish agentligi kafolatlari qabul qilinadi. Bu imkoniyat yakka tartibdagi zargarlar uchun ham beriladi. Zargarlik uchun zarur xomashyolarni vaqtincha olib kirish va olib chiqishda litsenziya talabi bekor qilinadi, qimmatbaho va bezak toshlari bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.
Yig‘ilishda eksportni oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
– Kelgusi yilda eksportni qo‘llab-quvvatlashni kengaytiramiz. Bundan buyon, tarmoqlarga subsidiyalar eksport hajmiga qarab beriladigan tizim bo‘ladi. Bugungi yig‘ilish natijasi bo‘yicha hududiy sanoatni rivojlantirishga qo‘shimcha 300 million dollar va 350 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Ko‘zlangan marralarga erishilsa, kelgusi yilda qo‘shimcha 2 milliard dollar eksportni ta’minlash mumkin, – dedi Prezident.
Umuman, kelgusi yilda 8 milliard dollarlikdan ziyod hududiy sanoat mahsulotlarini eksport qilish choralari tahlil qilindi. O‘zbekistonning elchilariga xorijdan zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalar jalb etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan sanoat tarmoqlari rahbarlari, hokimlar so‘zga chiqdi.