Manzilimiz boshi berk koʻcha adogʻidagi uy edi. Oldinda atigi ming metrcha yoʻl qoldi. Atrofga qarayman, koʻcha ancha keng, fayzli, havasing keladi. Lekin bu taassurot uzoqqa choʻzilmadi. Oʻn qadam yurmasimizdan mashina yoʻldagi sunʼiy doʻnglikka duch keldi. Mashinani toʻxtatib, sekingina undan oʻtdim va endi tezlik dastagini ikkinchi bosqichga olmoqchi edim, navbatdagisi qarshimdan chiqdi. U ham avvalgisiday baland, Xitoy devori kabi mustahkam. Shu tarzda oʻttiz-qirq hovlidan iborat berk koʻchaning boshdan-oxirigacha yigirmadan ziyod yoʻldagi sunʼiy doʻnglikni sanadim.
Kuzatishimcha, koʻchada uylar namunali tarzda bir xil qilib qurilgan. Aksariyat darvozaxonalarda qimmat ulovlar saf tortgan edi. Bu yerda moddiy jihatdan oʻziga toʻq qatlam vakillari yashashi koʻrinib turibdi.
Bir qarashda mahallada barchasi risoladagidek. Ammo nega har qadamda sunʼiy toʻsiq? Bolalarni himoya qilish, mashinalar sekin yurishi uchun qilingan deyishga shoshilmang. Nima maqsadda shunday yoʻl tutilganini yaxshi bilaman. Lekin mazkur holat odamni oʻylantiradi. Chunki adogʻi berk koʻchaga har zamonda biz kabi mehmon kelmasa, boshqa mashina oralamaydi. Boz ustiga, bitta yoʻl belgi bilan istalgan haydovchini ogohlantirish mumkin.
Shu gapni oʻqib yuzingizga istehzoli kulgi keldimi?! Demak, bunday ovloq koʻchada aksariyat haydovchilar yoʻl belgisini pisand etmasligini yaxshi bilasiz. Negaki, biz faqat kameraga, YPX xodimiga duch kelsakkina qoidalar esimizga tushadi. Shu bois, yoʻllarimizni sunʼiy toʻsiqlar bilan toʻldirib chiqamiz. Shuning oʻziyoq qonunlarga amal qilishda sustkash ekanimizni koʻrsatadi. Buni kimdir qizil chiroqda oʻtishdek xatarli emas, deyishi mumkin. Ammo xalqimizning “tomchi toshni teshadi”, degan naqlini unutmaslik kerak. Ana shunday kichik qoidalarni buzaverish jiddiy qonunbuzarliklarga zamin hozirlaydi. Oqibatda jamiyatda imkoni topilsa qonunlarni chetlab oʻtish mumkin, degan notoʻgʻri qarash shakllanadi. Aksincha, jamiyatda huquqiy tafakkur yuqori boʻlsa, oʻzaro hurmat, tenglik va doʻstlik munosabatlari mustahkamlanib boraveradi.
Qonunni bilmaslik jazodan ozod qilmaydi
Qaysi jamiyatda huquqiy savodxonlik darajasi past boʻlsa, qoidabuzarlik koʻp uchraydi. Qonunni bilmaslik esa jazodan ozod qilmaydi. Oqibat davlat va fuqaro oʻrtasidagi munosabatlarda ishonchsizlik paydo boʻladi. Negaki, oʻzining burchini bilmagan shaxs jazoga tortilganda nohaqlikka uchradim, deb oʻylaydi.
Bir misol, jamoat joyida tamaki chekkanlik uchun jarima bor. Ayniqsa, oʻtgan 2023-yilda shu haqdagi qonun yangi tahrirda qabul qilingach, keng miqyosda targʻib etildi. Ammo bundan hamon bexabarman, deydigan yurtdoshlarimiz bor. Metroning Buyuk ipak yoʻli bekati orqali ishga qatnayman. Har kuni piyodalar yoʻlagining serqatnov joyida IIB xodimlari jamoat tartibini saqlab turadi. Kunda-kunora ular aynan belgilanmagan joyda tamaki chekkanlarni jarimaga tortayotganiga guvoh boʻlaman. Qizigʻi, ularning aksariyati uzoqdan xodimlarni koʻrsada, qonun buzayotgan haydovchilarday hushyorlikni oshirmaydi, tamakini bemalol tutatib kelaveradi. Chunki ular jarimaga totilishi mumkin ekanini bilmaydi.
Bir safar ishdan qaytishda yoʻl chetidagi sotuvchi qarshisida toʻxtadim. Bizdan uch qadam narida jamoat tartibini saqlashga masʼul xodimlar oʻrta yoshlardagi kishini toʻxtatdi. Xatosini aytgandi, u kishi ajablandi. Avvaliga qonun posbonlarini yolgʻonchilikda aybladi, boʻlmadi. Soʻng insof-diyonat haqida vaʼz oʻqib, qonundan bexabarligini, avval ogohlantirish kerakligini aytdi. Tasavvur qiling, u qonundan bexabar ekani uchun jazolanmadi. Keyingi safar boshqa xodimga duch kelganida yana shu vaj bilan jazodan qutilib qolmasligiga kim kafolat beradi?
Agar jamiyatda shunday tendensiya avj olsa, kim oʻrnatilgan tartiblardan xabardor ekanini aniqlash absurd hodisaga aylanadi. Endi faqat tamaki chekish emas, undan ham xatarliroq qonun buzilishlar avj oladi. Binobarin, jamiyatda huquqiy savodxonlik darajasi yuqori boʻlishi kerak. Agar insonlar oʻz huquq va burchlarini yaxshi bilsa, unga amal qilish koʻnikmasi shakllansa, jamiyatdagi illatlar keskin kamayadi, mamlakat taraqqiy etadi. Xoʻsh, mazkur holatni soha mutaxassislari qanday izohlaydi?
— Joriy yil uchun qabul qilingan davlat dasturida qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish vazifalari yana bir bor belgilab berilgan. Bunga faqat huquqiy savodxonlik orqali erishish mumkin, — deydi yuridik fanlar nomzodi, dotsent Haydarali Yunusov. — Negaki, inson huquqlari har qanday tartibotning markaziy nuqtasi hisoblanadi. Qolaversa, inson huquqlarini faqat bir kishining taqdiriga daxldor masala sifatida tushunmaslik kerak. Uning zamirida butun jamiyatga xos ijtimoiy voqelik yotadi. Birgina insonning murojaat qilish huquqini olib qarasak, u asosida davlat idoralari va fuqarolik jamiyati tuzilmalarining eʼtibori muayyan bir ijtimoiy ahamiyatga molik masalaga qaratiladi. Yoki shu yoʻsinda inson huquqlarining himoyasi talab qilinadi.
Shu bilan birga, u davlat va shaxs oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi. Shaxsning ijtimoiy faolligi jamiyat va davlat organlariga ham jiddiy taʼsir oʻtkazadi. Jarayon uzluksizligini taʼminlaydi. Keyingi yillarda davlat idoralariga murojaatlar keskin oshdi. Bu yaxshi. Chunki shu orqali jamiyatda tashabbuskorlik ruhi tarbiyalanadi. Inson huquqlari sohasida davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining faolligi oshadi. Zaruriy islohotlarni amalga oshirishga undaydi. Shu tariqa koʻpqirrali va tarkibli islohotlar natijasi oʻlaroq muayyan ijtimoiy taraqqiyotga erishiladi. Bularning zamirida esa bizning oʻz huquq va burchlarimizni bilishimiz yotibdi.
Darhaqiqat, huquqiy tafakkur, qonunlarga boʻysunish jamiyat taraqqiyotining muhim omili. Bu kishilik jamiyatining dastlabki bosqichlaridayoq oʻz isbotini topgan haqiqat. Jamoa boʻlib yashash uchun maʼlum qoidalarga amal qilish talab etilardi. Shu tariqa, qonun chiqaruvchi organ, jamoa sardorlari, oqsoqollar kengashi paydo boʻldi. Ular oʻrnatgan qonunga amal qilmaslik uchun qatʼiy jazo tayinlandi. Yaʼni qonunlarga tabiiy ehtiyoj tugʻilgani uchun insonlar unga amal qilish koʻnikmasini oʻzlashtirdi.
Targʻibot olib borilmoqda, ammo...
Jamiyatimizda huquqiy bilimlarni egallashga boʻlgan qiziqish talab darajasida emas. Qiziq ziddiyat, hammamiz farovon yashashni, baxtli umr kechirishni istaymiz. Lekin uning oʻq ildizi boʻlgan huquqiy savodxonlikka unchalik eʼtibor bermaymiz.
Yodingizda boʻlsa, ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistning referendum haqidagi savoliga yoshi oʻttizdan oshgan kishining: “Nima u, yomon narsa emasmi?!”, degan javobi ommalashib ketgan edi. Oʻsha shaxsning holati bir qarashda kulgili koʻrinsada, nihoyatda ayanchli. Toʻgʻri, jamiyatimizda bu kabi shaxslar kam. Ammo oʻz huquq va burchlarini yetarlicha biladiganlar safini kengaytirish zarurati dolzarbligini yoʻqotmagan. Chunki tafakkurimizda davlat buyuruvchi, bajartiruvchi va foyda koʻradigan yagona tuzilma, degan xato qarash shakllanib qolgan.
Hozir uni keltirib chiqargan omillar, demak, uzoq oʻtmishni muhokama qilmoqchi emasmiz. Chunki davlat dasturida koʻrsatilgan qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish uchun jamiyatda huquqiy ongni qanday qilib rivojlantirish mumkin, degan savolga javob topish kerak.
Avvalo, yurtimizda huquqiy targʻibot borasida koʻrsatkichlar yomon emasligini aytish kerak. Masalan, 2023-yilda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida adliya organlari tomonidan joylarda 375 mingdan ortiq targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan.
Bundan tashqari, oʻrganishlar natijasida aholining katta qismi huquqiy bilimlarni ijtimoiy tarmoqlardan olayotgani sabab mazkur yoʻnalishga koʻproq urgʻu berilmoqda. Rasmiy saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali qonunchilikdagi yangiliklar, savollarga javoblar muntazam berib boriladi. Yaʼni xalqaro standartdagi targʻibot usullaridan foydalanilmoqda.
Eʼtiborli jihati, buning samarasi ham koʻrinmoqda. Masalan, 2023-yil yakuni boʻyicha yurtimizdagi qariyb 9,5 ming mahalladan 3 mingga yaqinida, aniqroq aytganda, 31,5 foizida jinoyat sodir etilmagan. Afsuski, jinoyatlar koʻpaygani bois “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar ham bor.
Ha, huquqiy bilimlarni boyitish uchun targʻibot olib borilishiga qaramay jinoyatchilik keskin kamayib ketgani yoʻq. Qolaversa, hamon oʻz majburiyatini bilmaydigan, huquqlarini talab qila olmaydigan odamlar bor. Ular ham shu jamiyatda, sizu bizning oramizda yuribdi. Demak, har bir jamiyatning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, huquqiy targʻibotda maʼlum yangiliklar qilish talab etiladi. Xoʻsh, bu borada soha mutaxassislari nima deydi?
Fikrlar turfa, maqsad bitta boʻlishi kerak
— Fuqarolarni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash uchun taʼlim sifatini kuchaytirish, taʼlimni real hayotga bogʻlash zarur. Yaʼni bola oʻrganayotgan maʼlumoti amalda borligi, oʻzi shu munosabatlar ishtirokchisi ekanining guvohi boʻlsin, — deydi Adliya vazirligi boʻlim boshligʻi Dilmurod Rajaboyev. — Millionlab fuqarolarga oʻz huquqlarini talab qilishni oʻrgatish bilan birga, davlat xizmatchilari, mansabdorlarning ham huquqiy tafakkurini isloh qilish zarur. Bu orqali eng quyi boʻgʻinlargacha qonuniylikni taʼminlashda yaxshi natijalarga erishamiz, tizimda muammolar kamroq boʻladi, ish samaradorligi oʻsadi. Bugungi kunda aholi hayotida qanday huquqiy munosabatlarda muammolar boʻlayotganini tahlil qilib borish, shunga monand aniq va manzilli ishlash lozim.
Ijtimoiy huquqiy ong oʻlchovlaridan biri, bu — insonlarning bir biriga boʻlgan cheklovlari va zoʻravonlikning oldini olish. Ayniqsa, bizning jamiyatda “samosud” holatlari huquqning ongga teskari ishlaydigan holatidir. Ijtimoiy tarmoqlarda maʼlum shaxslarni ommaviy sazoyi qilish bilan bogʻliq holatlar ham uchrab turibdi. Bular uzoq istiqbolda erkin jamiyat qurishga toʻsiq boʻladi. Odamlarning adolatli va xavfsiz sharoitda yashashga ishonchini soʻndiradi. Shuning uchun bu boradagi targʻibot va tashviqotni kuchaytirib, bunday holatlarga qarshi qatʼiy kurash kerak.
Jamiyatda soʻz erkinligi va demokratlashtirish tobora rivojlanib borar ekan, fikrlar turli tuman, gʻoyalar har xil, yaʼni plyuralizm prinsiplari tabiiy ravishda chuqurroq singib boradi. Shu bois, yangi qabul qilinayotgan hujjatlaru islohotlarga ham ochiq fikrlar bildirilmoqda. Sogʻlom jamiyatda oʻzgarishlarni hamma ham bir xil qabul qilmasligi tabiiydir. Buni toʻgʻri qabul qilishniyam oʻrganishimiz kerak. Yaʼni bunday sharoitda absolyutizmni taʼminlab boʻlmaydi.
Konstitutsiyamizda hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida oʻrnatilishi mumkin emas, deb bekorga yozilmagan. Ana shu jarayonda odamlarni birlashtiruvchi yagona vosita, mexanizm, bu — qonun ustuvorligidir. Yaʼni milliy gʻoya sifatida, biz huquqshunoslar aholini qonun ustuvorligi gʻoyasi atrofida birlashtirish maqsadga muvofiq boʻladi, deb hisoblaymiz. Chunki qonun odamlarning axloqiy, siyosiy qarashlaridan qatʼi nazar, yagona talablarni belgilaydi. Barcha uchun majburiy meʼyorlarni oʻrnatadi.
Qonun ustuvorligi esa shunday meʼYorki, fikrlar xilma-xil boʻlsa ham munosabat, yondashuv bir xil boʻladi. Shu bilan birga, qonun ustuvorligi turli fikrlarni ham hurmat qiladi. Muammo bir yoqlamalik bilan emas, huquqiy vositalar orqali hal etiladi.
Oʻzbekchilik – oʻzbilarmonlikka yoʻl ochmasin
Qonun boshqalarning huquqini qanday hurmat qilishni oʻrgatish bilan birga, haqimizni talab etishga ham zamin yaratadi. Ishonasizmi, shuni bilsa ham haqini qonuniy yoʻl bilan talab etolmaydigan yurtdoshlarimiz bor. Shunday vaziyatlarda oʻzbekchilik, degan niqob ortiga yashirinamiz. Ana shu xato tushuncha sabab qonuniy choralarni chetlab oʻtishga urinamiz.
Masalan, qoidabuzarligimiz sabab tartib posbonlari toʻxtatsa, oʻzbekmisiz, deymiz. Kimdir haqimizni yeb ketsa, oʻziga insof bersin, shuni deb yuzim shuvit boʻlmasin, deya qoʻl siltaymiz. Yaqinda qiziq holatga duch keldim. Qoʻshnim hamkasbi uchun kredit oladi. Qarz oluvchi kreditni oʻz vaqtida toʻlamaydi. Oddiy qorovul boʻlib ishlaydigan qoʻshnimning maoshi ham oʻziga yarasha. U bor pulini shu kreditni toʻlashga sarflaydi. Ikki yil davomida maoshining yarmi birovning qarzi uchun sarf etiladi. Hamkasbi esa oradan shuncha vaqt oʻtsa ham pulni qaytarish haqida oʻylamaydi. Qoʻshnim tang vaziyatda qolgach, yaqinlarining qistovi bilan sudga ariza beradi. Dastlabki oʻrganishdayoq aybdorlik aniq boʻlgach, nizo tomonlar kelishuvi asosida yopiladigan boʻladi. Ammo bir muddat oʻtishi bilan qarz oluvchi diydiyoni boshlaydi: “Hozir moddiy ahvolim yaxshi emas, arizani qaytarib oling, pulni albatta toʻlayman, faqat ozgina kuting”.
Oʻzini chohga tashlab boʻlsada, boshqaga yomonlik istamaydigan oqkoʻngil qoʻshnim bu shartga rozi boʻlishiga bir bahya qoladi. Qoʻshnilarning maslahati, qonun posbonlari toʻgʻri yoʻl koʻrsatgani bois arizani qaytarib olmadi. Bu kabi hodisalarga duch kelganimda doim bitta savol qiynaydi: nega shundaymiz?!
Ijtimoiy tarmoqlarda, oʻzaro suhbatlar chogʻida masʼullarning beparvoligi, vazifasini bajarmasligidan noliymiz. Ammo vaqti kelganida huquqimizni talab qilishni bilmaymiz. Bunday vaziyatda qoʻshnim kabi yoʻl tutishni maʼqul koʻramiz. Gohida haqimizni talab etishda ham oshirib yuboramiz, faqat oʻzimizning haqiqatimizni ilgari suramiz. Bu ham aslida huquqiy bilim, ong yetishmasligidan dalolat. Bunday vaziyatlarga barham berish uchun nima qilish kerak?
— Avvalo, inson huquqlari sohasidagi taʼlimni yanada kuchaytirish zarur, — deydi H.Yunusov. — Maʼlumki, bu borada mamlakatimizda va jahon miqyosida bir qator nufuzli hujjatlar qabul qilingan. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturi, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Jahon taʼlim dasturi shular jumlasidandir. Ularda inson huquqlari sohasida uzluksiz taʼlim orqali huquqiy savodxonlikni yuksaltirish koʻzda tutilgan. Pirovard maqsad – har kimning oʻz huquqlarini bilishi va ulardan foydalana olishiga erishishdir.
Yaʼni kishilar, birinchi navbatda, inson huquqlariga oid bilimga ega boʻlish kerak. Biroq shu bilan cheklanib qolmasdan, mazkur bilimlardan foydalana olish malakasiga ham ega boʻlishi lozim. Jamiyatimizda masalaning ayni mana shu jihatida “depsinish” bor. Oddiy odamlar qonunlardan xabardor boʻlgan holatlarda ham oʻz huquqlarini himoya qilish yoki ularni tiklash mavridi kelganda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishda sustkashlikka yoʻl qoʻyadi. Demak, fuqarolar ongi va xulq-atvorida huquqlardan foydalanishning amaliy koʻnikmasini rivojlantirish kerak.
Bu borada balki amaliy trening kurslarini tashkil etish kerakdir. Eng muhimi, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ilgʻor amaliy tajribalarni ommalashtirish lozim. Kimning huquqlari muvaffaqiyatli himoya qilingani yoki ularning tiklangani keng jamoatchilikka bong urib yetkazilishi kerak. Shunday amaliy natijalar fuqarolarda ishonch ruhini mustahkamlaydi. Ularni befarqlik yoki hafsalasizlik kayfiyatidan xalos qiladi, keyingi qadamlar sari ilhomlantiradi.
Yoʻldagi sunʼiy toʻsiqlar va qonunchilik
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida qonun ustuvorligini taʼminlash borasida bir qancha vazifalar belgilab berilgan. Ular orasida qonun ijodkorligida xalqning ishtirokini kuchaytirishdan tortib, sudlar mustaqilligi, advokatura sohasidagi oʻzgarishlargacha qamrab olingan. Chunki mamlakat taraqqiy etishi uchun qonunlar barchaga barobar kerak.
Qonunlarga tayangan jamiyat tabiiy ravishda paydo boʻlgan, dedik. Shu bois, qonun ustuvorligi doim tabiat qonunlariga amal qilib ishlaydi. Yaʼni huquq va burchlarmiz xuddi daraxtga oʻxshaydi. Daraxtlar havoni tozalab bergani singari, qonunlar jamiyatni illatlardan tozalaydi. Nihol unishi uchun tepadan nur, ildizdan suv ichishi kerak.
Qonunlar ham xuddi shunday. Qonun ustuvorligiga davlat miqyosida imkoniyat beriladi. Ularga ehtiyoj esa dastlab jamiyatning eng quyi boʻgʻinida shakllanadi. Agar jamiyatda, oddiy odamlar orasida qonunlarni hurmat qilish hissi tugʻilmas ekan, masʼullardan masʼuliyatli boʻlishni talab etib boʻlmaydi. Negaki, bunday jamiyatda insonlar oʻrtasida sogʻlom munosabat kam boʻladi. Oʻzaro hurmat kamayadi. Quyi boʻgʻindagi mazkur oltin halqa buzilsa, xuddi men mehmonga borgan mahalladagi kabi boshi berk koʻchalarni ham sunʼiy toʻsiq bilan tartibga solishga majbur boʻlamiz.
Qiziq, bir hovuch odam yashaydigan, begonalar deyarli kelmaydigan koʻchadagi har bir uy roʻparasida sunʼiy toʻsiq bor. Bu xuddi har bir shaxs oʻzi uchun mustaqil qonun yaratib olishiga oʻxshaydi. Uyining yonidan boshqalar sekin oʻtishini istagan kishi boshqalarning darvozasi oldida tezlikni kamaytirmaydi. Bunday vaziyatda faqat qonun ustivorligi qoʻl keladi.
Ha, insoniylik nisbatan kamaygan, axloqiy qoidalarga amal qilish susaygan vaqtda ham qonunga itoatkorlik koʻnikmasi orqali jamiyatni barqaror ushlab turish mumkin. Shunday ekan, har birimiz huquqiy savodxonlikni puxta oʻzlashtirishimiz, qanchalik malol kelmasin, bir martalik foydamiz uchun ularni aylanib oʻtmaslikni oʻrganishimiz shart. Shundagina oʻzimiz istagan taraqqiy etgan jamiyatni qura olamiz. Zero, daraxt ildizdan quvvat olib, osmonga qarab boʻy choʻzadi.
Boboravshan GʻOZIDDINOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri