IHT Sammiti – savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishi uchun platforma

    Xalqaro hamkorlik 9 Noyabr 2023 1378

    Bugungi kunda Oʻzbekiston faol, pragmatik va koʻp tomonlama tashqi siyosat yurityapti. Mamlakatimiz tashqi siyosatining muhim yoʻnalishi bu yaqin va uzoq xorij davlatlari, shuningdek, MDH, SHHT, TDT, IHT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishdir. Ular orasida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) alohida oʻrin tutadi.

    Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti — mintaqaviy hukumatlararo tashkilot boʻlib, 1985-yil Tehronda (Eron) tashkil etilgan. Uning maqsadi – Janubiy va Oʻrta Osiyo hamda Yaqin Sharq davlatlari oʻrtasidagi savdo va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish. IHT BMT va Islom hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega.

    IHT hamkorligining asosiy yoʻnalishlari aʼzo davlatlar rahbarlarining har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan sammitlarida belgilanadi. Bugungi kunda IHTga oʻnta davlat – Ozarbayjon, Afgʻoniston, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan. Oʻzbekiston IHTga 1992-yilda aʼzo boʻlgan. 2017-yildan boshlab davlat rahbarlarining sammiti har ikki yilda muntazam ravishda oʻtkazila boshlandi.

    Bu yil Toshkentda boʻlib oʻtadigan sammit doirasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish, savdo toʻsiqlarini bartaraf etish hamda tovarlar va xizmatlar harakatini soddalashtirish, shuningdek, transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish va mintaqaning tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar muhokama etiladi. Bundan tashqari, joriy Sammit kun tartibiga sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, energetika, turizm, iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi oʻzaro hamkorlik, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari kiritilgan.

    Oʻzbekiston har bir yoʻnalish boʻyicha aniq dasturlar va “yoʻl xaritalar”ni qabul qilish taklifi bilan chiqyapti, ularning amalga oshirilishi IHT makonida iqtisodiy va gumanitar aloqalarni mustahkamlaydi.

    Maʼlumot uchun: 2022-yilda Oʻzbekistonning IHT mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashda eng katta ulushi Qozogʻiston (37,5%) va Turkiya (26,3%), Qirgʻiziston (10,2%), Turkmaniston (7,5%), Afgʻoniston (6,1%), Tojikiston ( 5,5%, Eron (3,5%), Pokiston (1,9%) va Ozarbayjonga (1,5%) tegishli. Shu bilan birga, 2022-yilda IHT aʼzo davlatlarining umumiy savdo aylanmasi 1 trillion dollarni tashkil etdi.

    2023-yil 9 oy yakuni boʻyicha Oʻzbekistonning IHT aʼzo davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 9,2 milliard dollarni, Oʻzbekistonning umumiy savdo aylanmasida IHT aʼzo davlatlari ulushi 20,5% ni tashkil etdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va sado vazirligi matbuot xizmati.

    Hududlararo ekspertlar savdosini koʻpaytirish va ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston IHT kotibiyati bilan birgalikda Tashkilot mamlakatlari bilan Savdoga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi bitimni ishlab chiqish va kelishish ustida ishlayapti, uning qoʻshma ishchi guruhining birinchi yigʻilishi 22-iyunda Anqara shahrida boʻlib oʻtdi. Bitim bojxona maʼmuriyatchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya, fitosanitariya tartib-qoidalarini uygʻunlashtirish, soddalashtirish va raqamlashtirishni hamda mintaqaviy elektron tijorat platformasini ishga tushirish bilan veterinariya nazoratini taʼminlaydi.

    Tashkilotga aʼzo mamlakatlar hududida va tashqarisida transport yoʻlaklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilishni hisobga olgan holda, IHT doirasida transport aloqalarini mustahkamlash ham birdek muhim.

    Mutaxassislarning fikricha, joriy sammit natijalari keskin kelishuvlarga erishish va IHTga aʼzo davlatlar uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishni sezilarli darajada faollashtirish imkonini beradi.