“Taqdirlar” nomli turkum telekoʻrsatuvni tomosha qilib turaman. Hammasi bir xil saviyada emas, ammo koʻplarga hayotiy saboq boʻladigan, ota-onalar, yoshlar oʻzlari uchun tegishli xulosa chiqarib olishi zarur boʻlgan sermazmun jihatlar bor. Ijodkorlarning maqsadi ham shu.

Yaqinda “Taqdirlar”ning navbatdagi seriyasi toʻylar, toʻy marosimlari, sarf­xa­rajatlar, toʻydan keyin yuzaga kelayotgan mojarolar, toʻy oʻchogʻining choʻgʻi oʻchmay turib oʻrtaga tushayotgan sovuqchilik kabi muammolarga bagʻishlandi. Bugungi asab­buzar serial lar yodga tushdi. Toʻyda qiz tomon yuborgan narsalardan koʻngli toʻlmagan muhtarama qaynona bir kunlik keliniga: “Orqangga bir tepaman, onangning uyiga borib tushasan” deb turibdi.

Oʻylab qolaman. Toʻy oʻzi nima? Boyligini koʻz­koʻz qilish, qizini bermaganlarni tavbasiga tayantirish, buning uchun borini sochish, yoʻgʻini qarzga olish, quda tomondan koʻproq narsa undirishmi? Yoʻq, aslo bunday emas. Toʻydan maqsad — el oldiga shukrona­lik dasturxoni yozish, eldan duo olish. Shun­day ekan, toʻyxona, kiyimlar, taqinchoqlar, qaynonaning kelin qoʻliga taqib qoʻygan tilla uzugi, kuyovning yaltillagan mashinasi... ikki­uch kunga shuncha narsa ijaraga olinga­nini qanday tushunish mumkin? Toʻyning er­tasigayoq kuyovbolaning vazirlikda ishlashi ham gʻirt yolgʻonligi bilinib tursa­ya? Birov nogahon hushtak chalvorsa qulaydigan pufak poydevor ustiga qurilgan bunday oilalar “ildiz otib, palak yozadi” deb oʻylaysizmi? Aslo. Oila sifatida uzoqqa bormaydi, bordi­yu yashab qolsa ham yolgʻonchilik keyingi avlodlarga oʻtadi. “Zoʻr bilan boʻlgan imorat oxiri vayronadir”, degan gap bor. Yolgʻon ara­lashgan hamma narsa sinadi, toʻkiladi. Shun­ga qaramay, yolgʻonchilik illati koʻplarning odatiy turmush tarziga aylanib bormoqda. Yolgʻon baʼzilar uchun moʻmay daromad manbai boʻlib qoldi. Yaqinda oʻqidim — sunʼiy robotlar hozirning oʻzidayoq yolgʻon gapirishni, quvlik qilishni oʻrganib olibdi. “Hoy, bitta sen qoluvding aldamaydigan, bu nimasi?” desangiz, mulla robot pinagini buzmay: “Avval oʻzingga boq, keyin nogʻora qoq” desa, mulzam boʻlasiz.

Nahotki, bu ayanchli holatlar hayotda bor boʻlsa, mahalla, el­yurtning koʻz oʻngida sodir boʻlayotgan boʻlsa, deya yoqa ushlaging keladi. Oʻta ogʻir, mashaqqatli sinovlardan oʻtgan oriyatli, gʻururli xalqmiz, “Hay, mahalla eshitmasin, gap koʻchaga chiqmasin”, deya ovo­zimizni pastlatamiz, uncha­muncha kamchiligimizni ovoza qilmaymiz, uyga mehmon kelsa, arazlashib yurgan er­xotin oʻz­oʻzidan yarashib ketadi. Bugun bizga nima boʻldi oʻzi?

Shu satrlarni qogʻozga tushirayotganimda oʻtgan asrning elliginchi yillari, qahra­ton qish koʻz oldimga keldi. Qahatchilikka yaqin holat. Koʻpchilikning qozoni qaynamay qoʻygan, bolajon oilalarga qiyin, otalar ilojsiz. Ammo nolish yoʻq. Bolalari qoʻsh­nilarning uyiga chiqib, tengdoshlari bilan oʻynamoqchi boʻlsa, ota­ona ularga: “Ovqat yey­sanmi deb soʻrashsa, yoʻq, qornim toʻq”, degin, deb qattiq tayinlaydi. Nahotki, bugungi tinch, toʻkin­sochin zamonda shunday shar­mandali koʻzboʻyamachilik hayotimizga kirib kelayotgan, ildiz otayotgan, jamoatchilik esa bunga eʼtibor bermayotgan boʻlsa?!

Ishonish qiyin. Notoʻgʻri xulosa chiqar­mayin, oʻrinsiz vahima koʻtarmayin deb kasbdoshlarimning fikrini bilishga qiziqdim, ijodiy safarlarimda suhbatdosh­larimdan soʻradim. Tahririyatga kelgan mahalla oqsoqoli bilan shu mavzuda uzoq suhbatlashdik. Sahnada emas, “kelin salom” marosimini oʻtkazishda favqulodda yuksak natijalarga erishayotgan ayrim sanʼatkor­larni ham savolga tutdim. Hayratlanarli­si shuki, xuddi avvaldan kelishib olgan­day, hammasining javobi bir xil boʻldi:

“Ha, shunaqa yolgʻonlar ham bor, obroʻ olish kerak­da”. Keyin hammasi bir­ikkitadan misol keltirdi. Kuyovning shahar chetidagi dangʻillama uyi oʻziniki emas, ijara uyli­gi bilingach, ayol qudalar yoqalashishgacha bo­ribdi. Boshqa bir holatda kelinning otasi qiziga kuyov tomonning vakili boʻlib kelgan, maqtovni qoyillatgan “kelintopar”ning boʻyniga toʻy xarajatini ilibdi. Boisi, kuyov bola giyohvandlikka berilganlardan ekan. Bir ijarachi uch kunlik ijara pulini toʻla­magan mijozni qudalarning oldida haqorat­labdi. Yanada taʼsirlisi — “kelin salom” payti ijaraga olingan uzuklardan biri os­monga uchganday yoʻqolibdi. Qidirilmagan joy qolmabdi, kimlardandir gumon qili­nibdi, janjal chiqib, salomchi “sanʼatkor”­ning chirmandasi yorilibdi...

Bulardan ham ayanchli misollar eshitdim. Koʻp joyda nikoh bazmlari, quda chaqiriq, kuyov chaqiriq kabi kimoshdi marosimla­ri oʻtkaziladigan maxsus ijara hovlilar, kottejlar paydo boʻlibdi. Moʻmay daromad. Qudalarni darvoza oldida kutib oladigan mansabdor “qarindosh”lar, haybatidan dev hurkadigan mashinalar — bular ham ijara.

Bugungi kelin­kuyovlar kechagi kelin­ kuyovlar emas. Oʻzgarish katta. Qaysi tomonga deysizmi? Oila maktabining hali birinchi sinfida saboq olmagan qizlar toʻydan keyin alohida yashashadimi yoki qaynona­qaynota xizmatida boʻladilarmi — shunga qiziqadi. Kuyovlar boʻlsa, toʻy kuni qaynota qanday ma­shina sovgʻa qilishi haqida oʻylaydi. Choyxo­nada kerilib oʻtirishi kerak­da.

Misol keltirishni shu joyda toʻxtata­man. Chunki har qanday misol targʻibotga aylanishi mumkin. Bolaga: “Mana bu narsa­lar senga, mana bunisiga tegma, yomon narsa”, desangiz, bola­da, oʻsha “yomon” narsaning nimaligini bilishga qiziqadi, bilmagun­cha qoʻymaydi. Ancha yil avval televideniye­da “Qirq togʻoraning qirq nogʻorasi” degan serial namoyish qilinib, unda qudanikiga yuboriladigan togʻoralar jiddiy tanqid ostiga olingandi. Koʻpchilik uni toʻgʻri qabul qildi. Ammo tumanlarimizdan bi­rida yashaydigan ijodkor doʻstimiz tahri­riyatga bunday kinoyali xat yozgani yodimda:

“Televizorda nima baloni boshlashdi, biz­da hech kim qudanikidan keladigan togʻoraga eʼtibor bermasdi. Mana endi: “E, shaharda qirqtagacha togʻora yuborilar ekan­da, nima, biz ulardan kammizmi?” deb togʻora sanashga oʻtildi...”.

Oʻzimizga kelaylik. Dunyo tamadduniga hissa qoʻshgan xalqmiz. Bunday ayanchli ahvol­ga tushib qolayotganimizni nahotki sezmayot­gan boʻlsak? Bitta beli baquvvat, bu dunyoda yashashdan maqsad nimaligini anglamagan boyvachcha boshlaydi, ikkinchisi davom etti­radi, uchinchisi havas qiladi, toʻrtinchisi shulardan qolamanmi, deydi­da, qarz koʻtara­di. Jamoatchilik jim. Goh­gohida yuqoridan bir ishora boʻlsa, “Hay, sal pasaytiringlar”, deyilsa, pasaytiramiz. Ammo oradan koʻp oʻtmay, yana avvalgi holga qaytamiz, undan oshirib ham yuboramiz. Men emas, boshqalar pasaytirsin, deymiz. Toʻyimiz mahallada duv­duv gap boʻlishini, hammaning ogʻzi ochi­lib qolishini xohlaymiz. Ogʻir pandemiya kunlari oʻtgan ixcham toʻylar har jihatdan namunali edi. Shunga koʻnika boshlagandik. Afsuski, eski “kasalimiz” qoʻzidi, besh yuz kishilik bazmlar bugun oddiy voqea, oʻttiz kishilik toʻylar esa kulgiga qolib, Avaz Oxunning repertuaridan joy oldi.

Toʻy — toʻqchilik, maʼmurchilik belgisi. Toʻy­tomoshasiga qarab, u yoki bu mamlakatda elning turmushi, xarid quvvati qandayligi­ni tasavvur qilish mumkin. Odamlar oila qurib yashashga oʻrganganidan beri toʻylar takomil topib keladi. Mamlakat rivojlan­gani sari insonning iqtisodiy ehtiyoji bilan birga maʼnaviy orzu­havasi ham oshib boradi. Bir davrning toʻyi boshqa davrning toʻyiga oʻxshamaydi. Oʻtgan asrning elli­ginchi yillari qishlogʻimizda yashagan Oy­mon kampirning oʻgʻli, kolxoz hoʻkizlarini boqadigan Buzrukxoʻja uylanganida mahal­la bu nochor oilaga yordam qilib, kichikroq dasturxon tuzagan, ikki kishilik kuyovnav­karni pish loq, turshak, mayiz, yongʻoq bilan siylagan ekan. Joʻralar Buzrukxoʻjani chi­mildiqqa kiritib, uy­uyiga tarqalayotgani­da kutilmagan voqea yuz beribdi: kuyov bola doʻrillagan ovozda chimildiqning ichidan turib, enasini chaqira boshlabdi. Oymon kampir qaznoqda qoʻni­qoʻshnilari bilan gaplashib oʻtirgan ekan, oʻtakasi yorilib, chi­mildiqning oldiga kelsa, Buzrukxoʻja: “Ena, hoʻkizlarga kunjara berib qoʻying, oʻlib­ne­tib qolmasin tagʻin...”, dermish. Qish qahr­li kelib, yem­xashak anqoning urugʻi boʻlib turganida hoʻkizboqarning xayoli chimildiq ichidagi kelinda emas, jamoaning ochlikdan sulayib qolgan hoʻkizlarida boʻlgan ekan. Bu voqeani bugun kimga ham aytasiz?

Toʻyning qanday oʻtishi, xarajat qancha boʻlishini topshiriq bilan chegaralab boʻl­maydi. Har bitta toʻyxona eshigi oldiga bittadan nazoratchi qoʻyishning imkoni yoʻq. Bundan oʻn yillar avval Madaniyat vazirligi va bir necha madaniy­maʼrifiy tashkilotlar tashabbusi bilan toʻylarda qanday qoʻshiqlar kuylanishi, bazm qanday boshlanib, qanday tugashi, kimlar tabrik soʻzi aytishi xususi­da maxsus nizom ishlab chiqilgani yodimizda. Hech nima oʻzgargani yoʻq. Bunday koʻrsatma­ni hech kim qabul qilmadi, qilmaydi ham. Fik rimizcha, toʻyning darajasi toʻychivoy togʻamizning imkoniyati, mahallada shakl­langan odob­axloq meʼyorlaridan kelib chiqib belgilanishi maqsadga muvofiq. Or­ nomusli, ziyoli, ibodatli oilalar farzand­larining toʻyiga behayo, yarim yalangʻoch koʻcha “raqqosa”larini taklif qilmaydi. Shira­kayf yigitchalar (shoʻxligi qolmagan baʼzi moʻysafidlar ham) bazmda ularni yoshlar, bolalarning koʻz oʻngida quchoqlab koʻtarish­maydi. Dunyo dunyo boʻlganidan beri hech joy­da bunday sharmandalik boʻlgan emas. Oʻzini hurmat qiladigan kishilar qoʻli uzunligi­ni koʻz­koʻz qilib, mantiqsiz marosimlarni oʻylab topmaydi. Toʻydan avval xonadonni, hovlini bir sidra tozalab chiqadi. Chunki mehmonlar faqat dasturxonga qaramaydi. Bundan ancha yil avval xorijdan kelgan ikki hamkasbimizga hamrohlik qilib voha­ga borganman. Mehmonlar tarixiy joylar­ni koʻrdi, koʻziga ishonmay tomosha qildi. Keyin ularni bir doʻstimizning xonadonida oʻtkazilayotgan toʻyga taklif qildik. Hamma­si joyida. Izzat­ikrom, sovgʻa­salom, taom ustiga taom. Qoʻshiq avjida, raqslar ofa­tijon. Toʻyonaning keti uzilmaydi. Qani endi, bizda ham odamlar bir­biriga shunday mehribon boʻlsa deb havas qilishdi. Keyin... bir “detal” bu havaslarning hammasini yoʻqqa chiqardi. Qanday aytsam ekan: bazm yakunida mehmonlardan biri... hamma piyoda boradigan joyni soʻrab qoldi. Olib borib, koʻrsatishdi. Mehmon paxta teriladigan etak matosidan qilingan qoʻlbola pardani koʻtarib, ichkariga qadam qoʻydi­yu, xuddi zaharli ilonning dumini bosib olganday sapchib, orqaga qaytdi. Vaqtni oʻtkazmay, mehmonxonaga ulgurib keldik. Afsuski, u yerda ham “piyoda boriladigan joy” ahvoli avvalgisidan durust emas...

Milliy anʼana, xalq ijodi, degan iboralar bor. Xalq bir joyda yigʻilib, “Qani, birodarlar, yangi bir urf­odat oʻy­lab topaylik, toʻylarda ijro etiladigan kuy­qoʻshiq yarataylik”, demaydi. Mil­liy urf­odatlar yillar, asrlar davomida shakl lanadi, ne­ne sinovlar elagidan oʻta­di. Shunday ekan, milliy urf­odat yara­tuvchi xalqning bir vakili sifatida har birimiz zimmamizdagi bu ulugʻ vakolatga jiddiy masʼuliyat bilan yondashishimiz ke­rak. Shunday qilmasak, toʻylarimiz tobora qalbakilashib boraveradi. Umrimizning katta qismi toʻy tashvishi bilan oʻtadi. Bir boyvachcha oʻylab topgan koʻngilxushlik ertaga “milliy anʼana”ga aylanadi, il­diz otadi. “Oʻchoq koʻmdi”, “Kalla soldi”, “Sochiq yuvdi”, “Kuyov oshi”, qiz uzatilgan boʻlsa, “Ota yupatdi” degan marosimlar paydo boʻladi. Vodiyda shunday marosim­lardan biriga meni ham taklif qilishgan. Afsuski, “Ota yupatdi” marosimi “Ota qulatdi”ga aylanib ketdi...

Ortiqcha marosimlar haqida qayerda gap boshlanmasin, koʻpchilik: “Toparman­tutar­manlar oshirib yuboryapti, isrof garchilikni bas qilaylik, birovda bor, birovda yoʻq — ixchamlashtirmasa boʻlmaydi”, deydi. Hamma oyoqni koʻrpaga, mahallaga, el­yurtga qarab uzatish tarafdori. Biroq amaliy ishga kel­ganda, butunlay boshqacha manzara. “Qani, bu ishni kimdan boshlaymiz?” deyilsa, bas, koʻpchilik oʻzini chetga oladi.

Toʻylarga nomdor sanʼatkorlarni taklif qilish beli baquvvatlar uchun oddiy yumush boʻlib qoldi. El xizmatida boʻlish ayb emas. Isteʼdodi bor, ijro mahorati yuksak, mu­siqiy didi baland kishilargina sanʼatkor degan sharafli nomga, muxlislar hurma­tiga sazovor boʻladi. Buning uchun necha oʻn yillab izlanish, ustozlardan saboq olish, uncha­muncha sarf­xarajatni zimmaga olish­ga toʻgʻri keladi. Bitta syujetli klipning xarajati bugun falon pul. Shunday ekan, chin sanʼatkorga hech kim toʻyga borma, de­maydi, borganlari avvalgi yillardagidek qora roʻyxatga tushmaydi. Ammo bu “tirikchi­lik”da ham raqobat kuchayib bormoqda: toʻy talashish, qoʻshiq talashish boshlandi. Ozroq faromush boʻlsangiz, safdan chiqasiz­qola­siz. Toʻy bazmlarida goʻzal qoʻshiqlar ijro etilsa, sanʼatkorlar bir­birini hurmat qilsa, shogirdlar ustozlarga yoʻl bersa, bunga nima yetsin?! Navbat talashib, el­yurt oldida obroʻsini toʻksa, bundan yomoni yoʻq. Kamoliddin Rahimov, Otajon Xudoyshuku­rov, Ortiq Otajonov, Nuriddin Hamroqu­lov, Oʻlmas Saidjonov kabi sanʼatkorlar ham toʻylarda xizmat qilgan, ammo shu choqqa­cha ularning birortasi haqida nordon gap eshitmaganman.

Toʻy haqida juda koʻp yoziladi, men ham ancha­muncha qogʻoz qoralaganman. Maqola­larimdan birini avvaliga “ZAGS mudira­si ZAGSdan oʻtganmi?” deb nomladim. Koʻp toʻylarda kelin­kuyovning nikohi visol oq­shomida roʻyxatga olinadi. Oʻz vaqtida bu yangi odatni qoʻllab­quvvatlaganmiz. Ammo bir toʻyda Adliya vazirligi nomidan nikoh­ni rasman qayd etgan, ularga oila va nikoh masalalarida zarur maslahatlar bergan yosh mudiraning soʻzlarini tinglab, koʻnglimda “Bu nozik nihol singilchamiz turmush qur­ganmi oʻzi?” degan ishtiboh paydo boʻldi. Joʻn, umumiy, yodlab olingan, toʻylarda bir xil takrorlanadigan hissiz, quruq gaplar. Nikohni qayd etish marosimini mahal­lalarimizda umrguzaronlik qilayotgan, oila qurganlariga ellik, oltmish yil boʻl­gan, uvali­juvali, farzandlari tarbiyali, imon­eʼtiqodli otaxon­onaxonlar ishtiro­kida oʻtkazish, ularning vafo­sadoqatini, turmush sinovlariga bardoshini yoshlarga namuna qilib koʻrsatish kerak emasmi?!

Bugun mamlakatimiz ulkan toʻyxonaga oʻxshaydi. Yangi­yangi zamonaviy binolar, sanʼat, madaniyat va sport saroylari, oliy oʻquv yurtlarining muhtasham binolari bi­lan birga dabdabali, biri ikkinchisiga oʻx­shamaydigan toʻyxonalar ham shitob bilan qurilmoqda. Toʻy tadorigini koʻrayotgan, toʻyxona qurayotgan xalqqa dunyo havas qiladi. Ayniqsa, bugun. Men esa yana niyat qilaman: saxovatpesha tadbirkorlarimiz toʻyxonalar bilan birga mahallalarda, mavzelarda ku­tubxona, qiroatxonalar ham qursa, ularni adabiy­badiiy, maʼnaviy­axloqiy adabiyot­lar, kundalik nashrlar bilan toʻldirsa, zoʻr ish boʻlardi­da. Deputatlarimiz bunday sa­xovatli ishlarni qoʻllab­quvvatlashi aniq. Chunki maʼrifiy binolardan taraladigan ziyo xalqimizning buyuk kelajak sari yoʻli­ni yanada nurafshon qiladi.

Ahmadjon Meliboyev, jurnalist