“Ijtimoiy fikr”: respondentlarning 83 foizi konstitutsiyaviy islohotlarni qoʻllab-quvvatlaydi

    Fan 28 Iyun 2022 1491

    “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish jarayoni, mamlakatimiz asosiy Qonunini bugungi davr talablariga mos ravishda takomillashtirish zaruriyati, davlatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi uchun huquqiy asos yaratish haqida jamoatchilik fikrini oʻrganishga bagʻishlangan kompleks tadqiqot oʻtkazdi.

    Bu haqda “Ijtimoiy fikr” RJFOʻM axborot xizmati xabar berdi.

    Maʼlum boʻlishicha, 88 foiz soʻrov ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar toʻplash jarayoni boshlanganidan xabardor. Bu mamlakatda kechayotgan siyosiy jarayonlarga jamoatchilik keng qatlamlarining jalb etilganidan, davlat taqdiri uchun fuqarolarning daxldorlik va javobgarlik hissidan dalolat beradi.

    Aksariyat respondentlar - 83 foizi konstitutsiyaviy islohotlarni qoʻllab-quvvatlaydi va zamonaviy sharoitlarda Konstitutsiyani takomillashtirish zaruriyatini eʼtirof etadi.

    Tadqiqot doirasida Konstitutsiyaviy komissiyaning faoliyati toʻgʻrisida fuqarolarning xabardorligini aniqlash vazifasi qoʻyilgan edi, soʻrovning koʻrsatishicha, 76 foiz respondent mazkur komissiyaning faoliyati toʻgʻrisida biladi.

    Olingan maʼlumotlarga koʻra, 47,2 foiz respondentlar taqdim etilgan imkoniyatdan foydalanish va Asosiy qonunni takomillashtirish jarayonida ishtirok etishni oʻzi uchun muhim, deb hisoblaydi, 24,1 foiz fuqarolar ushbu imkoniyatdan foydalanib, amaldagi Konstitutsiyaga kiritish uchun oʻz taklif va qoʻshimchalarini taqdim etib ulgurgan.

    Tadqiqot davomida mamlakat Asosiy qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishning boshlangan jarayoni toʻgʻrisida olinayotgan axborot manbalari oʻrganildi. 32,8 foiz soʻralgan fuqarolar ushbu axborotni televideniye orqali olganlar. SMS-xabarlarni yuborishning ham ahamiyati kam boʻlmadi – ular orqali axborotni 23 foiz respondentlar olishgan. Telegramm-kanallar yordamida bunday axborotni 17 fioz respondentlar, ijtimoiy tarmoqlardan (feysbuk, instagram) esa 15 foiz soʻrov ishtirokchilari olganlar.

    Jamoatchilik fikri soʻrovining tahlili shuni koʻrsatdiki, soʻrov ishtirokchilarining fikriga koʻra, Konstitutsiyada aks ettirilishi lozim boʻlgan asosiy dolzarb yoʻnalishlar – bu davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlashni kuchaytirish, aholining ehtiyojmand qatlamlarining (nogironligi boʻlgan shaxslar, ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalar, boquvchisini yoʻqotgan ayollar, keksalar va pensionerlar) ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, shuningdek, yoshlarning davlat va jamiyatdagi rolini mustahkamlash masalalari hisoblanadi.

    Tadqiqot, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik huquqlarni amalga oshirish masalalari muhim yoʻnalish hisoblanishini koʻrsatdi. Respondentlar umuminsoniy, milliy va oilaviy qadriyatlarni shakllantirish va mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratish, xususiy mulk muhofazasini kuchaytirish kabi yoʻnalishlar va taʼlim sifatini taʼminlash masalalarini ham tilga olishdi.

    Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, soʻrov ishtirokchilari mamlakatning Asosiy qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish katta masʼuliyatni va har bir fuqaroning ishtirokini talab qiladigan, mamlakatning istiqboldagi rivojiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan jarayon ekanligini anglaydilar.

    Umuman olganda, jamoatchilik fikrining oʻtkazilgan kompleks tadqiqoti shuni ishonch bilan koʻrsatmoqdaki, Asosiy qonun oʻzining yangi tahririda, hech shubhasiz, jamiyat va davlat hokimiyatining birgalikdagi jamoaviy saʼy-harakatlari natijasi boʻladi, taklif etilayotgan oʻzgartirishlar mohiyati bilan esa hokimiyat organlari faoliyatining diqqat markazida inson turishi, amalga oshirilayotgan barcha konstitutsiyaviy islohotlarning oliy maqsadi – har bir fuqaroga oʻzini, qobiliyatlarini toʻla roʻyobga chiqarish imkonini beradigan, fuqarolar uchun munosib turmush sharoitini yaratishdan iborat boʻlishi kerakligi taʼkidlanmoqda.