Tadbirda, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 1000 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun: Afgʻoniston Oʻzbekiston uchun beshinchi yirik eksport bozori hisoblanadi. Oxirgi besh yilda ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb bir yarim barobar oshib, 2023-yilda 866 million dollarga yetdi. Bugungi kunda mamlakatimizda afgʻon sarmoyasi ishtirokidagi 550 ta korxona faoliyat koʻrsatib kelyapti. Ularning 443 tasi 100 foiz afgʻon kapitali ishtirokida. Oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, turizm, toʻqimachilik kabi sohalarda qoʻshma loyihalar amalga oshirib kelinyapti.
Laziz Kudratov biznes-forum ishtirokchilariga qutlov soʻzi bilan murojaat qilar ekan, hamkorlikni rivojlantirishning bir qator istiqbolli va dolzarb yoʻnalishlarini qayd etdi. Shu jumladan, ikki davlatning tegishli idoralari va tarmoq birlashmalari koʻmagida oʻzaro savdo tarkibidagi tovarlar roʻyxatini kengaytirish, ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni oshirish masalalari tilga olindi.
Ikki tomonlama savdoni kengaytirish hamda mintaqa mamlakatlariga mahsulot yetkazib berish hajmini oshirish maqsadida davlat chegara punktlarining 24 soatlik ish rejimiga oʻtishi, savdo uylarini tashkil etish, yirik transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish kabi chora-tadbirlar koʻrilayotganligi alohida taʼkidlandi.
Tadbirkorlar uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratilgan, jumladan, 15 kunlik vizasiz rejim joriy etilgan va soliqdan toʻliq xoli hudud maqomiga ega Termiz xalqaro savdo markazida ishlarni yanada faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Ikki tomonlama munosabatlar rivojining hozirgi bosqichida tadbirkorlar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni yanada faollashtirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi qoʻshma tadbirlar va tashriflar sonini koʻpaytirish chora-tadbirlari dolzarbligi taʼkidlandi. Shu oʻrinda, yangi shartnoma va bitimlar tuzish, oʻzaro biznes-forum, koʻrgazma va B2B formatida uchrashuvlar tashkil etish muhim ahamiyat kasb etyapti.
Oʻz navbatida, Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy Afgʻoniston delegatsiyasining tashrifi dasturiga kiritilgan tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilgani uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi va Oʻzbekistonning ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.
Shu bilan birga, maʼruzachi afgʻon va oʻzbek tadbirkorlarni yanada faol hamkorlikka chaqirib, ikkala tomon ham yangi loyiha va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga oʻzaro tayyor ekaniga ishontirdi.
Tadbir doirasida delegatsiyalar Afgʻonistonning zargarlik, toʻqimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, togʻ-kon sanoati, transport va logistika sohalarida faoliyat yuritayotgan 75 ta yirik kompaniyasi mahsulotlari namoyish etilgan “Made in Afghanistan” sanoat mahsulotlari koʻrgazmasiga tashrif buyurdi.
Koʻrgazma doirasida “B2B” va “G2B” muzokaralari tashkil etildi, unda tadbirkorlar yangi foydali aloqalar oʻrnatdilar hamda qoʻshma loyihalar va savdo shartnomalarining texnik jihatlarini muhokama qildi.
Forum yakunlari boʻyicha kimyo sanoati va qishloq xoʻjaligi sohasida qator savdo shartnomalari hamda logistika markazini tashkil etish boʻyicha kelishuvlar imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.