Ijtimoiy safarbarlik va faol fuqarolik pozitsiyasi

    Aqlli inson hech qachon o'zining bugungi holatidan qoniqmasligi kerak. Buyuk allomalarimiz ta'kidlashicha, insondagi o'zining bugungi holatidan qoniqish hissi bu dunyodagi barcha yaramas illatlar manbaidir.

    (Birinchi maqola)

    Bugungi O'zbekiston mamlakatimizdagi barcha kuch va imkoniyatlarni birlashtirgan holda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasini ertaga emas, aynan bugun ko'rishga intilayotgan, jonajon Vatanimizning albatta dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga kirishiga astoydil ishongan, xalqimiz hayotini, buguni va ertasini erkin va farovon qilishni o'zining eng ulug'vor vazifasiga aylantirgan jahonning mustaqil sub'ekti sifatida maydonga chiqmoqda.

    Ha, biz bugun marrani juda baland oldik. Boshqa yo'l bo'lishi ham mumkin emas edi. Chunki, zamonning shiddati, jahonda sodir bo'layotgan voqea va hodisalarning rivojlanish evolyutsiyasi shuni taqozo etmoqda, xalqaro hamjamiyatning bugungi holati shuni talab qilmoqda. Boshqacha so'z bilan aytganda, inertsiya bilan ishlash bizning milliy manfaatlarimizni amalga oshirishga xalaqit qilishi mumkin. Har bir soat, har bir kundan samarali, unumli foydalanish biz uchun suv va havo kabi zarur.

    Eng muhimi, ana shu haqiqatni xalqimiz sezib turibdi. Mamlakat rahbari tomonidan taklif etilayotgan rivojlanishning ustuvor yo'nalishlari ro'yobi yo'lida qilinayotgan barcha sa'y-harakatlar o'z samarasini bermoqda. Darhaqiqat, Prezidentimiz ta'kidlagani kabi, bugun yurtimizda erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson qadrini yuksaltirish orqali xalqparvar davlatni barpo etish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, milliy iqtisodiyotni, uning o'sish sur'atlarini zamon talablari darajasiga olib chiqish, hech shubhasiz, o'zining natijalari va samarasini bermoqda.

    Qolaversa, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, ma'rifatli jamiyatni barpo etish, bugungi kunda insoniyat, shuningdek, xalqimiz duch kelayotgan umumbashariy muammolarga o'z milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda echim topish yo'lidagi intilishlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan ham e'tirof etilmoqda. Bularning bari aksioma. Erishilgan va erishilayotgan yutuqlarimizning birortasini inkor etish mumkin emas. Bu adolatdan ham bo'lmaydi.

    Ammo erishilgan bu yutuqlaru qo'lga kiritilgan natijalar bugun bizni to'liq qoniqtira oladimi? Albatta yo'q. Ma'lumki, inson tabiati, uning ruhiyati doimo o'zgarishga, takomillashuvga moyil. Aqlli inson hech qachon o'zining bugungi holatidan qoniqmasligi kerak. Buyuk allomalarimiz ta'kidlashicha, insondagi o'zining bugungi holatidan qoniqish hissi bu dunyodagi barcha yaramas illatlar manbaidir. Ana shu holat barchamizni harakat qilishga, yaratishga, o'zimizni takomillashtirishga undaydi, rag'bat beradi.

    Keling, yaxshisi, ana shu masalalar bo'yicha o'zimizning ayrim sub'ektiv fikrlarimizni bayon etaylik. Barchamiz, butun jamiyat yurtimizda sodir bo'layotgan islohotlardan qoniqish hosil qilib turgan bir paytda, hali u, hali bu hududda adolatsizliklar yuz berayotgani, bular esa, xalqimizning haqli noroziliklariga sabab bo'layotgani bor gapku.

    Mamlakat rahbari tomonidan yaxshi va ezgu niyatlar bilan mahallalarda hokim maslahatchisi lavozimi joriy etilishini xalqimiz xursandlik bilan kutib oldi. Lekin bunday lavozimdagi ayrim nomunosib shaxslarning o'z manfaati yo'lidagi nojo'ya harakatlarini qanday tushunish mumkin? Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan — ayrim “tasodifiy” rahbarlar tomonidan sodir etilayotgan adolatsizliklarchi? Jamiyatda ro'y berayotgan turli jinoyatlar, aholimizning turli qatlamlari tomonidan amalga oshirilayotgan axloqsizliklar, ma'naviy tubanliklar — bularning bari qanday sabablar natijasida yuz bermoqda?

    Mamlakatimizda ijtimoiy adolat tantanasi yo'lida yurt rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan hayotiy islohotlarga qaramasdan, jamiyatning bunday yaramas illatlarga qarshi ijtimoiy nafratiga e'tibor qilmasdan sodir etilayotgan salbiy holatlar sababini aniqlash, ularga nisbatan to'g'ri tashxis qo'yishni bugungi eng muhim vazifalardan biri sifatida e'tirof etish mumkin.

    Shubhasiz, bu savollarga javob berish juda qiyin. Bu masalada har kimning o'z fikri, mulohazasi bor. Shu jamiyatda sodir bo'layotgan voqea-hodisalarga befarq bo'lmagan bir fuqaro sifatida ayni shu masalalarga nisbatan menda ham ba'zi mulohazalar etildi. Keling, shular haqida fikr yuritsak.

    Mening nazarimda bugungi O'zbekistonning yanada rivoj topishi, islohotlarimizning samarasi ikki muhim ijtimoiy hodisaning qay darajada amalga oshishiga bog'liq. Ulardan biri fuqarolarimizdagi ijtimoiy safarbarlik bo'lsa, ikkinchisi har birimizning yuksak fuqarolik pozitsiyamizga daxldordir. Xo'sh, ijtimoiy safarbarlik, deganda nimani tushunish mumkin? Ijtimoiy safarbarlik jamiyatning barcha fuqarolari tomonidan o'z millati va mamlakati taqdiri uchun mas'ul ekanini ongli ravishda anglagan holda, o'zidagi barcha imkoniyatlar, bilim, tajriba, malakalarni yagona maqsad yo'lida jamlay olish, ularni ezgu maqsadlarga erishish sari safarbar etish ko'nikmasidir.

    Mamlakat va millat rivojlanishida shaxslar, alohida ijtimoiy guruhlar, siyosiy partiyalar, turli tashkilotlarning o'rni juda katta. Ammo tom ma'nodagi ijtimoiy taraqqiyotni ijtimoiy safarbarliksiz tasavvur qilish qiyin. Tarixda u yoki bu davlatda butun jamiyatning ijtimoiy safarbarligi bilan bog'liq hodisalar juda ko'p. Masalan, Yaponiya tarixidagi ijtimoiy safarbarlik S.Sudzuki (1579–1655) va B.Isida (1685–1744)larning ta'limotlari asosida amalga oshirildi. Sobiq samuray, hukumat amaldori bo'lgan Sudzuki savdogar faqat daromad olish uchun tijorat bilan shug'ullansa muvaffaqiyat qozonmaydi, u xaridor va davlat ehtiyojidan kelib ishlamasa iqbol kulib boqmaydi, mehnat qilish go'yoki qushning qanotiga tengdir, deydi. U millatning mehnatga munosabati iymon va e'tiqodga aylanishini ta'kidlaydi. Sudzuki o'ziga xos yapon etikasi qoidalarini yaratadi. Bu etika aholini ijtimoiy safarbarlikka undovchi hodisa hisoblanib, unda barcha jamiyatlar uchun kishilarning ma'naviy, diniy, iqtisodiy ehtiyojini qondiradigan yaponcha axloq ustuvorlik qilar edi.

    Ana shu axloq yapon xalqini 1945 yildagi mag'lubiyatdan so'ng yagona maqsad yo'lida jipslashtirdi, birlashtirdi. Xalq tushkunlikka tushmadi. Aksincha, turli bosqinchiliklar, urushlar, zilzilalar, to'fonlar, atom bombardimonlari yapon millatini, jamiyatni jipslashtirgan holda modernizatsiya qilishga safarbar qildi.

    Xuddi shunga o'xshash siyosat Den Syaopin rahbarligida Xitoyda ham amalga oshirildi. Uning siyosati asosini markazlashuv, qonunning haqiqiy ma'nodagi ustuvorligi, qattiq tartib-intizom tashkil etdi. Den Syaopin asosiy e'tiborni demokratiyani bekorchi safsatalarga, ul`trademokratizm tarqalishiga, jamiyatda anarxiyaga, siyosiy barqarorlik buzilishiga, millat yaxlitligi barbod bo'lishiga olib kelmaslikka qaratdi. Bu vazifalarni, shubhasiz, ijtimoiy safarbarlik natijasidagina amalga oshirish mumkin edi. Ana shu ijtimoiy safarbarlik tufayli Xitoy bugun dunyoning eng tez rivojlanib borayotgan davlatiga aylandi.

    Bunday misollarni Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Janubiy-Sharqiy Osiyoning boshqa davlatlari misolida ham ko'rish mumkin. Bu mamlakatlarning bugungi kundagi taraqqiyoti asl sababi ham millat jipsligi, ulardagi ijtimoiy safarbarlikning buyuk kuchida, aslida.

    Yurtimiz misolida ham ana shunday misollarni ko'plab keltirsak bo'ladi. Masalan, To'maris, Shiroq, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, Dukchi eshon, Madaminbek, Ibrohimbek kabi xalq ozodligi yo'lida kurashgan qahramonlar tom ma'noda millatni safarbar etishning ramzi sifatida maydonga keldi. Bular haqida gap ketganda Amir Temurni yodga olamiz. Tengsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo'lgan bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o'zidan juda noyob meros qoldirdi, ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik rivojiga ulkan hissa qo'shdi. Uning “Temur tuzuklari” bugun ham millatga ruhiy kuch-quvvat beradi, beqiyos safarbarlikka undaydi.

    Ijtimoiy safarbarlik o'z-o'zidan paydo bo'ladigan hodisa emas. Mazkur hodisaning paydo bo'lishi va shakllanishi uchun davlat, jamiyat a'zolari oldida qator vazifalarni hal etish lozim bo'ladi. Ularning ayrimlari, bizning nazarimizda quyidagilardan iborat: odamlar jamiyatda sodir bo'layotgan islohotlarga o'zining daxldorlik hissini oshirishi, turli xil tahdidlarning kishilarni g'oyaviy jihatdan qaram qilishga qaratilgan harakatlarga qarshi samarali kurash olib borish ko'nikmasi kerak, jamiyat oldida turgan murakkab vazifalarni bajarishda fidoyi, vatanparvar va o'z fikriga ega bo'lishi talab etiladi.

    Ayni paytda, jamiyatda ijtimoiy safarbarlikni amalga oshirish uchun har bir fuqaro o'zida ehtiyoj sezishi lozim. Biroq bu ehtiyoj albatta jamiyat tomonidan e'tirof etilgan ijtimoiy ehtiyojga hamohang bo'lishi shart. Shuningdek, jamiyatda ijtimoiy safarbarlikka erishishning eng muhim omillaridan yana biri — davlatning o'zi ana shu safarbarlikni har tomonlama qo'llab-quvvatlashi, bunday harakatni rag'batlantirib turishi lozim.

    Bugun yangi O'zbekistonda ana shunday uyg'unlik muhiti paydo bo'lgan. Darhaqiqat, ijtimoiy safarbarlik o'z o'zidan paydo bo'ladigan hodisa emas. Uning uchun, bir tomondan, yuqorida ta'kidlaganimiz kabi, xalqning o'zi tayyor bo'lishi, bo'lak tarafdan esa, bu harakat davlat tomonidan qo'llanib turilishi kerak.

    Yana bir narsaga e'tibor berish kerak, deb o'ylaymiz: har qanday safarbarlik muayyan g'oyalar, aniq maqsadlar natijasida sodir bo'ladi. Agar bunday g'oyalar real kuchlarga suyangan, ilmiy jihatdan asoslangan bo'lsa, uning natijasiga avvaldan ishonish mumkin bo'ladi. Shu ma'noda, bugungi O'zbekistonda tom ma'nodagi ijtimoiy safarbarlikka erishish imkoniyatlari mavjud. Bunga, nazarimizda, mamlakat rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yangi O'zbekiston — Uchinchi Renessans sari” shiori va “Xalq manfaati hamma narsadan ustun” degan ezgu g'oya misol bo'la oladi.

    Prezidentimiz “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobida ta'kidlagani kabi, muayyan xalq yoki davlat hayoti uchun g'oyat muhim ahamiyat kasb etadigan biror-bir fenomen yoki u haqdagi tushuncha va tamoyillar o'z-o'zidan, osongina paydo bo'lmaydi va tasodifan dunyoga kelib qolmaydi. SHu ma'noda, har qanday hodisa, tushuncha yoki atamaning o'ziga xos shakllanish jarayoni bor. YAngi O'zbekiston fenomeni ham bundan mustasno emas. Ushbu tushuncha mamlakatimizning zamonaviy ma'naviy qiyofasini shakllantirish, yurtimizda demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi islohotlarimizning tayanch g'oyasini ifoda etadi. Ana shu g'oya asosida yurtimizda “Yangi O'zbekiston — Uchinchi Renessans sari” degan shior ilgari surilayotgani ham bejiz emas.

    Bugun barchamizni yuksak marralar sari undaydigan, oldimizga qo'ygan oliy maqsadlarga etaklaydigan ana shu g'oya, shubhasiz, bizni ijtimoiy safarbarlikka chorlaydi. Ijtimoiy safarbarlik loqayd, o'zining mustaqil fikriga ega bo'lmagan, behafsala kishilarni uyg'otadi, ularda mamlakat va millat taqdiriga mas'ul ekani bilan bog'liq tuyg'uni shakllantiradi. Biz agar bugun orzu qilayotgan yangi O'zbekiston, Uchinchi Renessans g'oyasi mazmun-mohiyatini bilmas, milliy taraqqiyotimizning yangi davriga qadam qo'yyotganimizni anglamas, tarix bizga o'z maqsad-murodimizga etishimiz uchun ulkan va yangi imkoniyatlar yaratib berganini e'tiborga olmas ekanmiz, hech qanday safarbarlik haqida o'ylashning hojati qolmaydi.

    Ijtimoiy safarbarlik aslida mudroq qalblarni harakatga keltirish, uxlayotganlarni uyg'otish hamdir. Atrofimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni anglamaslik, dunyoning katta shiddat bilan o'zgarayotganini ko'rmaslik aslida uxlash emasmi? Shu o'rinda Buyuk Britaniya bosh vaziri Margaret Tetcherning quyidagi so'zlarini juda o'rinli, deb bilaman: “Men boshqaruvga bitta aniq o'ylab chiqilgan maqsad bilan kirishdim: ingliz jamiyatini to'liq davlat qaramog'idagi boqimandalik holatidan o'z kelajagiga to'liq ishongan tadbirkor holatigacha, “o'tiramiz” va “kutamiz” Angliyasi o'rniga “uyg'on” va “yur” Angliyasi o'rnatilishi uchun an'anaviy “marhamat qilib menga bering”dan “hammasini o'zimiz qilamiz” millatigacha o'zgartirish!”.

    Bugun biz barchamiz yangi O'zbekistonni barpo etish orzusi bilan yashamoqdamiz. Ammo, o'zimizga savol berib ko'raylik: faqat orzu qilish bilan ko'zlangan yuksak marralarga erishish mumkinmi? Aslo mumkin emas. Abu Hurayra (r.a.) Payg'ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladi: Nabiy (s.a.v.) aytadilar: “Alloh taola sizlarning suratlaringizga, mollaringizga va ahvollaringizga qaramaydi. Balki amallaringizga va qalblaringizga qaraydi”. (Al-Faqih Abu Lays As-Samarqandiy. Tanbehul g'ofilin).

    Darhaqiqat, yaxshi yashash, farovon turmushni yaratish uchun niyat va orzularimizning jamiyat tomonidan qabul qilingan, davlat tomonidan ilmiy asoslangan ijtimoiy mo'ljallarga mutanosibligini ta'minlashimiz muhimdir. Qolaversa, bugungi yangi O'zbekiston orzusini real kuchga aylantirishimiz, oliy maqsadlarga erishish yo'lida o'zimizni safarbar qilishimiz uchun qator vazifalarni ado etishimiz lozim.

    Masalan, bugun butun dunyo jahoniy, global muammolar ustida bosh qotirayotgan, shu muammolarni tezroq va sifatliroq hal etishga urinayotgan bir davrda ayrim vatandoshlarimiz tafakkur tarzi butun jamiyat “oyog'ini pastga tortish”dan iborat bo'lgan maishiy masalalar bilan band bo'layotganini qanday tushunish mumkin? To'ylarimizda necha kilogramm osh damlaganimiz, nechta “gap”ga a'zo ekanimiz, bu marakaga qaysi san'atkorlar kelgani kabi mayda narsalar bilan ovora bo'lgan xalqni jamiyat va millat oldida turgan murakkab masalalarni hal etishga safarbar etish, uning ijtimoiy ahamiyatini oshirish uchun qanday tadbirlarni amalga oshirish lozim?

    Afsuski, bu savollarga o'tgan asrning 20-yillarida jadid bobolarimiz javob topishi qiyin bo'lgani kabi, bugun ham uning uddasidan chiqish oson bo'lmayapti. Ijtimoiy safarbarlik odamlardan “mayda” tafakkur tarzidan qutilishni, o'zini qiynashni talab etadi. To'g'ri, mamlakat rahbari odamlarimizning hayot darajasi, Vatan taqdiriga mas'uliyat hissi, ertangi kunga ishonchi tobora ortib borayotgani, jamiyatimizda demokratiya tamoyillari, ochiqlik va erkinlik muhiti chuqur qaror topayotgani haqida adolatli fikrlarni bildirmoqda. Bu haqda xorijiy ekspertlarning ijobiy xulosalari ham barchamizda iftixor tuyg'ularini uyg'otmoqda.

    Biroq hali bu borada barcha muammolar hal etildi, deyishga ertaligini sezib turibmiz. Shuning uchun ham Prezidentimiz O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijadorligini yanada oshirish, xalqimiz ongu tafakkuri va dunyoqarashini kengaytirish maqsadida ma'rifatli jamiyatni barpo etish bo'yicha tashabbus bilan chiqdi.

    Xo'sh, ma'rifatli jamiyatning mazmun-mohiyatini nima tashkil etadi? Qurilajak ana shunday jamiyat tufayli pirovard natijada nimaga erishamiz? Aslida, insoniyat doimo ma'rifatli jamiyat barpo etish yo'lida zahmat chekkan. Biroq uning uddasidan chiqish juda og'ir kechgan. Bugun mamlakatimizda ma'rifatli jamiyatni barpo etish imkoniyati bizga berildi. Birinchidan, bugungi O'zbekiston sharoitida ma'rifatli jamiyatni yaratish ijtimoiy zaruratga aylandi. Odamlarimizda jamiyatda ba'zan uchrab turgan turli zararli odatlar, an'anaga aylanib qolayotgan salbiy holatlarga qarshi munosabat shakllanmoqda. Ikkinchidan, bugungi dunyoda sodir bo'layotgan voqelik, xalqaro munosabatlardagi ziddiyatli holatlar, manfaatlar to'qnashuvi kuchayishi jamiyatning yaxlit organizmga aylanishini taqozo qilmoqda. eng muhimi, uchinchidan, bugun davlatning o'zi ma'rifatli jamiyatni shakllantirishdan manfaatdor bo'lmoqda.

    Gap shundan iboratki, tarixda siyosiy hokimiyatlar har doim ham ma'rifatli davlat va jamiyatni barpo etishdan manfaatdor bo'lmagan. CHunki, ma'rifatli jamiyat insonlarning ongu tafakkurini kengaytirish, erkin, ochiq siyosat muhitini yaratish, dunyoviy dunyoqarashini shakllantirishni taqozo etadi. Bu esa, jamiyat a'zolarining siyosiy hokimiyatga nisbatan muxolifatlik kayfiyatini oshiradi.

    Biroq yangi O'zbekistonda siyosiy rahbariyat o'z maqsad-muddaolarini xalqdan yashirgani yo'q. Aksincha, amalga oshirmoqchi bo'lgan har bir harakat xalqning bevosita ishtirokida muhokama qilinmoqda. Shu nuqtai nazardan, bugun O'zbekistonda xalq va davlat ijtimoiy mo'ljallari uyg'unligi holati yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Bu esa, shubhasiz, ma'rifatli jamiyatni barpo etishni real voqelikka aylantirmoqda.

    Ma'rifatli jamiyat yangi ma'naviy makonda yuz beradi. Ana shu makonning shakllanishi esa jamiyatda ijtimoiy safarbarlik natijasida sodir bo'ladi. Biz yuqorida aytganimiz kabi, ijtimoiy safarbarlik ko'plab omillar natijasida sodir bo'ladi. Biroq ushbu fenomenni tom ma'noda harakatga keltiruvchi kuch, bu — har birimizning Vatan oldidagi mas'ulligimiz, qalbimiz, yuragimiz, ongu shuurimizdagi Vatanparvarlik tuyg'usidir.

    Bu haqda vatan tuyg'usini hamma narsadan ham baland qo'ygan hassos shoirimiz Hamid Olimjon shunday degan: “Qadim o'zbek botirlari uzoq safarga ketganda bir hovuch Vatan tuprog'ini doimo o'z yonida olib yurganlar. Chunki, bu tuproq ularga tug'ilgan erlarini eslatib turgan, xalq oldida ichgan qasamini yodiga solgan. Vatanga bo'lgan muhabbatini bir nafas ham unuttirmagan. Bu bir hovuch tuproq unga o'z ota-onasi, qarindoshlari, xalqini eslatgan, uzoq o'lkalarda bo'lsa ham, uni o'z Vatanida his qildirgan va qaerda bo'lmasin, o'z xalqi sha'niga isnod keltirmaslikka, o'z xalqining nomusli va sodiq o'g'li bo'lishga chaqirgan”.

    1231-yili baland tog' ustidagi kurdning kulbasida mudrab o'tirgan so'nggi Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdini nomard bir kurd orqasidan ilondek sudralib kelib shahid qiladi. SHohona libosdagi bu kishining katta boydligi bor, degan ilinjda u shahidni tintib ko'radi. Qo'ynidan charm xaltachani topib olgach, uning qonga to'lgan ko'zlari quvonchdan porlaydi. Xoin darhol ochib ko'radi-yu hafsalasi pir bo'ladi. Xaltachada faqatgina bir siqim tuproq bor edi. Ha, bu Vatanning tuprog'i, jasur Jaloliddin yurtining bir qismi edi. Sulton Jaloliddin bu xaltachani hamisha yuragi ustida asrab yurgan. Oqibatda sulton Jaloliddin shu tuproq, shu Vatan uchun jon fido qildi. (Berdimurodov A. Vatan haqida munojot. -Toshkent, 2020.-18-bet).

    Darhaqiqat, vatanni og'izda emas, butun vujudi bilan, tani-joni bilan sevgan odamdan sotqin chiqmaydi, Vatan ravnaqi, el-yurt kelajagi uchun jon fido qiladi, o'zini ulkan ishlarga safarbar etadi. Bugun ayrim vatandoshlarimizga ana shu safarbarlik, aniqrog'i, ijtimoiy safarbarlik etishmayotgani ham ayni haqiqat. Bugun “Yangi O'zbekiston-ma'rifatli davlat”, degan shior kun tartibiga qo'yilgan. Bu degani, ma'rifatli jamiyatni barpo etish oddiy shior emas, u davlatning eng oliy maqsadlaridan biriga aylanmoqda. Mamlakat rahbari ta'kidlagani kabi, ushbu sohada amalga oshirgan ishlarimiz jamiyatimizni yangi bosqichga ko'tarish, yuksak marralarni egallash, Uchinchi Renessans poydevorini qurishga xizmat qilayotgani hozirning o'zida yaqqol namoyon bo'lmoqda.

    Ijtimoiy safarbarlik, shubhasiz, jamiyatni o'zgartirib yuboradi. Ammo bu jarayon, yuqorida bot-bot ta'kidlaganimiz kabi, o'z-o'zidan bo'ladigan vazifa emas. Buning uchun yana bir muhim masalani hal etish lozim. Bu– jamiyatimizning har bir a'zosida faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish bilan bog'liq. Xo'sh, buni qanday tushunish lozim? Kimni faol fuqaro deb tan olish mumkin? Biz ko'pincha faollik deganda uni biryoqlama tushunamiz. O'z tirikchilik dardida tinmay harakat qilgan, o'zini o'qdan cho'qqa urgan insonlarni faol insonlar sifatida tan olamiz.

    Shubhasiz, bu gapda xato yo'q. Biroq masalaga faqat shu taxlitda yondashuv “faol inson” fenomenini engil tushunishga olib keladi. Nazarimizda, faol inson faqat o'zining shaxsiy manfaatlari yo'lida tinib-tinmay harakat qilgan emas, ayni paytda, o'z maqsad-muddaolarini jamiyat va davlat manfaatlari bilan uyg'unlashtira olgan kishilardir. Ha, o'z manfaatlarini vatan manfaatlari, shu jamiyatning barcha a'zolari taqdiri bilan bog'lay olishdan ham qiyin ish yo'q.

    Bu yo'lda hammamizga kuchli iroda, zo'r g'ayrat va mustahkam iymon yor bo'lsin, deya birinchi maqolamizga nuqta qo'yamiz. Qolgan gaplarni ikkinchi maqolamizda muxtasar qilsak, inshaalloh.

    Abduxalil MAVRULOV,

    tarix fanlari doktori, professor