Ijtimoiy tadbirkorlik jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni hal eta oladimi?

    Mamlakatimizda 18 Yanvar 2021 2730

    Ijtimoiy tadbirkorlik – bu jamiyatning ijtimoiy muammolarini hal qilishga qaratilgan tadbirkorlik turi hisoblanadi. U ijtimoiy maqsadlarni koʻzlaydigan biznes boʻlib, bunda daromadlar korxona egalarining daromadlarini koʻpaytirishga yoʻnaltirilmaydi. Bunday korxonalarning ishiga asosan ijtimoiy jihatdan nobarqaror holatda boʻlgan yoki nogironligi boʻlgan shaxslar jalb etiladi.

    Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari uchun ish oʻrinlarini yaratish, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun mahsulot va asbob-uskunalar ishlab chiqaradigan korxonalar uchun soliq va boshqa turdagi imtiyozlar belgilangan. Lekin ijtimoiy tadbirkorlikning huquqiy tushunchasi va unga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish mexanizmlari aniq nazarda tutilmagan.

    Bu borada AQSH, Buyuk Britaniya, Polsha, Belgiya, Italiya va boshqa davlatlar qonunchiligi oʻrganilganda, ushbu tadbirkorlik faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi natijasida aholining ijtimoiy zaif qatlamlari ish bilan taʼminlanishi bilan birga, ijtimoiy tovarlar ishlab chiqarish va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish borasida yuqori natijaga erishilganini koʻrish mumkin.

    Shu nuqtayi nazardan mamlakatimizda ham “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilishga zarurat tugʻildi. Uning asosiy maqsadi — aholining ijtimoiy zaif qatlami turmush darajasini yaxshilash, ularni ish bilan taʼminlash, ijtimoiy tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishdan iborat.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida qizgʻin baxs-munozaralarga sabab boʻlgan hujjatlardan biri ham “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.

    Taʼkidlash joizki, bugun ijtimoiy tadbirkorlik institutini yaratish va uni rivojlantirish uchun davlat tomonidan toʻlaqonli qoʻllab-quvvatlash tizimini amaliyotga joriy etish eng asosiy masala hisoblanadi. Agar ularga subsidiyalar va grantlar ajratilmasa, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilmasa, kelgusida bir martalik yordam va boshqa chora-tadbirlarga undanda koʻproq mablagʻ sarf etilishi mumkin.

    Shu jihatdan qonun loyihasini ishlab chiqishda amaldagi qonunchilikda belgilangan oʻz resurslarini ijtimoiy sohaga yoʻnaltirgan korxonalarni aniqlash mezonlari, ijtimoiy sohaga investitsiya jalb qilganlik uchun taqdim etiladigan imtiyoz va preferensiyalar hisobga olingan. Qolaversa, ijtimoiy korxonani aniqlash mezonlarining va ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi shakllari oʻz aksini topgan.

    Bugungi kunda boshqa har qanday mamlakatda boʻlgani kabi, Oʻzbekistonda ham hal qilinishi kerak boʻlgan ijtimoiy muammolar borligi hech kimga sir emas. Ijtimoiy tadbirkorlik esa bu muammolarni yumshatish va hal qilishning eng samarali usullaridan biri boʻlishi mumkin. Har qanday biznes kabi ijtimoiy tadbirkorlik ham byudjetga daromad keltiradi hamda mamlakatdagi ijtimoiy muammolarni hal qilishda ishtirok etadi.

    Bir soʻz bilan aytganda, ijtimoiy tadbirkorlik mavjud ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali usullaridan biri sanaladi. Bu borada mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati va ijtimoiy korxonalar ishini ragʻbatlantirishga xizmat qilishiga aminman.

    Botirbek TOʻRAZODA,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi deputati,

    OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi