Ilgʻor xalqaro amaliyot asosida dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolatini oʻz yoʻnalishi boʻyicha nufuzli boʻlgan oliy taʼlim muassasalarining ilmiy kengashlariga oʻtkazishni taklif etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 3-fevraldagi “2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida bu taklif joriy yilda bajarilishi zarur vazifalar qatorida alohida qayd etildi. Unga koʻra, ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolati 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab respublikaning nufuzli oliy taʼlim muassasalarining ilmiy kengashlariga bosqichma-bosqich oʻtkaziladi.

Chunki taʼlim va ilm-fan sohalarida amalga oshirilayotgan sifat oʻzgarishlariga monand oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni yana-da rivojlantirish va jahonning ilgʻor amaliyotiga moslashtirib borish, bu sohada taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar vakolatini bosqichma-bosqich kengaytirish zarurati mavjud edi. Shu bois bu xushxabarni ilm ahli, akademik jamoatchilik katta mamnuniyat bilan kutib oldi.

— Mamlakatimizda ilm-fan, taʼlim sohalarini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, jahon andozalariga koʻtarish borasida sezilarli yangilanishlar kuzatilyapti. Jumladan, ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolatining nufuzli oliy taʼlim muassasalari ilmiy kengashlariga bosqichma-bosqich oʻtkazilishi ham shunday saʼy-harakatlarning mantiqiy davomidir. Dunyo tajribasida, xususan, rivojlangan davlatlar tajribasida bu amaliyot mavjud. Germaniya, Shveysariya singari ilm-fan va texnika taraqqiy etgan mamlakatlarda ilmiy safarlarda boʻlgan chogʻimizda koʻrib, guvohi boʻlganmiz. Bu yangilikning roʻyobga chiqishi ilm-fan fidoyilari uchun koʻp qulayliklar yaratadi. Birinchidan, ilmiy ishni rasmiylashtirish, himoyaga tayyorlash va himoya jarayoni bilan bogʻliq byurokratik toʻsiqlar, nooʻrin talablar ancha kamayadi. Ikkinchidan, vaqt omilidan samarali foydalanish imkoni paydo boʻladi. Uchinchidan, akademik mustaqillik oliy taʼlim muassasalari ilmiy kengashlarining professional faoliyat olib borishi uchun katta tajriba maktabi vazifasini oʻtaydi, — deydi Toshkent davlat texnika universiteti professori, texnika fanlari doktori Maqsud Bobojonov. — Biroq bu imkoniyatni suiisteʼmol qilmaslik bilan bogʻliq masalalar ham borki, ularning ijrosi ilmiy kengashlar zimmasidagi masʼuliyat zalvorini oshiradi. Ilmiy kengash raisi va aʼzolari oʻzlariga talabchanlik ruhida faoliyat olib borishi, ilmiy ishlarning mazmuniga va saviyasiga alohida eʼtibor bilan yondashuvi juda muhim. Har bitta kengash ilmiy ishni yoqlash boʻyicha oʻzining nizomi va qatʼiy talablarini ishlab chiqib, hayotga tatbiq etishi lozim. Ayniqsa, ilmiy kengashda demokratik tamoyillar ustuvorligini taʼminlash, kengash aʼzolaridan har birining nuqtayi nazarini va fikrini inobatga olish hamda hamjihat boʻlib, ovoz berish asosida qaror qabul qilish masʼuliyati mavjud. Aks holda berilgan imkoniyatdan nooʻrin foydalanish ilmiy salohiyatni koʻtarish oʻrniga ommaviy saviyasizlikka olib kelishi mumkin.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ilmiy-metodik faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan koʻplab qaror va farmonlar qabul qilindi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-oktyabrdagi farmoniga binoan tasdiqlangan Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ilmiy tadqiqotchilikning faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlab qoʻyildi. Ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ulkan vazifalar belgilandi. Tizimdagi pedagoglar, ilmiy izlanuvchilar va olimlarni ragʻbatlantirishning yangi tizimi joriy etildi. Moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarining kuchaytirilishi yoshlarni ilmiy tadqiqotchilik faoliyatiga qaytarib, oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyati oshishiga va ilmiy darajali kontingentning yasharishiga puxta zamin hozirladi.

Akademik mustaqillik berish jarayonida, avvalo, sinov tariqasida respublikaning reytingi boʻyicha birinchi 10 ta oʻrnidan birini egallagan taʼlim muassasalari kengashlariga hukumat qarorlarida nazarda tutilgan taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar kengashlariga talabgorlarni dotsent, katta ilmiy xodim hamda professor ilmiy unvonida tasdiqlash huquqini berish koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy attestatsiya komissiyasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining qoʻshma qarori bilan roʻyxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning reytingi boʻyicha birinchi 300 ta oʻrindan birini egallagan oliy taʼlim muassasalarida olingan ilmiy darajalar haqidagi hujjatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri tan olish rejalashtirilmoqda.

Ilm yoʻlini tanlash kishidan ulkan jasorat va irodani talab etadi. Chunki bir marta yashash imkoniyati berilgan umrni fanning sir-asrorlarini ochish, xalq, Vatan, umuman, insoniyat uchun manfaatli qirralarini kashf qilishga bagʻishlash insonning matonatidan, qatʼiyatidan darak beradi. Shu bois bu zahmatli va mashaqqatli yoʻlni tanlash baxti faqat xos kishilargagina nasib etadi. Ularning koʻp yillik ogʻir aqliy mehnati samarasini roʻyobga chiqarish esa ilmparvar davlat va jamiyatning oʻtmish, bugun va kelajak oldidagi burchidir.