Indoneziya telekanali ijodkorlari “Muslim Traveler” koʻrsatuvini Oʻzbekistonda suratga oladi.
Taʼkidlanishicha, koʻrsatuv epizodlari Samarqand va Buxoroda tasvirga olinadi. Bu borada Indoneziyadagi uchrashuvlarda kelishuvga erishilgan.
Samarqand viloyati hokimligi, madaniyat va turizm vazirligi hamda tegishli tashkilotlardan iborat delegatsiya Malayziya va Indoneziyada boʻldi. Maqsad — Oʻzbekistonga turistlar, aviakompaniyalar va investorlarni jalb qilish.
“Indoneziyaning “NET MEDIA” kompaniyasi strategik rivojlanish masalalari boʻyicha vitse-prezidenti Eko Yuvono bilan uchrashuvda Oʻzbekistonning turizm salohiyati toʻgʻrisida hamkorlikda videokoʻrsatuv tayyorlash masalasi ham muhokama etildi”, - deyiladi xabarda.
Uchrashuv yakuniga koʻra, fevral–mart oylarida tasvirga olish guruhi aʼzolarining Oʻzbekistonga tashrif buyurishi va “Muslim Traveler” koʻrsatuvini Samarqand va Buxoroda tasvirga olish va efirga uzatishga doir kelishuvga erishilgan.