Indoneziyalik teleijodkorlar Oʻzbekiston turizmiga oid videomateriallar tayyorlaydi

    Turizm 23 Fevral 2023 564

    Ayni damda Indoneziyaning “NET MEDIA” telekanali ijodkorlari Oʻzbekiston haqida hujjatli film suratga olyapti.

    Taʼkidlash kerakki, Samarqand viloyati delegatsiyasi joriy yil 27-yanvar – 3-fevral kunlari Malayziya va Indoneziyaga tashrif buyurib, Indoneziyaning “NET MEDIA” kompaniyasi bilan uchrashgan va bunda kompaniya vakillari Oʻzbekistonga taklif etilgan edi.

    Shu kunlarda telekanal ijodkorlari Samarqandda suratga olish ishlarini davom ettiryapti. Ijodiy guruh viloyatning diqqatga sazovor joylari, oʻzbek xalqining boy tarixi, madaniyati, betakror tabiati va mehmondoʻstligini kadrlarga muhrlayapti.

    Qayd etish joizki, bunga qadar indoneziyalik ijodkorlar Toshkentda boʻlib, poytaxtimizning tarixiy-madaniy obyektlari, istirohat bogʻlari, metro bekatlari, bozorlari va boshqa diqqatga sazovor joylari haqida qisqa metrajli videorolik va filmlar tasvirga oldi. Jumladan, ijodkorlar “Hazrati Imom” va “Suzuk ota” majmualari, Islom sivilizatsiya markazi, “Chorsu” bozori, “Navroʻz” bogʻi, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va boshqa yana bir qancha obyektlariga tashrif buyurdi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, “NET MEDIA” televideniyesi ijodkorlari 1-martga qadar Buxoro va Toshkent viloyatlarida ham tasvirga olish ishlarini rejalashtirgan. Bundan maqsad yurtimizning turizm salohiyati va brendini dunyo boʻylab keng targʻib qilish hamda xorijiy sayyohlar eʼtiborini Oʻzbekistonga koʻproq jalb qilishdir.