Vatanparvarlik maʼlum va mashhur tamoyil boʻlib, u insonning oʻz Vataniga muhabbatini, uni asrab-avaylashga boʻlgan ishtiyoqini anglatuvchi axloqiy tushunchadir. Yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash esa hech qachon oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydigan masala hisoblanadi.
Vatanparvarlik tamoyili Vatan tushunchasini fidoiylarcha idrok etish, muayyan hudud va xalqqa muhabbat hissi singari omillar bilan bogʻliq.
Bu tamoyil xayoliy tuygʻuga emas, balki muayyan zamonga, muayyan vatandosh insonlarga boʻlgan muhabbatga asoslangan axloqiy xatti-harakatlar majmuidir.
Vatanparvarlik aniq muhitda, zaminda va mavjud maʼnaviy–axloqiy qadriyatlar asosida shakllanadi. Shaxs vatanparvarlik tuygʻusini yaratmaydi, balki, uni tayyor holda qabul qiladi. Chunki vatanparvarlik uzoq tarixiy rivojlanish jarayonida shakllanadigan ijtimoiy tuygʻudir.
Vatanparvarlik kishilarning ijtimoiy va maʼnaviy axloqiy xislatlarining, fazilatlarining yuksak darajada namoyon boʻlishi hisoblanadi. Zero, ular negizida ota-bobolardan meros qolgan zaminni sevish, urf-odatlarni, qadriyatlarni saqlash, el-yurt ravnaqi uchun chin dildan mehnat qilib, Vatanni dushmanlaridan himoya qilish, har qanday qaramlikdan ozod etish, hatto zarur boʻlsa, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslik kabi ezgu gʻoyalar yotadi.
Hozirgi paytda yoshlarimizda vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalash, ularni Vatan maʼnosini teran anglab yetishga oʻrgatish, vatanparvarlik – yuksak axloqiy tamoyil ekanini tushuntirish maʼnaviy qadriyatlarimizning asosini tashkil etadi.
Vatan mustaqilligini taʼminlashda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, alohida oʻrin egallaydi. Shuning uchun ham vatanparvarlik tarbiyasi davr talabidir.
Milliy vatanparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan, teran fikrlovchi yoshlarni tarbiyalash milliy oʻzlikni anglashning asosiy omili boʻlib hisoblanadi. Shu bois, Vatan himoyasiga tayyorlanayotgan yoshlarimizning har biri yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi shart.
Zero, vatanparvarlik ijtimoiy hayotimizning asosiy zarurati hisoblanadi, chunki usiz bunyodkorlik ham, taraqqiyot ham boʻlmaydi.
Bu hayotiy haqiqat biz hamisha amal qiladigan tamoyilga, jamiyat rivojining asosi va shartiga aylanmogʻi hamda oʻzida yaxlit bir tizimni mujassam etmogʻi lozim. Bu tizim markazida maʼnaviyat, axloq-odob, maʼrifat kabi oʻlmas qadriyatlar turmogʻi kerak.
Yoshlarga har sohada oʻzlarini namoyon qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Har bir yosh avlodni yuksak maʼnaviyatli, ona-Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy anʼanalarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ongi va shuurini zararli yot gʻoyalardan himoyalashga alohida vazifa sifatida qaralmoqda.
Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni oiladan boshlamoq kerak. Chunki oila jamiyatning bir boʻgʻinidir. Shunday ekan, jamiyatga kerakli kadrlarni oila yetkazib beradi. Oilada bola ulgʻayadi, oʻsadi. Ana shu voyaga yetish jarayonida oila maktabining oʻrni beqiyos. Oilaga, ota-onaga, yaqinlarga boʻlgan muhabbat, hurmat keyinchalik bir butunlik sifatida Vatan soʻzida mujassamlashadi. Shunday ekan, insonparvarlik, vatanparvarlik kabi fazilatlar yoshlarni maʼnaviy yuksalishiga zamin yasaydi. Oilada bolalarimizga ertaklar aytayotganimizda ham milliy ertaklardan, afsonalardan, rivoyatlardan foydalanishimiz u yerdagi qahramonlarning mardlik, jasurlik, oʻz vatanini hech narsaga alishtirmaslik, uni bir parcha tuprogʻini ham muqaddas bilish lozimligini ajdodlarimiz maʼnaviy meroslaridan foydalangan holda uzviy olib borishimiz vatanimiz kelajagini mevasini yaratadi.
Xususan, Shiroq, Toʻmaris, Alpomishlarning jasoratlari milliy qadriyatlarimizning, anʼanalarimizning, asrlar osha bizga yetib kelgan urf-odatlarimizning saqlanib, bardavom boʻlishida asos boʻlib xizmat qiladi.
Yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusining barq urishida taʼlim va tarbiyaning uzviyligi muhim oʻrin tutadi. Bunda, oila, maktabgacha taʼlim muassasalari, maktab va oliy oʻquv yurtlari faoliyatida uzviylik tamoyilining tatbiq etilishi vatanparvarlik tuygʻusining yanada takomillashuviga olib keladi.
Vatanga muhabbat tuygʻusi – bu jamiyatdagi maʼnaviy shakllanishning chuqur ildizini ochib beruvchi oʻziga xos kalitdir. Zero, insoniylikning eng muhim fazilati kishining Vataniga boʻlgan muhabbati bilan belgilanadi.
Ulugʻ ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan ona-Vatanga muhabbat tuygʻusi farzandlarimiz, bugungi va kelajak avlodlarimiz uchun chinakam eʼtiqod va muhabbatning inʼikosidir.
Xulosa qilib aytganda, oldimizda turgan asosiy vazifa – yoshlar ongida ona-Vatanga muhabbat, sadoqat, insonparvarlik, milliy gʻurur kabi gʻoyalarni chuqur singdirgan holda milliy oʻzligini anglashga erishishdir.
Dildora Yusupova,
Baxtiyor Zokirov,
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi
universiteti dotsentlari