Institut quyosh panellari ishlab chiqarishni boshladi

    Mahalliy mahsulot aholi xonadonlariga o'rnatib beriladi.

    Bugun insoniyat global ekologik muammolar, tabiiy manbalar taqchilligi qarshisida turibdi. Suv, yoqilg'i-energetika zaxirasi yil sayin qisqarib, ularga bo'lgan talab esa, aksincha, ortib bormoqda. Mutaxassislar mazkur holatlar oqibatlarini “yashil iqtisodiyot”ga o'tish orqaligina bartaraf etish mumkinligini ta'kidlayotgani bejiz emas. Chunki sayyoramizda qayta tiklanmaydigan manbalarning muqobil shakllarini yaratish, ulardan keng va samarali foydalanishning davri keldi. ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etishga esa zamonaviy taraqqiyot, ilg'or izlanish hamda ilmiy ixtirolar keng yo'l ochmoqda.

    Gap ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yil sayin rivojlanib, taraqqiyotning asosiy omiliga aylanayotgani haqida bormoqda. Endilikda, insoniyat fan va ishlab chiqarishni alohida emas, balki yaxlit tushuncha sifatida qabul qila boshladi. Ya'ni, biror sohani rivojlantirish uchun zamonaviy qurilmalarning o'zi kamlik qiladi, ularni tushunadigan, ilmiy o'rganib, takomillashtirib boradigan fan yutuqlari zarur.

    Yurtimizda so'nggi yillarda ayni shu jihatga katta e'tibor qaratilayotgani boisi ham shunda. Ijtimoiy va iqtisodiy muammolarning echimini topa oladigan kelajak avlodni tarbiyalash jarayonida ta'lim sifatini oshirish, zamonaviy ta'lim tizimlarini amaliyotga joriy etish, eng iqtidorli va qobiliyatli mutaxassislarni ta'limga jalb qilish, xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlarning yuqori reytingi ro'yxatiga kirgan ta'lim muassasalarining amaliyotlarini milliy tizimga kiritish kutilgan natija berishi amaliyotda o'z isbotini topmoqda.

    Ya'ni, mamlakatimizda taklif etilayotgan loyiha, g'oyalar avvalgidek qog'ozlarda qolib ketmayapti, amaliyotga tadbiq etilishi uchun moliyaviy ko'maklar berilib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Birgina Jizzax politexnika instituti misolida oladigan bo'lsak, talabalar dars jarayonida olgan bilimlarini bevosita amaliyotda o'tash, tajriba orttirish orqali, katta-katta loyihalarga qo'l urmoqda. O'nlab loyihalar turli korxonalarda ishlab chiqarishga joriy etildi. Institutning o'zida ham g'oyalarni loyihaga, iqtiqbolli loyihalarni esa amaliyotga o'tkazish uchun barcha sharoitlar yaratib kelinyapti.

    Kuni kecha Jizzax politexnika instituti hududida yana ikkita yangi, zamon talablariga to'la javob beradigan ishlab chiqarish poligoni faoliyatiga start berildi. Birinchisi, “Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi” bo'lib, unda quyosh panellari ishlab chiqariladi. Ikkinchi poligon — “Jizzax yoshlar texnoparki” esa institut talabalari o'quv jarayonida olgan bilimlarini amaliyotda qo'llashi uchun yanada kengroq imkoniyat yaratadi.

    O'tgan yilning 10-fevral kuni Prezidentimizning Jizzax viloyatiga tashrifi chog'ida Jizzax politexnika institutiga kremniy asosidagi quyosh panellarini ishlab chiqarish vazifasi topshirilgan edi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 8-9-aprel kunlari viloyatga navbatdagi tashrifi davrida esa yangi markazlar faoliyatiga start berdik. Markazda dastlabki mahsulotlar ishlab chiqarilishi ham boshlangan. Shu yilning 9-aprel kuni Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov yangi ochilgan markazlarda bo'lib, amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

    Xomashyo ham o'zimizda chiqariladi

    Aytish joizki, institutda “Muqobil energiyalarni tadqiq etish ilmiy-amaliy markazi”ning ishga tushirilishi energetika muammolarini tadqiq etish, shu sohadagi ishlarni amaliyotga yo'naltirish, muqobil energiya va energiya tejamkorlikni targ'ib etish borasida katta qadamlardan biri bo'ldi. Ayniqsa, o'z nomi bilan ta'lim va ishlab chiqarishni uyg'unlashtirayotgan bu markaz ayni shu sohada malakali kadrlar tayyorlashga keng yo'l ochadi. Yurtimizda muqobil energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

    Markazni o'z vaqtida va sifatli ishga tushirish uchun Xitoy davlatidan umumiy qiymati 348 000 AQSH dollariga teng uskunalar olib kelinib, binoga o'rnatildi va yangi infratuzilma bilan ta'minlandi. Qisqa vaqtda dastlabki mahsulotlarni ishlab chiqarishga ham start berildi. Tayyor mahsulotlar tegishli tartibda test jarayonlaridan o'tkazilib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan muvofiqlik litsenziyasi olindi. Hozirda nafaqat tayyor mahsulot, balki xomashyoni mahalliylashtirish bo'yicha ham ishlar olib borilyapti.

    Ilmiy-amaliy markazda ish ikki smenada tashkil etilgan. Korxona jami 100 kilovattli 200 donadan ortiq quyosh panellari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 54 nafar talaba uchun yangi ish o'rni yaratildi. Quyosh panellarini iste'molchilarga o'rnatib berish xizmatlari ham mavjud. Buning uchun professor-o'qituvchilar va talabalar tarkibidan iborat maxsus ishchi guruhlar tashkil qilingan.

    Yana bir quvonarli jihati, markaz xodimlari va institutning energetika kafedrasi professor-o'qituvchilari Evropa Ittifoqi “ERASMUS+” fondining ta'limda salohiyatni oshirish dasturi doirasidagi grand loyihasini yutib oldi. Ushbu “O'zbekistonda quyosh energiyasi bo'yicha bakalavrlar uchun maqsadli o'quv dasturini ishlab chiqish” loyihasini amalga oshirish muddati 2024—2026-yillarga mo'ljallangan bo'lib, yangi formatdagi o'quv-ilmiy laboratoriyalar dasturlarini yaratish belgilangan.

    Kadrlar tayyorlash zanjiri

    Institutda tahsil olayotgan talaba, albatta, o'rganlarini amaliyotda sinab ko'rishi foydali. Bu uning bilimlarini mustahkamlab, tajribada o'z ko'zi bilan ko'rishi, ish jarayonida toblanib borishida juda muhim. Odatda, talabalar o'qish davrida ishlashni istamaydi, bor kuchini bilim olishga qaratadi. Bu bir tomondan yaxshi, ammo amaliyot ham zarur ekanligini unutmasligimiz zarur. Shu bois, yurtimiz oliy ta'lim muassasalarida ilm-fan va amaliyot integratsiyasiga katta e'tibor qaratilyapti. Universitetning o'zida ham o'qib, ham amaliyot o'tab, hatto, ish bilan ta'minlash yigit-qizlar uchun qulay sharoitlardan biridir.

    Jizzax politexnika institutida ish boshlagan “Jizzax yoshlar texnoparki”da ham shunday muhit yaratildi. Yangi formatdagi o'quv, ilmiy va ishlab chiqarish zonasi, yoshlarning g'oyalarini amaliyotga joriy etish transferi, akseleratsiya markazlari, virtual laboratoriyalar, muhandislik ta'limi kurslari eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.

    Texnoparkda yoshlar eng zamonaviy kasblarni o'rganib, faoliyatga kirishishlari mumkin. Masalan, yangi ochilgan “Intellektual transport tizimlari va mexatronika” ilg'or muhandislik maktabida intellektual transport tizimlarini mahalliy sharoitda qo'llashning sinergetik jarayonlar asosidagi yangicha yondashuvi yo'lga qo'yilgan. Muhandislik maktabi Yevropa Ittifoqining halqaro “ERASMUS+” dasturi doirasidagi yirik loyiha mahsulidir. Bu yerdan zamonaviy bilimlarga ega muhandislar yetishib chiqadi. Shuning uchun mazkur ilmiy-tadqiqot markazi eng zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan ta'minlandi.

    Jizzax Politexnika instituti talabalari nafaqat oliy o'quv yurti binosida, balki viloyatdagi turli korxonalarda ham amaliyot o'tash imkoniyatiga ega. Buning uchun institut tomonidan turli hamkorlik bitimlari, shartnomalar imzolangan. Ulardan biri “Jizzax erkin iqtisodiy zonasi”dir. Ayni vaqtda mazkur zona Jizzax viloyati sanoatini rivojlantirishda katta o'rin tutmoqda. Qolaversa, u mahsulot ishlab chiqarish bo'yicha mamlakatimizda uchinchi, eksport hajmi bo'yicha esa oltinchi o'rinda turadi. Keyingi yillarda iqtisodiy zona faoliyati takomillashtirilib, ishlab chiqarishga qulay imkoniyatlar hajmi kengaytirildi. Hozirgi kunda bu erda 33 ta loyiha amalga oshirilib, 7 ming 670 kishi ishlamoqda.

    “ADM Jizzakh” mas'uliyati cheklangan jamiyati sanoat zonasida samarali faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri. Institutimizning so'nggi yillarda bitirgan talabalarining 300 nafardan ortig'i “ADM Jizzakh” avtomobil ishlab chiqarish zavodida rahbar lavozimlarida, injiner-texnolog, yig'uv-chilangar, bo'yoqchi kabi kasblarda o'z faoliyatini olib bormoqda.

    Mazkur korxonaning birinchi bosqichida yirik uzelli yig'uv yo'lga qo'yilgan edi, joriy yil mart oyida yangi bino va quvvatlar ishga tushirildi. Ya'ni, yuqori texnologiyalarni jalb qilgan holda shtamplash, payvandlash, bo'yash va yig'ishni qamrab oluvchi ishlab chiqarish jarayoni tashkil etildi. Korxona yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan bo'lib, ular, asosan, Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlardan keltirilgan. Zavodda 30 ta robot bor, ishlab chiqarish jarayoni 33 foiz avtomatlashtirilgan. Avtomobilning yurish qismlari sozligini, statik va dinamik tormoz tizimini tekshirish jihozlari o'rnatilgan.

    Davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifi davomida ushbu korxonada bo'lib, zavodda mahalliylashtirish darajasini oshirish, yurtimiz sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani kengaytirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. Umuman olganda, korxonada yiliga 100 ming dona engil avtomobil ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Natijada kelgusida ish o'rinlari soni 3 mingga etkazilishi ko'zda tutilgan.

    Institutimizning ana shunday korxonalar bilan faoliyati malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Bu Jizzax viloyatida avtomobilsozlik sanoatini yanada rivojlantirish, malakali muhandislar maktabini yaratish va fan-ta'lim integratsiyasining uzviyligini ta'minlashga xizmat qiladi. SHu bois, “BYD factory Uzbekistan” qo'shma korxonasi bilan ham anglashuv memorandumi tuzishga erishdik. Memorandum rejasidan ikkita asosiy vazifa o'rin olgan. Birinchidan, mexatronika va robototexnika ilmiy markazi tashkil etilib, yangi formatda faoliyat olib bormoqda. Bunda robotlashtirish va mexanika tizimlari, elektronika va mikroprotsessor texnologiyasi, informatika va kompyuterni boshqarish sohasidagi bilimlarga asoslangan, mashinalar va agregatlar harakatini komp`yuter boshqaradigan mashinalar va tizimlarni yaratish hamda ishlatish kabi masalalar echiladi.

    Ushbu markazda avtomobilsozlik sanoati ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislari malakasi ham oshirilmoqda. Qolaversa, institutimizning 4 ta intellektual transport tizimlari, mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarishini jihozlash va avtomatlashtirish, transport vositalari muhandisligi, avtomobilsozlik va traktorsozlik zamonaviy muhandislik ta'lim yo'nalishlari bo'yicha yiliga 120 tadan ortiq yosh mutaxassislarning startap loyihalari aktseleratsiyadan o'tkazilishi hisobiga, o'z-o'zini band qilish mexanizmi yaratildi.

    Ikkinchidan, “BYD factory Uzbekistan” qo'shma korxonasida yangi ishga qabul qilingan hamda ma'lum bir stajga ega bo'lgan xodimlar zamonaviy muhandislik dasturlari yordamida o'qitiladi. Bunda korxona talablaridan kelib chiqib, hamkorlikda belgilangan dasturiy paketlar yordamida maqsadli malaka oshirish dasturi yo'lga qo'yilgan. Bugungi kunda aynan ushbu zavodda institutimizning Transport fakul`teti bitiruvchilarining 50 dan ortig'i ish bilan ta'minlandi.

    Ham amaliyot, ham daromad

    Yurtimiz iqtisodiy rivojlanib, aholining yashash sharoiti oshgani sari trasnsport vositalariga talab ham o'sib borayotgani sir emas. Bu, ayniqsa, markaziy ko'chalarda uzundan-uzun tirbandliklar, jamoat transportiga bo'lgan talab, avtomobillardan ekologiyaga chiqayotgan zaharli gazlar miqdorining oshishiga olib kelyapti.

    Jizzax politexnika institutida tashkil etilgan Shahar transport tizimini rejalashtirish markazi faoliyati aynan shaharlardagi mavjud transport muammolarini tadqiq etish va unga ilmiy echimlar berishga qaratilgan. Markazning ilmiy jamoasi 2021-yilda Rossiya Federatsiyasining “Simetra” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Samarqand shahar transport aglomeratsiyasi uchun yo'lovchilar oqimini o'rganish” loyihasini amalga oshirib, 500 million so'mga yaqin investitsiya mablag'larini jalb qilgan edi. Hozirgi kunda esa, ilmiy jamoa Jizzax shahar jamoat transportini rivojlantirish bo'yicha loyihani amalga oshirmoqda. Jami 450 million so'mlik investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan ushbu loyihada institutning 20 nafar talaba-yoshlari ishlayapti.

    Jizzax viloyati hozirgi kunda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida “drayver” hududga aylangani sir emas. Birgina Forish tumanida tashkil etilgan bazalt klasterida yiliga 177 ming tonna bazal`t toshidan maxsus tola, direkt roving, fibra, armatura, kompozit geosetka, quvurlar, mato va issiqlik-izolyatsiya plitalari kabi 42 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. O'tgan yili 554 milliard so'mlik 45 ming tonna mahsulot tayyorlangan bo'lib, 80 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilindi. Klasterda 1 ming 700 dan ortiq kishi ish bilan ta'minlangan.

    Ularning orasida Jizzax politexnika instituti Qurilish materiallari va kimyoviy texnologiya fakulteti talabalari ham bor. Yosh tadqiqotchilarimiz klaster korxonalarida daromad topish bilan birga, ilmiy ishlar bilan ham shug'ullanmoqda. Ayniqsa, bu yerda ishlab chiqarish quvvatlarining yuqori ekani, eng ilg'or texnologiyalar bilan ta'minlangani yoshlarimizga katta tajriba maktabi bo'lmoqda.

    Shuningdek, “ROCKFIBER” MCHJ korxonasida sanoat uchun yana bir yangi loyihaga start berildi. Bunda tegishli chiziqli zichlikka ega bazalt iplari olinib, sirt faol moddalar ishlab chiqarish sharoitida sinovdan o'tkaziladi. Tolali roving bilan to'ldirilgan issiqlik izolyatsion shnur olish imkoniyatlarini tadqiq qilish jarayonida institut olimlariga korxonada shart-sharoitlar yaratib berilayotganini alohida ta'kidlash lozim.

    Bu hali hammasi emas, albatta. Kelgusida biz yanada yorqin va samarali loyihalarni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. O'ylaymizki, mazkur sa'y-harakatlar mamlakatimiz taraqqiyotini yuksak cho'qqilarga olib chiqishdek mas'uliyatli vazifada ulkan hissa bo'lib qo'shiladi. Zero, Jizzax politexnika institutida ilmiy izlanish olib borish va ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun barcha zarur imkoniyat hamda sharoitlar yaratilgan.

    Alisher USMONQULOV,

    Jizzax politexnika instituti rektori,

    texnika fanlari doktori, professor

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 02.05.24-y, 84-sonida e'lon qilindi)