Aholini uzoq muddatli ipoteka kreditlari bilan taʼminlash uchun banklar maxsus qimmatli qogʻozlar orqali moliyaviy resurslarni jalb qila olishi kerak. Buning uchun qonunchilikni takomillashtirish va bozor ishtirokchilarini shakllantirish lozim.
Joriy yilning aprel oyida Prezidentimiz “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon imzolandi.
Mazkur farmonga koʻra, 2023-yilning 1-dekabriga qadar ipoteka qimmatli qogʻozlari muomalasini tartibga solish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlarini jalb etgan holda “Ipoteka qimmatli qogʻozlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari ipotekani moliyalashtirish borasida Xitoy tajribasini oʻrgandi. Xitoyda ipoteka bilan taʼminlangan qimmatli qogʻozlar (mortgage backed securities - MBS) bozorining dastlabki rivojlanish davri 2000-yillarning boshlariga toʻgʻri keladi. Bu davrda huquqiy va meʼyoriy-huquqiy baza yaratildi, tajriba tariqasidagi MBS dasturlari ishga tushirildi va bozorda asosiy ishtirokchilar paydo boʻldi. Xitoy MBS bozorining rivojlanishi quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
Uy-joy islohoti: 1990-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshlarida Xitoyda rejali iqtisodiyotdan bozorga asoslangan uy-joy tizimiga oʻtildi va muhim uy-joy islohotlari amalga oshirildi. Ushbu siljish ipoteka bozorining tez kengayishiga va ipoteka kreditiga boʻlgan talabning oshishiga olib keldi.
Siyosiy qoʻllab-quvvatlash: Xitoy hukumati sekuritizatsiyani ipoteka bozorini rivojlantirishda potensial afzallik deb tan oldi va MBS bozorini rivojlantirish uchun siyosiy yordam koʻrsata boshladi. 2003-yilda Davlat kengashi ipoteka bozorini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar chiqardi.
Normativ-huquqiy baza: 2005-yilda Xitoy Xalq banki va Xitoy banki va Sugʻurta faoliyatini tartibga solish komissiyasi birgalikda ipoteka bilan taʼminlangan qimmatli qogʻozlarni chiqarish boʻyicha yoʻriqnomalarni chiqardi. Bu Xitoyda MBS bozori uchun meʼyoriy-huquqiy bazani yaratishda muhim qadam boʻldi.
Tajriba tariqasidagi MBS dasturi: Xitoy qurilish banki (CDB ) MBS emissiyasi bilan ipoteka bilan taʼminlangan qimmatli qogʻozlar boʻyicha birinchi tajriba dasturini ishga tushirdi. Bu Xitoyda MBS bozorining boshlanishini belgilab berdi va ipoteka kreditlari uchun sekyuritizatsiyaning maqsadga muvofiqligini koʻrsatdi.
Yirik banklarning ishtiroki: tajriba tariqaisdagi MBS dasturining muvaffaqiyatidan soʻng, Xitoy taraqqiyot banki (CDB), Xitoy sanoat va tijorat banki (ICBC ), Xitoy qishloq xoʻjaligi banki (AVC) kabi yirik tijorat banklari MBS bozorida qatnasha boshladi. 2007-2016-yillar oraligʻida ushbu banklar oʻzlarining birinchi MBS larini chiqardi va bozorning oʻsishiga hissa qoʻshdi.
Bozorning kengayishi: 2014-yilda Xitoy Qimmatli qogʻozlarni tartibga solish komissiyasi aktivlar bilan taʼminlangan qimmatli qogʻozlar, shu jumladan, MBS doirasini kengaytirish uchun yangi qoidani eʼlon qildi. Bu koʻproq banklarga ipoteka bilan taʼminlangan qimmatli qogʻozlarni chiqarish imkonini berdi va bozorning oʻsishini ragʻbatlantirishda yordam berdi.
Maʼlumot uchun: Xitoy 2018-2021-yillar oraligʻida 2 trillion yuan (300 milliard AQSH dollari) miqdorida MBS tranzaksiyalari bilan jahon moliyaviy inqirozidan keyin eng tez oʻsayotgan MBS emissiya bozori boʻldi. Bu koʻrsatkich uni dunyodagi ikkinchi yirik bozorga aylantirdi. AQSH xuddi shu davrda 550 milliard AQSH dollari miqdorida xususiy MBS chiqardi.
Soʻnggi yillarda Xitoy regulyatorlari MBS bozorining oʻsishini ragʻbatlantirish va ipoteka sohasida risklarni boshqarish boʻyicha kengaytirilgan chora-tadbirlarni koʻrdi. Ushbu tashabbus kredit risklarini moliyaviy vositalar orqali uzatish mexanizmini ishlab chiqish, tegishli MBS emitentlarini kengaytirish va koʻproq diversifikatsiyalangan investor bazasini ragʻbatlantirishni oʻz ichiga oladi.