Uchrashuv AQSH prezidentining iqlim boʻyicha maxsus elchisi Djon Kerri va Davlat kotibining okeanlar va xalqaro ekologiya va ilmiy masalalar boʻyicha yordamchisi, elchi Marsiya Bernikut raisligi ostida onlayn tarzda oʻtkazildi.
Dj. Kerri “C5+1” formati ishtirokchi davlatlarini Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha 26-tomonlar konferensiyasi doirasida Global metan majburiyatiga qoʻshilish orqali AQSHning tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Malumot uchun: Imzolovchilar 2030-yilga qadar barcha sohalarda global antropogen metan chiqindilarini 2020-yil darajasidan kamida 30 foizga kamaytirishga birgalikda harakat qilish majburiyatini oladilar, bu esa global isishning 2050-yilga borib 0,2 darajaga oshishini oldini olishga yordam beradi.
Uchrashuvda tomonlar Parij bitimiga muvofiq yangilangan Milliy miqyosda belgilangan hissalarni taqdim etishga kelishib oldilar, “C5+1” platformasi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga sodiqliklarini tasdiqladilar, qayta tiklanadigan energiya, mintaqaviy integratsiya, metanni kamaytirish kabi sohalarda kelajakda toza energiyaga erishish va bu oʻzgarishlardan eng koʻp zarar koʻradigan jamoalar uchun ish joylarini yaratish boʻyicha hamkorlik qilish salohiyati mavjudligini taʼkidlab oʻtdi, deb xabar beradi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.