Iqlim oʻzgarishi xatarlariga moslashish: seleksiya va urugʻchilikning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash

    Agrosektor 9 Fevral 2021 1530

    Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti Andijon ilmiy tajriba stansiyasi olimlari seleksiya yoʻli bilan xalqaro talablarga toʻliq javob beradigan qurgʻoqchilik, kasallik va zararkunandalarga chidamli, serhosil pomidor navlarini yaratishga muvaffaq boʻldilar.

    Ushbu navlarning afzalligi shundaki, ular bizning iqlimimizga toʻla moslashgan boʻlib, ularning gullari va mevalari yuqori haroratda ham toʻkilib tushmaydi.

    Taʼkidlash joizki, Andijon tajriba stansiyasi Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot Dasturining hamkorlikdagi hamda Rossiya Fedaratsiyasini moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan “Fargʻona vodiysida fermerlarni iqlim oʻzgarishi xatarlariga moslashishi va barqarorligini oshirish” loyihasi doirasida oʻtkazilgan biznes-tashabbuslar tanlovining gʻolibi boʻlgan va unda korxona texnik koʻmakni iqlim oʻzgarishi xatarlariga moslashish choralaridan biri boʻlgan pomidor seleksion urugʻchiligining texnik bazasini mustahkamlash orqali mahalliy moslashtirilgan navlarni ommalashtirish taklifi bilan qatnashgan.

    “Navlar yaratildi, ammo ularni ommalashtirish uchun murakkab urugʻchilik jarayoniga alohida eʼtibor qaratish kerak. Ushbu jarayon oʻz ichiga korxonamizning moddiy texnika bazasining imkoniyati yetarli boʻlmagan urugʻlarni ajratish, quritish, saralash, tuksizlantirish, tozalash, dezinfeksiyalash va qadoqlash kabi butun boshli texnologik jarayonlarni qamrab oladi. Tanlov gʻolibligini qoʻlga kiritishimz orqali biz zamonaviy texnik jihozlash muammosini hal eta oldik”, — deydi korxona rahbari Shermuhammad Aminov.

    Mazkur tashabbus doirasida loyiha tomonidan Andijon shahridagi tajriba stansiyasiga pomidor urugʻini qayta ishlash va qadoqlash uchun kerakli uskunalar yetkazib berildi va kuni kecha korxona tomonidan ular oʻrnatilib, jihozlar ilk sinovdan oʻtkazib koʻrildi.

    Ushbu loyihani amalga oshirish natijasida 28 ta, shu jumladan 30% ayollar uchun, yangi ish oʻrinlarini yaratish koʻzda tutilgan. Eng asosiysi bunda fermerlarning chet elnikiga nisbatan arzonroq boʻlgan hamda oʻzimizning iqlim sharoitimizga moslashtirilgan, yuqori sifatli urugʻlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishlaridir.

    Joriy yilning fevral oyidan boshlab issiqxonaga koʻchat ekish ishlari boshlanishi, keyinroq esa koʻchatlar ochiq dalaga koʻchirib oʻtkazilishi, hosil pishib yetilgach esa urugʻlarni qayta ishlash va qadoqlash liniyasi toʻliq quvvatda ishga tushirilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.