Birgina toza ichimlik suv muammosini olaylik. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hisobotiga koʻra, Yer yuzi aholisining deyarli yarmi toza ichimlik suv, sanitariya va gigiyena vositalaridan yetarli darajada foydalanish imkoniyatiga ega emas. Ushbu neʼmat taqchilligi har yili kamida 1,4 million kishining vafotiga sabab boʻlmoqda.

Bu ayanchli va falokatli hodisalar inson omili taʼsiri va tartibsiz turmush tarzimiz sabab yuzaga kelayotir. Endi dunyo davlatlari oqibatlarni yumshatish, aniqrogʻi, iqlim oʻzgarishlariga moslashishga intilyapti. Bu jarayonning asosiy qismlaridan biri esa iqlimiy moliyalashtirish masalasidir. Oxirgi yillarda koʻproq muhokama qilinayotgan va dolzarbligi yaqqol koʻzga tashlanayotgan ushbu harakat yaqin oʻn yil ichida iqtisodiy moliyalashtirishning eng yirik manbalaridan biriga aylanishi kerak. Yaʼni iqlim oʻzgarishlariga moslashish, allaqachon yuzaga kela boshlagan oqibatlarni yumshatish uchun barcha davlatlar hozirgidan bir necha barobar koʻproq mablagʻ sarflashiga toʻgʻri keladi. Aks holda, oqibatlar foni kengayib boraveradi.

 Bu qanday koʻrinishga ega?

Xoʻsh, iqlimiy moliyalashtirish nima? Uning maqsadi qanday? Qayerdan kelib chiqqan? Pirovardida qanday vazifalarni koʻzda tutadi?

Buni oddiygina taʼrifdan boshlaymiz. Iqlimiy moliyalashtirish iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini yumshatish va moslashish maqsadlariga erishish uchun maxsus moʻljallangan moliyalashtirish vositalaridan foydalanishdir. Boshqacha aytganda, iqlimiy moliyalashtirish issiqxona gazlari atmosferaga chiqarilishini qisqartirish va oldini olishga koʻmaklashish, iqlimiy moslashish, insonlar va davlatlarga iqlim oʻzgarishiga tayyorlanishda yordam berishga qaratilgan har qanday moliyaviy harakatni nazarda tutadi.

Oʻzbekiston uchun nisbatan yangi boʻlgan “climate finance”, yaʼni iqlimiy moliyalashtirish termini jahonda ancha keng tarqalgan. Ushbu atama ilk bor fanga qachon kiritilgani nomaʼlum. Ammo umumiy eʼtirofga koʻra, 1992-yilda “Yer sammiti” paytida “iqlimiy moliyalashtirish” atamasidan foydalanish boshlangan. Mazkur sammit BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi umumqamrovli qonvensiyasi rasmiylashtirishi bilan tarixga kirgan. Ammo 2014-yilga kelibgina iqlimiy moliyalashtirishning rasmiy taʼrifi qabul qilindi. Unda yozilishicha, iqlimiy moliyalashtirish issiqxona gazlari chiqarilishini ozaytirib, ularni singdiruvchilarni koʻpaytirishga, antropogen va ekologik tizimlarning iqlim oʻzgarishi salbiy oqibatlariga nisbatan zaifligini kamaytirishga, barqarorligini saqlash va oshirishga yoʻnaltirilgan harakatni anglatadi.

Soʻnggi yillarda dunyo mamlakatlari sayyoramizdagi ekologik muhitni saqlab qolishga katta mablagʻ sarflamoqda. Chunki yuzaga kelayotgan muammolar bundan boshqa choramiz yoʻqligini koʻrsatyapti. Aks holda, zarar taʼsiri ortib boraveradi. Hatto iqlimning odatdagidan 2 daraja isishi ham ekstremal ob-havo voqealarining koʻproq intensiv boʻlishi, bir qator kasalliklarning moʻtadil iqlim zonalariga koʻchishi, qishloq xoʻjaligida hosildorlik global darajada pasayishi, yerlarning yaroqsiz holga kelishi, suv yetishmasligi, umumiy biologik xilma-xillikning yoʻqotilishi, okeanlarning kislotalilik koʻrsatkichi ortishi kabi oʻzgarishlarga olib keladi. Bularning bari oʻz holicha va jamuljamlikda COVID-19 global pandemiyasi keltirib chiqargan oqibatlarga qaraganda kuchliroq darajadagi falokatlarga sabab boʻlishi mumkin.

Shu bois, dunyo xalqlari insoniyatga taalluqli ushbu masalaga qarshi birgalikda kurashish yoʻlini tanlamoqda. Bu xalqaro bitimlar, koʻp tomonlama kelishuvlar, umumiylikka asoslangan yirik loyihalarda koʻzga tashlanadi. Shulardan biri 2030-yilgacha moʻljallangan Parij bitimidir. Mazkur hujjat 2015-yil 12-dekabrda BMTning iqlim oʻzgarishlari boʻyicha doiraviy konvensiyasiga bagʻishlab Parijda oʻtkazilgan konferensiyaning 21-sessiyasida qabul qilingan boʻlib, 2016-yil noyabrdan kuchga kirdi. Bitimning maqsadi iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq ortib borayotgan global tahdidlarning oldini olishga qaratilgan boʻlib, ayni vaqtda uni 195 mamlakat imzolagan.

Bitimga qoʻshiladigan har bir davlat 2030-yilgacha issiqxona gazlari ajratmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissasini kamaytirish majburiyatini oladi. Xalqaro hujjat 2050-yilga borib issiqxona gazlarining global ajratmalarini 40—70 foiz kamaytirish, 2100-yilgacha esa umuman yoʻqotishni maqsad qilgan. Bunga erishish uchun har bir davlatdan institutsional va xususiy kapital talab etiladi. 2017-yildagi hisob-kitoblarga koʻra, belgilangan maqsadlar uchun yiliga 6,3 trillion yevro sarflanishi koʻrsatilgan. Talab etiladigan mablagʻ miqdori yildan yilga oʻsib boryapti. Ayniqsa, soʻnggi yillardagi ekologik oqibatlar iqlimiy moliyalashtirish zaruratini yanada oshirib, bu yoʻnalishda koʻproq mablagʻ sarf etilishini taqozo qilyapti.

Rivojlanish ekologiya uchun xavflimi?

Oʻzbekiston ham Parij bitimi aʼzolaridan biri sifatida ushbu maqsadlarga erishishga intilmoqda. Mamlakatimizning soʻnggi yillarda bu borada oldiga qoʻygan asosiy maqsadlaridan biri ham 2030-yilgacha moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini amalda faol joriy qilishdan iborat. Mazkur strategiya barqaror ekologik siyosat yuritish, transport vositalari ishlab chiqaradigan zararli gazlarni kamaytirish kabi qator vazifalarni oʻz ichiga oladi.

Shu oʻrinda “yashil” iqtisodiyot va iqlimiy moliyalashtirishning bir-biridan farqli jihatlari nimada, degan savol tugʻilishi tabiiy. Boisi, har ikkisi ham ekologik masalalarni moliyaviy loyihalar orqali hal etishga qaratilgani koʻrinib turibdi va ikkisi bir narsadek tasavvur uygʻotadi. Aslida iqlimiy moliyalashtirish “yashil” iqtisodiyotning bir qismi. Yaʼni “yashil” iqtisodiyotning maqsadlaridan biri iqtisodiy rivojlanish, atrof-muhit muhofazasi va ijtimoiy tenglik orasidagi muvozanatga erishishdan iborat boʻlsa, iqlimiy moliyalashtirish ushbu harakatlarga doir loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan va taqsimlanadigan moliyaviy resurslarni nazarda tutadi.

Hozir Oʻzbekiston rivojlanishning yangi bosqichida. Bu iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy taraqqiy etish, xalq farovonligi oshishida yaqqolroq koʻrinyapti. Ammo davlat iqtisodiyotining jadal rivojlanishi atrof-muhitga salbiy taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi. Buni dunyo davlatlari tajribasida ham koʻrish mumkin.

Oxirgi bir necha yillar davomida yurtimiz suv resurslari kamayishi va suv havzalari qurib borishi, tuproq shoʻrlanishi, tuz va chang boʻronlari hamda anomal issiq kabi muammolarga duch kelmoqda. Yuqorida sanab oʻtilgan muammolar iqlimning sezilarli darajada isishi natijasida yanada keskinlashib boryapti. Bu esa, oʻz navbatida, iqtisodiy va ijtimoiy muammolar, jumladan, aholi salomatligiga taʼsir etishi mumkin boʻlgan jiddiy xavf-xatarlar paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin. Shu bois, mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Iqlim oʻzgarishlarining Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekistonga ehtimoliy salbiy taʼsirining oldini olishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surilmoqda. Soha vakillari, mutaxassislar, olimlar bu borada innovatsion yechimlarni taklif etyapti.

Muhofaza uchun moliyaviy resurslar zarur

Iqtisodiy va ekologik masalalarga boʻlgan qiziqishim sabab oʻzim ham shu yoʻnalishda tahsil olyapman. 2021-yilda Niderlandiyaning Leyden universitetida davlat boshqaruvi, iqtisod va taraqqiyot yoʻnalishida oʻqib, bakalavr diplomini oldim. Soʻng faoliyatimni oʻzimizda davom ettirish maqsadida yurtimizga qaytdim. Oʻtgan yili “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyasi gʻolibiga aylanib, Londonning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri — dunyo universitetlari reytingida oltinchi oʻrinni egallagan Imperial College oliygohining magistratura bosqich talabasi boʻldim. Butun oʻquv yili davomida barcha xarajatlarim davlatimiz tomonidan toʻliq moliyalashtirilgan. Oʻqishni tamomlab, Vatanimizga qaytish, shu yoʻnalishda katta loyihalarni amalga oshirishni koʻzlaganman. Hozir karbon (CO2) bozorlari boʻyicha magistrlik dissertatsiyamni yozyapman. Karbon kompensatsiya bozori zararli gazlar chiqaruvchi kompaniyalarga ushbu issiqxona gazlarini atmosferadan olib tashlaydigan kompaniyalardan karbon kreditlarini sotib olish imkonini beradi. Ayni vaqtda karbon chiqarilishi boʻyicha kompensatsiya tez rivojlanayotgan bozor boʻlib, 2020-yildagi 2 milliard dollardan 2050-yilga kelib 250 milliard dollargacha oʻsishi kutilmoqda.

Bu masalalar bizda ham dolzarb. Shu bois, yurtimizda ekologik yoʻnalishdagi iqtisodiy mutaxassislarga talab oshib boryapti. Yuqorida taʼkidlaganimdek, yaqin yillarda bu soha eng koʻp mablagʻ ajratiladigan yoʻnalishlardan biriga aylanadi. Balki hozirgidan bir necha barobar koʻproq moliyaviy resurslar jalb qilishga toʻgʻri kelar. Bunda “yashil” va barqarorlik bilan bogʻliq obligatsiyalar, kreditlar, ESG hisoboti samaradorligi reytingi kabilar iqlimiy moliyalashtirish vositalari boʻla oladi.

Moliyaviy manbalar nafaqat hukumat tashabbuslarini ragʻbatlantiradi, balki shaxsiy korxonalarning iqlim foydasiga harakat qilishdan manfaatdorligini ham oshiradi. Gap shundaki, zamonaviy biznes landshaftida iqlim oʻzgarishi tobora muhim korporativ xavf sifatida qabul qilinmoqda. Xususan, agar shaxsiy firmalar iqlimga zararini koʻpaytirsa va karbon betarafligi maqsadlariga erishishda orqada qolsa, ular iqlim oʻzgarishining jiddiy oqibatlariga duch kelishadi. Faoliyatini iqlim maqsadlariga moslamagan kompaniyalar atrof-muhitga taʼsir uchun kompensatsiya shaklida qoʻshimcha soliqlarga duchor boʻlishi ham mumkin. Biroq ekologik oqibatlarni yumshatish va moslashish faoliyat turlari yoki sektorlarning muayyan toʻplamiga tegishli emas. Bu barcha sohalarga nisbatan qoʻllanishi mumkin va Parij bitimi maqsadlariga erishish iqtisodiyotimizni, hayot tarzimizni jiddiy oʻzgartirishni talab qiladi.

Masalan, atrof-muhitga sezilarli zarar yetkazadigan chiqindilarni qisqartirish masalasini olaylik. Buning uchun bir vaqtning oʻzida bir qancha sohalarda aniq chora-tadbirlar qoʻllash zarur. Jumladan, energetika tizimida elektr energiyasini tozaroq ishlab chiqarish, energiya samaradorligini oshirish talab etiladi. Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida oziq-ovqat chiqindilarini qisqartirish, oʻsimlik asosidagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqish hisobiga goʻsht va sut mahsulotlari isteʼmolini kamaytirish, ekotizimlarni himoya qilish va tiklash, sholi ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish kabilar dolzarb. Sanoatda boʻlsa, baʼzi gazsimon sovitish agentlaridan bosqichma-bosqich voz kechish, chiqindilardan gaz olish, qayta ishlash va past uglerodli sement hamda bioplastiklar ishlab chiqarish zarurati koʻzga tashlanadi. Transport, qurilish va boshqa sohalarda ham ekologiyaga zarar yetkazilayotgan jihatlar koʻp. Ularni yoʻq qilish va zararsiz muqobil variantlariga almashtirish esa, tabiiyki, katta moliyaviy resurslarni talab qiladi. Shu jihatdan, hayotimizda, iqtisodiy sektorda iqlimiy moliyalashtirish zarurati tobora ortib boryapti.

Maqsadlarga erishish uchun davlat tomonidan yoʻnaltiriladigan mablagʻdan tashqari, xususiy sektorga grantlar, maqbul kreditlar ajratish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish zarur. Yurtimizda bu boradagi ishlar faollashayotgani quvonarli. Xususan, muqobil energiya vositalarini qoʻllashni kengaytirish, davlat korxonalari va aholi xonadonlariga quyosh panellaridan foydalanish, qurilishda shunday uskunalar oʻrnatish koʻrsatkichini oshirish uchun imtiyozlar ajratilyapti. Resurstejamkor, energiyatejamkor texnologiya faol qoʻllanilyapti. Bu yoʻnalishdagi eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri yurtimizda “yashil” portfelni yaratish harakatidir. Mazkur loyiha boʻyicha davlatimiz rahbarining oʻtgan yil noyabr oyida Fransiyaga tashrifi doirasida kelishuvga erishilgan. Loyiha Fransiyaning AFD banki tomonidan 30 million yevro miqdorida kredit ajratish hisobiga moliyalashtirilmoqda.

Mamlakatimizni koʻkalamzorlashtirish boʻyicha ham katta ishlar qilinib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi faol davom ettirilmoqda. Oʻsimliklar atmosfera havosi, iqlimni toza saqlashda juda zarur. Barcha sohalarda bu boradagi ishlar koʻlamli ekanini koʻrishimiz mumkin. Asosiy maqsad esa atrof-muhitga chiqayotgan zararli gazlarni sezilarli kamaytirib, iqlim oʻzgarishlari oqibatlariga moslashishdan iborat.

Umuman olganda, iqlimni muhofaza qilish uchun moliyaviy resurslarni jalb qilish nafaqat zarurat, balki uzoq muddatli istiqbolda sezilarli iqtisodiy foyda keltiradigan strategik harakat hamdir. Xalqaro “drawdown” loyihasining baholashicha, iqlimiy moliyalashtirishni amalga oshirishda sof operatsion tejalgan mablagʻlar xarajatlardan toʻrt-besh barobar koʻproq boʻladi. Yaʼni jarayonda erishilgan natijalar, yaratilgan innovatsion texnologiyalar iqtisodiy jihatdan koʻproq samara keltiradi.

Demak, iqlimiy moliyalashtirish orqali bugun muammoni yechishga sarflanadigan mablagʻ ertaga bir necha barobar koʻproq boʻlib qaytadi. Eng muhimi, ular sayyoramiz ekologik muhitini yaxshilash, tabiatni asrash, iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlariga qarshi kurashishga xizmat qiladi.

Habiba HIDOYATOVA,

Londondagi Imperial College universiteti magistranti