Iqtisodiyotimiz drayveri

    Qatiq solingan kosani teskari tutsa ham to'kilmaydi. Qanday qilib?

    Joriy yil 29-mart kuni Prezidentimiz rahbarligida turizm salohiyatini rivojlantirish yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida xorijiy sayyohlarning O'zbekistonda bir kun ko'proq qolishi yillik turizm eksport hajmini 300 million dollarga oshirish imkoni mavjudligi, turizm sohasiga berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanish zarurligi ta'kidlab o'tilgan edi. Ayni paytda Navoiy viloyatida ham 3 ta tuman va 20 ta mahalla turizmga ixtisoslashtirilib, ularda alohida soliq tartibi joriy qilindi. Viloyatga biriktirilgan Samarqand iqtisodiyot va servis instituti bilan hamkorlikda Xatirchi, Nurota va Qiziltepa tumanlarining turistik salohiyatini oshirish bo'yicha 2023-yilda hamkorlikdagi rejalar ishlab chiqilib, bugungi kunda hayotga tatbiq etilmoqda. Jarayonda institut ilmiy xodimlari hududning turizm ob'ektlari tarixini o'rganib, mavjud kontentni boyitish maqsadida ilmiy xulosalar tayyorlamoqda. Buning natijasida turizmga ixtisoslashgan tuman va mahallalar tarixi, yodgorliklari va kontenti yaratiladi hamda ular asosida kamida 12 ta tilda turizm paketlari ishlab chiqiladi. Shuningdek, xorijiy tillar yo'nalishlarida o'qiyotgan talabalarning kamida 2 oylik amaliyoti ushbu tumanlarda tashkil etiladi va turizm xizmat ko'rsatish infratuzilmasi xodimlarining malakasi oshiriladi, malakali gid-ekskursovodlar tayyorlash yo'lga qo'yiladi.

    – Viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud, – deydi Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori Dilbar Aslonova. – Ilmiy o'rganishlar xulosalari asosida turizm ob'ektlarining jozibadorligini bundanda oshirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. O'ylaymanki, bu hamkorligimiz o'zining yuksak samarasini berib, viloyatga keluvchi sayyohlar oqimi yanada ko'payadi.

    Qiziltepa tumani turizm salohiyati va bu boradagi imkoniyatlari alohida e'tirofga loyiq. Bir tomondan, Malikcho'l sahrosiga, ikkinchi tarafdan, Buxoro viloyatiga tutash bu zamin azaldan mehnatkash xalqi, ishbilarmon insonlari bilan viloyatda o'z o'rniga ega bo'lib kelgan. Birgina Zarmitan qatig'ining dovrug'ini eshitmagan kishi bo'lmasa kerak. U o'zining shifobaxshligi va tayyorlanish uslubi bilan betakror. Qiziqarli jihati, bu erda tayyorlanadigan qatiq solingan kosani teskari tutsa ham to'kilmaydi. Tumanga kelgan inson borki, bu qatiqdan totmay ortga qaytmaydi. Bu, o'z navbatida, hududda gastronomik turizm rivojida ham muhim ahamiyatga ega. Hozirda M-37 magistral yo'lida tashkil qilingan sotuv punktida Zarmitan qatig'idan tatib ko'rgan sayyohlarda uning tayyorlanish jarayonini ko'rish istagi ham paydo bo'lishi tabiiy hol.

    Tumanning turizm salohiyati haqida gap ketganda, To'dako'l suv havzasi alohida tilga olinadi. Bu erda barcha qulayliklarga ega dam olish maskanlari tashkil etilib, plyaj turizmi yo'lga qo'yilgan. Sohil bo'yida barpo etilgan plyaj dam olish sog'lomlashtirish maskani va akvaparkning umumiy qiymati 6 million dollar. Ochiq osmon ostida o'tkaziladigan qiziqarli kontsert va shou dasturlar mehmonlarning maroqli dam olishi uchun xizmat qiladi.

    O'tgan yili sohil atrofida bir vaqtning o'zida 2500 sayyohga xizmat ko'rsatadigan dam olish maskani tashkil etilgan edi. Turizm sohasida berilayotgan imtiyozlar hisobiga bu erda yangi plyaj, turizm zonalari, 2 ta dam olish maskani, 10 ta oilaviy mehmon uyli hamda 15 turdagi turizm xizmatlari tashkil etildi. Xorijiy sayyohlar oqimi 2022-yilda 2 barobar oshdi, mahalliy va chet ellik 42 ming sayyoh tashrifi kuzatildi.

    Bundan tashqari, To'dako'l baliqlarini ovlash va undan mazali taomlar tayyorlash jarayoni, taomlarning o'ziga xos mazasi sayyohlar uchun qiziqarli jihatlardan hisoblanadi.

    — Tumanimizda turizm sohasida imkoniyatlar keng va ayni vaqtda ulardan samarali foydalanish bo'yicha tizimli ishlar olib bormoqdamiz, – deydi Qiziltepa tumani hokimi o'rinbosari Murodjon G'iyosov. — Turizm yo'nalishlarining har biri bo'yicha rivojlantirish rejasi ishlab chiqilgan. Ziyorat va ekoturizm bo'yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Qolaversa, M-37 yo'lining 22 kilometr qismi tumanimiz hududidan o'tgani ham turizmni yanada rivojlantirish uchun qo'shimcha imkoniyatlar beradi.

    Tumanda ziyorat turizmi borasida ham o'ziga xos maskanlar mavjud bo'lib, XVI asrga tegishli Toshmasjid hamda Boyazid Bastomiy ziyoratgohlari yil davomida sayyohlar bilan gavjum. Bugungi kunda nafaqat mahalliy, shu bilan birga xorijiy sayyohlarni ham o'ziga jalb etib kelayotgan Toshmasjid me'moriy yodgorligi va minorasi 1583–1585-yillarda Abdullaxon davrida barpo etilgan. U o'sha davrlarda Buxoroyi sharifda katta nufuzga ega bo'lgan juyboriylar vakili bo'lmish Xo'ja Sayid Juyboriy homiyligida tiklangan. Umumiy hajmi 27x24 metrdan iborat bo'lib, balandligi 18 metrga etadigan imorat Markaziy Osiyoda pishiq g'ishtdan ishlangan ustun-gumbazli mahobatli inshootlar rivojining cho'qqisi darajasiga etgan, deya e'tirof etilgan. Toshmasjid hovlisidagi Vang'ozi minorasi ham shunday uslubdagi inshootlardan betakrori hisoblanadi. Uning balandligi 27,5 metr. Minora tepasiga tut yog'ochidan ishlangan 56 ta aylanma ichki zinalardan chiqish mumkin. Pastki qismining aylanasi 8 metr bo'lib, pishiq g'isht va ganch aralashmasidan ishlangan. Ba'zi taxminlarga ko'ra, minoraning yoshi yanada qadimiyroq bo'lishi kerak. Obida oldida katta yo'l bo'lib, mahalliy aholi uni “Amir yo'li” deb atagan. CHunki, qadimda Buxoro amirlari Karmanaga aynan shu erdan o'tgani manbalarda keltiriladi va shu jihatlari bilan ham bugun mazkur ziyoratgoh ko'plab sayyohlarni o'ziga jalb etib keladi.

    Ayni vaqtda Qiziltepa tumanida ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun 5 ta mahalladagi 16 ta madaniy meros ob'ekti to'liq xatlovdan o'tkazildi va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Turizm turlarini rivojlantirish maqsadida hududlarda tog', ko'l, buloq, cho'ldan iborat 8 ta joy ro'yxati shakllantirilib, ushbu hududlarda 5 ta ekoturizm sub'ekti faoliyati yo'lga qo'yildi.

    Bugungi kunda tuman mahallalarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan uy ustaxonalari soni 12 tani tashkil etadi. SHu kunga qadar soliq imtiyozi joriy qilingan mahallalarda 1 ta oilaviy mehmon uyi, 3 ta dam olish maskani, 1 ta xostel, 1 ta o'tovli lager faoliyati yo'lga qo'yilgan. Sayyohlar uchun milliy taomlar tayyorlovchi 2 ta gastronomik xonadon faoliyati tashkil etilishi natijasida esa xotin-qizlar bandligi ta'minlandi. Shuningdek, 11 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi faoliyati yo'lga qo'yilib, mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko'rsatuvchi 63 ta savdo punkti tashkil etildi. Qo'shimcha xizmatlar sonini oshirish maqsadida esa sayyohlar uchun qadimiy uy va qadimiy buyumlar saqlanuvchi 2 ta uy muzeyi faoliyati yo'lga qo'yildi. Turizm mahallalaridagi 12 ta ob'ekt turizm yo'nalishiga kiritildi. Olis hudularda turizmni rivojlantirish maqsadida 3 ta ov ob'ekti hamda 20 ta plyaj turizmi hududlari tashkil etildi. 8 ta ziyorat turizmi ob'ektida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

    2023-yil yakuniga qadar Qiziltepa tumaniga 6 ming xorijlik va 73 ming mahalliy sayyohlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Bu borada viloyatdan tashqari qo'shni Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi turkompaniyalar bilan sayyohlarni ko'proq jalb qilish bo'yicha hamkorlik yo'lga qo'yildi.

    Viloyatning ziyorat turizmi rivojida Nurota tumanidagi “CHashma” ziyoratgohi alohida e'tirofga molik. Nur chashmasi tabiatning noyob tuhfasi bo'lib, uning qachon va qanday paydo bo'lgani noma'lum. Ma'lumotlarga ko'ra, bu mo''jiza murakkab tabiiy jarayonlar natijasida paydo bo'lgan. Arxeolog olimlar o'sha hududdagi qal'a tevaragida uchratgan topilmalar bu manzilda yuqori paleolit davrida ham odamlar yashaganini darak beradi.

    Mutaxassislar fikricha, chashma suvi tog' toshlari orasidan sizib o'tib, turli kimyoviy birikmalarni, tog' jinslaridagi har xil elementlarni eritib, o'zi bilan birga olib keladi. YUqori minerellashgan suv er yuziga chashma bo'lib otilib chiqadi. Dengiz sathidan 524 metr balandlikda joylashgan chashma suvi xushta'm, hidsiz, rangsiz, yumshoq, shirin bo'lib, tarkibida 20 xil mikroelement borligi aniqlangan. Harorati esa qishin-yozin bir xil turadi. CHashmadagi baliqlar tabiatning betakror mo'jizasi bo'lib, mahalliy aholi ham, sayohatchilar ham ularga umuman ozor etkazmaydi.

    Ziyortgohda joylashgan “CHilustun” jome' masjidi tarixi X asrga borib taqaladi. Uning o'ziga xos jihatlaridan biri shundan iboratki, masjidda qadimda ishlatilgan quyosh soatining o'rni bor va qadimgi aks-sado beruvchi ovoz kuchaytirgichlar keyingi ta'mirlash jarayonida saqlab qolingan. Masjid 20x30 o'lchamli bo'lib, Nurota yog'och o'ymakorligi uslublari qo'llanilgan.

    Viloyat turizm salohiyatida Sarmishsoy darasi muhim o'rin tutadi. Bu qadimiy maskan O'zbekistondagi eng yirik va eng ko'p o'rganilayotgan hudud hisoblanadi. Qoyatoshlarga o'yib ishlangan 10 mingga yaqin surat va kompozitsiya mavjud. Petrogliflarning aksariyati bronza davriga tegishli. Shuningdek, ular orasida eneolit, neolit va hatto mezolit davrining oxirlari, Sako-Skif davriga tegishli bir qancha tasviriy surat mavjud. Toshlarga o'yib ishlangan rasmlarning barchasini bir qarashda ilg'ab olish mushkul. Tongda, tushlik vaqti va quyosh botayotganidagina ko'rinadigan tasvirlar bor. Ba'zi tasvirlar faqat yomg'irli kunda ko'zga tashlanishi yanada ajablanarli. Qoyatoshlarga o'yib ishlangan rasmlar olimlar o'tkazgan tadqiqot natijalariga ko'ra, bundan qariyb 5–7 ming yil ilgari bu erda uy hayvonlarini xonakilashtirib, o'troq yashagan aholi tomonidan chizilgani aniqlangan. Ayni vaqtda ushbu ma'lumotlar tizimlashtirilib, xorijlik turistlarni jalb qilish maqsadida turli tillarda elektron kontentlar yaratilmoqda.

    Sarmishsoy hududi dunyodagi eng katta tosh “San'at galereyasi” sifatida ham tanilgan. O'ziga xos galereyaning maydoni 20 kvadrat-kilometr bo'lib, bu erda qadimgi dunyo va o'rta asrlar tarixi yodgorliklarining madaniy-tarixiy majmuasi saqlanib qolgan. Bugungi kunda darada 6 ta kottej, 13 o'tovli “Sarmishsoy” dam olish maskani bir oyda o'rtacha 2000–3000 nafar mahalliy, 1000–1500 nafar xorijiy sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega.

    Viloyatning turistik salohiyatini rivojlantirish maqsadida sayyohlik sohasi bilan shug'ullanadigan kompaniyalar soni 27 taga etkazildi, sayohatlarni tashkil etishda 69 ta zamonaviy transport vositasidan foydalanilgan holda 40 dan ortiq yo'nalish bo'yicha sayohatlar tashkil etilyapti. Jumladan, ekotkurizm bo'yicha 8 ta, ziyorat turizmida 7 ta, agroturizm bo'yicha 5 ta yangi yo'nalish ishlab chiqildi.

    Navoiy viloyati Samarqand va Buxoro viloyatlari o'rtasida joylashgani sababli qariyb 340 kilometr masofada 60 ta ob'ektdan iborat 14 ta turizm yo'nalishini o'z ichiga olgan “Navoiy turizm halqasi” tashkil qilindi. Turizm xalqasi viloyatning Xatirchi, Nurota, Navbahor, Karmana, Qiziltepa tumanlarini qamrab olgan.

    Ko'rinib turibdiki, Navoiyda turizm sohasini rivojlantirish borasida yangi imkoniyatlar ishga solinmoqda. Buning natijasida ish o'rinlari ko'paymoqda. Sayyohlar uchun xizmatlar turi oshgani sayin moliyaviy daromad ortib, aholining farovonligi oshmoqda.

    G'olib ABDUSALOMOV,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri