Ishni oʻqish bilan olib borayotganlarga kompensatsiya, yoʻl haqining maʼlum qismi toʻlab beriladi

    Kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqiyotgan xodimlarga ish haqi saqlangan holda oʻquv taʼtillari beriladi.

    — Ishni oʻqish bilan birga olib borayotganlar ham oʻquv taʼtili, ham mehnat taʼtili olish huquqiga ega;

    — Mehnat faoliyati davomida ilmiy ish qilayotganlarga 6 oygacha ijodiy taʼtil beriladi;

    — kirish imtihonlarida qatnashish uchun ham taʼtil beriladi.

    Yuz.uz bu gal ham oʻqib, ham ishlayotganlarga beriladigan kompensatsiya, yoʻl haqi va boshqa kafolatlar haqida maʼlumot beradi.

    Oʻquv taʼtili berish tartibi qanday?

    Mehnat kodeksiga koʻra, ish beruvchi mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan oʻtayotgan, shuningdek ishlab chiqarish taʼlimini oʻtayotgan xodimlarga ish va oʻqishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.

    Ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida tahsil olib, oʻquv rejasini bajarayotgan xodimlarga ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi saqlangan holda oʻquv taʼtili, qisqartirilgan ish haftasi hamda qonunchilikda belgilangan boshqa kafolatlar beriladi.

    Imtihonlarni topshirish uchun necha kun taʼtil beriladi?

    Kirish imtihonlarida ishtirok etishga ruxsat berilgan xodimlarga oliy taʼlim tashkilotlariga kirish imtihonlarini topshirish uchun kamida oʻn besh kalendar kun muddatga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil beriladi.

    Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqiyotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun ish haqi saqlangan holda:

    — oliy taʼlim tashkilotlarida kechki taʼlim shaklida oʻqiyotgan birinchi va ikkinchi kurs talabalariga — kamida yigirma kalendar kun;

    — oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida — kamida oʻn kalendar kun,

    — oliy va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida oʻqiyotganlarga esa — kamida oʻttiz kun;

    — oliy taʼlim tashkilotlarida kechki taʼlim shaklida uchinchi va undan yuqori kurslarda oʻqiyotganlarga — kamida oʻttiz kalendar kun,

    — oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tashkilotlarida — kamida yigirma kalendar kun,

    — oliy va oʻrta maxsus taʼlim, kasb hunar taʼlimi tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida oʻqiyotganlarga esa kamida qirq kalendar kun muddatga oʻquv taʼtillari beriladi.

    Ishni oʻqish bilan birga olib borayotgan xodimlarga navbatdagi mehnat taʼtillari ular oʻquv taʼtillaridan foydalanganligidan qatʼi nazar beriladi.

    Yoʻl haqi toʻlanadi

    Ish beruvchi oliy taʼlim tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida tahsil olayotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyasida ishtirok etish uchun taʼlim tashkiloti joylashgan yerga borishi va u yerdan qaytib kelishi uchun yiliga bir marta yoʻlkira haqining ellik foizidan kam boʻlmagan miqdorini toʻlaydi.

    Davlat attestatsiyasidan oʻtish uchun xuddi shunday miqdorda yoʻlkira haqi toʻlanadi.

    Kompensatsiya qachon toʻlanadi?

    Ishni oʻqish bilan birga olib borayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar birinchi marta tegishli darajadagi taʼlim olayotganda asosiy ish joyidan beriladi.

    Ijodiy taʼtillar haqida

    Mehnat faoliyatini yoki pedagogik faoliyatni ilmiy ish bilan birga olib borayotgan shaxslarga ijodiy taʼtillar beriladi

    — falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) ilmiy darajasini olishga doir dissertatsiyani yakunlash uchun asosiy ish joyida oʻrtacha ish haqi va lavozimi saqlangan holda uch oygacha;

    — fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasini olishga doir doktorlik dissertatsiyani yakunlash uchun — olti oygacha ijodiy taʼtillar beriladi.