OʻzAning xabar berishicha, bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan eshituvda aytib oʻtildi.
Ikkinchi xorijiy til oʻqitiladigan maktablar soni 420 taga, kasb-hunarga oʻrgatiladigan maktablar soni 400 taga yetkaziladi. Xususiy maktablar soni 700 taga va ulardagi oʻquvchilar qamrovi 150 ming nafarga yetkaziladi.
Shuningdek, Investitsiya dasturi doirasida 26 ta yangi umumtaʼlim maktabi qurilishi va 320 tasini rekonstruksiya qilish orqali 120 ming 943 nafar, shuningdek, 54 ta pedagogik kollej binosini umumtaʼlim maktabiga aylantirish orqali 32 ming 905 nafar oʻquvchi oʻrni yaratiladi.
Respublikamizning 4 ta hududida yangi ixtisoslashtirilgan maktab, 9 ta hududida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab, Toshkent viloyati Chinoz tumanida Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Eshituvda taʼkidlanganidek, “Taʼlim barcha uchun teng” tamoyili asosida inklyuziv taʼlim tizimi joriy etilgan umumtaʼlim maktablari soni 1 ming 900 taga yetkaziladi. Shuningdek, ushbu tizim 208 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida joriy etiladi. Umumtaʼlim maktablariga pedagog kadrlarni maxsus platforma orqali tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 78 foizga yetkaziladi.