Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekistonda islom moliya tizimini tatbiq etish istiqbollari va huquqiy asoslarni yaratish” masalalariga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi. Deputatlar, tegishli vazirlik va qoʻmita aʼzolari, iqtisodchi olimlar, ekspertlar, soha mutaxassislari ishtirokida oʻtgan tadbirda islom moliyasi tarixi va bugungi holati, Oʻzbekistonda islom moliyaviy xizmatlariga boʻlgan ehtiyoj, uning qonunchilik va huquqiy asosini yaratish zarurati bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Oʻzbekistonda islom moliyasi boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalari bilan tanishtirildi.
Maʼlumki, islomiy moliya foyda va zararni boʻlishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni koʻzda tutadi. Yaʼni, u sherikchilikka asoslanadi. Ular mijoz talabi bilan obyektni qurishi, asbob-uskunalar, tovar, xom ashyolar olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Sheriklik asosidagi moliyalash tizimi esa daxlsizlik, shartnoma majburiyatlariga rioya qilish, tavakkalchiliklar, foyda va daromadlarni adolatli taqsimlash, iqtisodiy farovonlik va ijtimoiy adolatning muvofiqlik tamoyillariga asoslanadi. Axloqiy meʼyorlarga rioya qilish, ijtimoiy adolat, qonun doirasida harakat qilish, mablagʻlarni meʼyorida sarflash va monopoliyaga qarshi kurashish mazkur tizimning fundamental asosi hisoblanadi.
Coʻnggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan va jahon moliyaviy makonini ishonchli zabt etayotgan Islomiy moliya tizimiga boʻlgan qiziqish tobora kuchaymoqda. Yangi islomiy banklar, sugʻurta tashkilotlari, investitsiya jamgʻarmalari tashkil qilinib, hatto ushbu tizim musulmon boʻlmagan mamlakatlarda ham keng rivojlanayotgani eʼtiborga molik. Dunyoviy davlat boʻlsa-da, aksariyat fuqarolari nasroniy boʻlgan Buyuk Britaniyaning 20 dan ortiq banklarida mijozlarga islom moliyasi mahsulotlari va xizmatlari taklif qilinmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, Bangladeshning iqtisodiy oʻsish surʼati 5,57 foizdan (2010-yil) 7,9 foizga (2018-yil) yetdi. Tadqiqotlarga koʻra, islom banklari kichik va oʻrta biznes subyektlarining moliyaviy mablagʻlarga boʻlgan talabini qondirish orqali Bangladeshning iqtisodiy rivojiga katta hissa qoʻshdi. Bugun islom banklari ushbu davlat bank tizimida 24 foiz ulushiga ega.
2012-yil Omon davlatida islom moliyasi tamoyillari tatbiq etilgan boʻlib, oʻtgan yillar mobaynida islom moliyasi aktivlari hajmi 12,6 mlrd. AQSH dollarga, bank tarmogʻidagi ulushi esa 13,7 foizga yetgan. Bu davlat hozirda islom moliyasi bozori koʻlami jihatdan dunyoda 15 oʻrinda turadi.
Umuman, bugungi kunga kelib, 300 dan ziyod islom banki va moliya muassasalarining yalpi aktivlari 2,5 trillion AQSH dollaridan oshib, yiliga 15-20 foizga oʻsmoqda. Shu maʼnoda, musulmon davlatlardagi faoliyati islomiy moliyalashtirishga asoslangan tashkilotlar mablagʻini Oʻzbekiston iqtisodiyotiga, xususiy sektorini qoʻllab-quvvatlashga jalb etish ayni muddaodir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari Alisher Qodirovga koʻra, Oʻzbekistonda allaqachon joriy etilishi kerak boʻlgan bu tizimni amaliyotga tatbiq etilishi afsuski qiyin boʻlyapti. Vaholanki, bugungi kunda islom moliyalashtirish tizimi dunyoning eng rivojlangan davlatlarida ham joriy etilmoqda. Oʻzbekiston markaziy Osiyoda eng koʻp musulmon aholiga ega davlat boʻlishiga qaramasdan bu masalalarda Qozigʻiston, Qirgʻiziston va Turkmanistondan sezilarli orqada qolgan.
Mamlakatimizda islomiy moliyalashtirish ishlari 2004-yilda boshlangan boʻlib, bu Oʻzbekistonning Islom taraqqiyot banki (ITB) aʼzoligiga qoʻshilgani bilan bogʻliq. Yurtimiz uchun yangi yoʻnalishga bugun biznes vakillarida ham, aholida katta ehtiyoj mavjud. Chunki mamlakatimiz aholisining 90 foizidan yuqori qismi islom diniga eʼtiqod qiladi va eʼtiqodi tufayli 15-20 foizga yaqin aholi anʼanaviy kreditlash tizimidan foydalanmayapti. Muqobil kreditlash tizimi orqali esa mazkur qatlam ham toʻliq qamrab olinishi mumkin. Bu ana shu qatlam omonatlarini iqtisodiyotga jalb etish, ulardan esa oqilona foydalanish uchun katta imkoniyat yaratadi. Yaʼni, bu orqali “zahiradagi” ichki investitsiyalarni iqtisodiyotimizning oʻsishiga jalb qilish, xufiyona iqtisodiyot salmogʻini kamaytirish, eng muhimi, tadbirkorlikni rivojlantirishimiz mumkin boʻladi.
Izlanishlarga koʻra, Oʻzbekistondagi biznes subyektlarining 80 foizi ichki manbalar hisobidan moliyalashtiriladi va ularning chorak qismigina kredit xizmatidan foydalandi. Bank aktivlarining 85 foizi esa davlat banklariga tegishli va ularda kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish uchun sanoqli mahsulotlar mavjud. Shu bois, aksariyat korxonalar banklarni moliyalashtirishning afzal manbai hisoblamaydi. Bu esa biznes subyektlarining moliyaviy hisobotlarga yetarli darajada eʼtibor bermasligi, soliq idoralariga taqdim etadigan rasmiy hisobotlarida esa aksariyat holatda haqiqiy moliyaviy holatni koʻrsatmasligiga sabab boʻlmoqda. Tijorat banklari ham oʻz navbatida bunday hisobotlarga ishonch bildirmaydi va bu koʻplab subyektlarni kreditlash imkoniyatidan mahrum qiladi
Davra suhbatida Oʻzbekistonda islom moliyasi boʻyicha biznes vakillari hamda aholi ishtirokida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalari ham eʼlon qilindi. Toʻgʻridan-toʻgʻri va onlayn shaklda oʻtkazilgan soʻrovda 2 235 nafar biznes vakillari, qariyb 5000 nafar jismoniy shaxslar ishtirok etgan. Natijalarga koʻra, biznes subyektlarining 38 foizi, jismoniy shaxslarning esa 56 foizi diniy qarashlari sabab anʼanaviy bank kredit xizmatidan foydalanmaydi. Mos ravishda ishtirokchilarning 61 va 75 foizi Oʻzbekistonda islom moliya muassasalari ish boshlasa yoki islom moliya xizmatlari taklif etilsa, tanlashga tayyor ekanligini bildirgan.
Soʻrovda banklar ham ishtirok etgan va ulardan Oʻzbekistonda islom moliya tizimini joriy etishdagi eng katta toʻsiqlar va muammolar haqida soʻralgan. Maʼlum boʻlishicha, islom moliya mahsulotlari va xizmatlarini, jumladan, islom sugʻurtasi boʻlgan “takoful”ni tartibga soluvchi qonunlar yoʻq. Shuningdek, amaldagi bank faoliyati va soliq boʻyicha qonunchilik islom huquqi tamoyillari asosida ishlaydigan banklar uchun moslashtirilmagan. Banklardagi mavjud dasturiy taʼminot tizimlari islom moliya bitimlari boʻyicha amaliyot oʻtkazishga moslashtirilmagan. Hozircha islom moliyasi va banki boʻyicha mutaxassislar oliy taʼlim tizimida tayyorlanmaydi. Shu bois, mutaxassislar kam, amaliy tajriba esa yoʻq. Shuningdek, aholining islom moliyasi haqida bilim va tushunchalari ham yetarli emas.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Islom moliyasi mahsulotlaridan foydalanish uchun amaldagi bank qonunchiligi, soliq va fuqarolik kodekslari hamda boshqa qonunosti hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish yoki alohida qonun qabul qilinishi lozim. Shuningdek, bu sohada kadrlarni tayyorlash va aholining savodxonligini oshirish ham muhim ahamiyatga ega. Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, aynan islomiy moliyalash tizimi aholi qoʻlidagi boʻsh mablagʻlarni real iqtisodiyotga jalb qilish orqali ham iqtisodiyot, tijorat va aholi farovonligini sezilarli darajada faollashtirishga qoʻshimcha imkon yaratadi.