Istak, intilish, imkoniyat — mahalla beshligi faoliyati mezoni

    Ijtimoiy hayot 25 Iyul 2023 1956

    Karmana tumani markazidagi Mir Said Bahrom mahallasi namunali mahallalardan biri. 2700 dan ortiq aholi istiqomat qiladigan ushbu hudud keyingi yilllarda bunyodkorlik maydoniga aylandi. Aholi koʻz oʻngida boʻlayotgan bu kabi ijobiy oʻzgarishlardan mamnun.

    Sababi, koʻrimsiz, kichik inshootlar oʻrnini zamonaviy binolar egalladi, mahalla infratuzilmasi tubdan oʻzgardi. Aholining ham bu kabi bunyodkorlikka intilishi mahalla obodligi, goʻzal bogʻlar va koʻkalamzorlashtirilgan maydonlarda ham aks etmoqda.

    Bugungi kunda ushbu mahallada maktabgacha taʼlim tashkilotlari, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari bunyod etilib, faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bir vaqtlar odamlar xayoliga ham kelmagan koʻp qavatli uylar ham ushbu mahallada qad rostlamoqda. Shuningdek, bir necha yillar davomida mahalla fuqarolar yigʻini doimiy binoga ega emasligi aholi murojaatlari, mavjud muammolari bilan ishlashda qiyinchiliklar tugʻdirar edi. Koʻp qavatli uylardan alohida joy ajratilishi mahalla beshligi faolyatiga ham qulayliklar yaratdi. Hozirda ushbu ijobiy oʻzgarishlarga hamohang tarzda mahalla beshligi, yaʼni rais, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi va yoshlar yetakchilari hamjihatlikda aholi uchun xizmat qilib, ularni farovon turmush kechirishiga koʻmak bermoqda.

    – Ayni vaqtda mahallalar va ularda faoliyat yuritayotgan masʼullarga eʼtibor juda katta. Faoliyatimiz uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Ayniqsa, mahallalarning obod boʻlishi uchun amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini taʼriflashga til ojiz. Tan olib aytish kerak, avval mahalla raisining zimmasida yuk koʻp edi. Koʻp ishlarimizga ulgurmas edik. Besh yil davomida ijaradagi binoda ishlaganmiz. Hozirda xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi raisga har tomonlama koʻmakchiga aylangan. Yangi binoga ega boʻldik va faoliyatimiz uchun zarur boʻlgan moddiy texnik baza ham yaxshilandi, – deydi Mir Said Bahrom mahallasi raisi Shokir Karimov.

    Hudud yoshlarining zamon talabi darajasida bilim olishi bugun tadbirkorlarning ham eʼtiboridagi masalalardan biriga aylangan. Tadbirkor tashabbusi bilan mahallada boʻsh turgan binoda zamonaviy oʻquv markazi ish boshladi. Endi mahalladagi yigit-qizlarning fanlarga oid bilimni mustahkamlashi, xorijiy tillarni oʻzlashtirishi, oʻz qiziqqan yoʻnalishi boʻyicha qoʻshimcha bilim olishi uchun boshqa hududlarga borishi shart emas. Yoshlar ilmli, ota-onalar esa xotirjam.

    Shuningdek, mahallada tadbirkor yoshlar ham talaygina. Har bir yigit-qizning oʻz qiziqishi bor. Maqsadlarni roʻyobga chiqarish uchun esa mahalla beshligi yordamga tayyor.

    Rustam Xodiyev hududning faol yoshlaridan biri. Bolalagidan sartarosh boʻlishni maqsad qilgan yigit qisqa fursatda unga koʻrsatilgan amaliy koʻmak natijasida tadbirkorga aylandi va hozirda mijozlarga sifatli xizmat koʻrsatib kelmoqda. Daromad esa kutilganidan aʼlo.

    – Uch yildan buyon sartaroshlik qilaman. Ammo faoliyatim uchun yetarli sharoit yoʻq edi. Mahalla fuqarolar yigʻiniga murojaat qilganimda hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi koʻmagi bilan imtiyozli kredit olib, tadbirkorligimni yoʻlga qoʻydim. Sartaroshxona uchun mahalla markazidan joy ham ajratishdi. Hozirda daromadim yaxshi, – deydi Rustam Xodiyev.

    Mahallada yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni nazoratsiz qoldirmaslik, qiziqishiga qarab hunar oʻrganishiga imkon yaratish, tadbirkorlikka yoʻnaltirish borasidagi bu kabi amaliy ishlar talaygina. Tengdoshining yutugʻi, erishgan natijasi boshqa yigit-qizlarga ham oʻrnak. Asosiysi hududda istiqomat qiluvchi yoshlar tashabbuslarini mahalla faollari har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelishmoqda.

    Mahalla drayveridan kelib chiqib, hududda tadbirkorlar safi kengayib bormoqda. Xususan, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish borasida ham sogʻlom raqobat muhiti mavjud. Tabiiyki, shifo maskanlari sonining ortishi xizmat koʻrsatishga ijobiy taʼsir etadi. Fuqarolarda esa tanlash imkoni paydo boʻladi. Hududda faoliyat yuritayotgan xususiy shifo maskanlarining soni 10 tadan oshdi. Tibbiyot muassalarida bemorlarga tashxis qoʻyish, davolash uchun barcha imkoniyatlardan tashqari, aholini sogʻlomlashtirish, profilaktik tibbiy koʻrikdan oʻtkazish kabi afzalliklar bor-ki, bu salomatlik muhofazasida muhim oʻringa ega.

    Qator yillar davomida karmanaliklar zarur tibbiy tekshiruvlardan oʻtish maqsadida viloyat markazi yoki boshqa hududlarga borishga majbur boʻlishardi. Bu esa bemorlar uchun noqulaylik keltirib chiqarish bilan birga oila byudjetiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatardi. Endilikda barcha tibbiy xizmatlar bitta shifo maskanining oʻzida koʻrsatilmoqda.

    Mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga alohida eʼtibor qaratiladi. Boisi toʻrt muchasi sogʻlom inson maqsadlariga mustaqil, oʻzgalar koʻmagisiz erishishi mumkin. Nogironligi boʻlgan fuqarolarga koʻrsatilayotgan eʼtibor ularning ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshiradi, qolaversa doimiy daromad manbaiga ega boʻlishiga imkon yaratadi. Mahalladagi Samarqand koʻchasida istiqomat qiluvchi Nilufar Zohidova va turmush oʻrtogʻining eshitishda nuqsoni bor. Shunday boʻlsa-da, ular mehnat orqali kelgan rohatning qadrini yaxshi anglashadi. Oʻz xonadonida non mahsulotlarini tayyorlayotgan xonadon sohiblari mahalla faollarining koʻmagi bilan daromadga ega boʻlishyapti. Mazali nonlarning esa xaridori koʻp.

    – Ushbu oila uy bekasini “Ayollar daftari”ga roʻyxatga olib, har tomonlama koʻmak berdik. Eshitishida nuqsoni boʻlsa-da, ularning ishga layoqatlilik darajasini oʻrganib, imtiyozli kredit olib berildi. Hozirda u turmush oʻrtogʻi bilan oʻz uyida nonvoylik bilan shugʻullanib, doimiy daromadga ega boʻldi. Muhallamizdagi yordamga muhtoj xotin-qizlar eʼtiborimizda. Ularni har jihatdan qoʻllab-quvvatlamoqdamiz, – deydi Mir Said Bahrom mahallasi xotin-qizlar faoli Zubayda Sharipova.

    Toshkent koʻchasidagi 6-uy. Bir qarashda bu yerda kimdir yashaganiga ishongingiz kelmaydi. Savdo doʻkoni uchun ajratilgan joyda 9 yil davomida 3 nafar farzandi bilan yashagan onaning xavotirini tushunish qiyin emas. Qulashi tayin devorlar, qishda sovuq xonalar, qoʻlbola chorpoya, eski argʻimchoq va allaqachon foydalanishga yaroqsiz holatga kelgan velosiped. Turmush oʻrtogʻidan erta ayrilgan Feruza Roʻziyeva uchun bundan ortiq sinov boʻlmasa kerak. Yillar davomida umidi soʻnmagan onaning xotiralari bizni ham toʻlqinlantirdi.

    Qulay boshpanasi boʻlmagan 3 nafar farzandning onasi uchun uy-joy bilan bogʻliq qiyinchiliklar endi xotiraga aylandi. Yolgʻiz ayolning tashvishi mahalla faollari, mutasaddilarni befarq qoldirmadi. Unga Karmana tumanida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massividagi koʻp qavatli uylardan 2 xonali shinam xonadon taqdim etildi. Endi uning farzandlarini mazali taomlar bilan siylashi uchun oshxona, mehmonlarni xijolat boʻlmasdan kutib olishida ham muammosi yoʻq. Qisqa fursatda uysiz ayoldan yangi xonadon sohibasiga aylangan ona quvonchini baʼzida soʻzlar orqali taʼriflash mushkul.

    – Oʻz uyim, farzandlarimning alohida xonasi boʻlishini orzu qilardim. Uzoq yillar sovuq va sharoiti yoʻq binoda yashab, buning hech imkoni boʻlmasa kerak, degan umidsizlik doim yuragimda boʻlgan. Mahallamiz mutasaddilari koʻmagi bilan ehtiyojmand ayol sifatida menga koʻp qavatli uylardan xonadon ajratilgani hayotimdagi eng quvonchli voqea boʻldi. Farzandlarim uchun barcha imkoniyatlar bor. Maktab yaqin, uyimiz oldida oʻyingohlar. Juda ham xursandman, – deydi Feruza Roʻziyeva.

    Mahallada hayot qaynaydi. Hamma oʻz ishi, yumushi bilan band. Vazifalar aniq, rejalar puxta oʻylangan. Aholi farovonligi esa eʼtibor markazida. Faollarning har kunlik ishi kimningdir mushkulini oson qilish, qaysidir fuqaroga koʻmak berish, ishsizning bandligini taʼminlash, yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish, xullas, kishilarning hayotidan mamnun holda yashashiga hissa qoʻshishdan iborat. Muhimi, buning uchun istak, intilish, imkoniyat bor. Natijalar esa karmanaliklarning koʻz oʻngida namoyon boʻlaveradi.

    Gʻolib ABDUSALOMOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri