Unda “Kitab al-masalik val-mamalik” asarining bevosita Markaziy Osiyo mintaqasi tarixiy geografiyasi bilan bogʻliq “Xuroson” va “Movarounnahr” iqlimlarining tarjimasi amalga oshirilgan. Asar tarjimasiga oʻziga xos tarzda yangicha yondashilgan. Tarjima uchun asarning arab tilidagi (11 ta) va forsiy tarjimasidagi (8 ta) qoʻlyozma va nashrlardagi matnlari jalb etilgan.
Ushbu kitob OʻzR FA Sharqshnunoslik instituti katta ilmiy xodimi Ravshan Xudayberganov tarjimasi va tegishli tadqiqoti asosida 100 nusxada “Fan” nashriyoti tomonidan nashr etildi.
Kitob Markaziy Osiyoning oʻrta asrlar tarixiy geografiyasini oʻrganishda asosiy manbalardan biri sifatida tarixchi mutaxassis va umuman kitobxonlar diqqatiga taqdim etiladi.
Abu Isʼhoq al-Forisiy al-Istaxriy (taxm. 850—934) — geograf olim, Eronning Fors viloyatida yashagan. Eronzamin, Movarounnahr, Arabiston yarim oroli, Misr, Ispaniya, Magʻrib (Shimoliy Afrika) mamlakatlariga sayohat qilgan.