U yerda bizni e'tiborimizni tortgan eng muhim holatlardan biri ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalariga raqamli texnologiyalarning, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlarining keng miqyosda joriy qilinganligi bo'lgandi. Bu esa sohalarning eng muhim va hal qiluvchi nuqtalariga inson omilining ayrim salbiy ta'sirlarini kamaytirishga, hattoki butunlay bartaraf etilishiga olib kelmoqda ekan.

Bugun yurtimizda Janubiy Koreya va boshqa bir qator rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rganilib, ularni mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha sohalariga joriy qilib borilmoqda. Asosiy maqsad esa aholining, odamlarimizning og‘irini engil qilish, iste'molchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratishdan iboratligi barchamizga ayon, albatta.

Yuqoridagi ishlarning uzviy davomi sifatida, Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi tomonidan yurtimiz iste'molchilariga qulayliklar yaratish, ularning qimmatli vaqtini tejash maqsadida, shuningdek Federatsiya hamda vazirlik o‘rtasida 2018-yil 25-aprelda imzolangan memorandum doirasida “OBOD HUDUD” loyihasi ishlab chiqilib, mazkur yangilik hayotga keng joriy qilinishi arafasida turibdi.

Loyihaga ko‘ra, iste'molchilarga huquq va manfaatlarini to'laqonli ro'yobga chiqara olishlari hamda ularning huquqlarini himoya qilinishini ta'minlash bo‘yicha vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalarda yuqoridagi nom ostida barcha foydalanishi mumkin bo‘lgan mobil ilova ishlab chiqilayotganligi diqqatga sazovordir.

Iste'molchi mazkur ilovani o‘z uyali telefoniga o‘rnatib, unda tegishli tartibda ro‘yxatda o‘tish vositasida kommunal masalalardagi murojaat (ariza, shikoyat, taklif)larini yuborishi mumkin bo‘ladi. Iste'molchi yuborilgan murojaat va unda ko‘tarilgan masalalarni echimini topishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni onlayn rejimda kuzatib borish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Federatsiya, o'z navbatida, shu kunlarda mazkur ilovani yanada mukammallashtirish va aholi uchun yanada qulay bo'lishi borasida bildirilayotgan talab va takliflarni ham inobatga olgan holda, ishlar to'liq nihoyasiga etkazilgach, ilovani iste'molchilarning keng doirasi uchun tavsiya etadi.

Inomjon TAGAEV,

O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi o'rinbosari