Uchinchi tashabbus doirasida qilinayotgan samarali ishlar yoshlarning kompyuter savodxonligini, intellektual salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Taʼlim tizimida innovatsion texnologiyalarni qoʻllashga qiziqish va zamonaviy usullarni joriy etishga eʼtibor kun sayin kuchaymoqda. Sababi, ilgari oʻquv maqsadi yoshlarning tayyor bilimlarni oʻzlashtirib, yodlab olishiga qaratilgan edi. Endi zamonaviy texnologiyalar ularni bilimni oʻzi qidirib topishga, mustaqil xulosalar chiqarishga oʻrgatmoqda. Shu bois, mamlakatimizda mavjud umumtaʼlim maktablari negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.
Oʻquv jarayonida “axborot savodxonligi” oʻqituvchi uchun ham, oʻquvchi va talaba uchun ham muhim. Bunday bilimlarni oʻzlashtirish bilan ular maʼlumot izlash va yigʻish, axborot almashish usullarini bilish, ularni amalda qoʻllashda hech qanday qiyinchilikka duch kelmaydi. Shu tufayli umumtaʼlim maktablarining 100 nafar eng yaxshi informatika va axborot texnologiyalari fani oʻqituvchisini Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi va IT park mablagʻlari hisobidan mukofotlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ixtisoslashtirilgan IT maktablarni zamonaviy uskunalar, mebel, kompyuter texnikasi, shuningdek, oʻquv adabiyotlari, uslubiy qoʻllanmalar va boshqa vositalar bilan taʼminlash boʻyicha namunaviy loyiha hamda meʼyorlar ishlab chiqildi. 2021-2022 oʻquv yili davomida ushbu maktablarni toʻliq ishga tushirish maqsadida yagona namunaviy konsepsiya ishlab chiqish, maktablarning oʻquv dasturini xalqaro standartlarga muvofiq qayta koʻrib chiqish, universitet talabalarining malakaviy amaliyotni hududlarda oʻtash tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator takliflar taqdim etildi.
Mamlakatimiz zamonaviy taʼlim tizimida turli texnologiyalardan foydalanish oʻquv jarayonida mavjud muammoni yangicha yondashuv asosida yechish imkonini beradi. Shu maqsadda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini oʻqitishda taʼlim uzluksizligiga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ayni paytda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshidagi oltita litseyda jami ikki yarim mingdan ziyod oʻquvchi tahsil olmoqda. Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari, Samarqand axborot texnologiyalari va Yangiqoʻrgʻon axborot texnologiyalari texnikumlari faoliyat koʻrsatyapti. Bugunga qadar imtihon asosida 569 nafar oʻquvchi saralab olindi. 2021-yilda esa, hududlarda yana 11 ta shunday texnikum tashkil etiladi.
“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” dasturini ishlab chiqish jarayoni ustida qizgʻin ish ketmoqda. Kelgusida raqamli universitetlarni tashkil etish boʻyicha ham qator ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, Coursera (AQSH), EPAM (AQSH, Belarus) va Open University Malaysia (Malayziya) singari tashkilotlar bilan hamkorlik qilish hamda ulardan oʻquv materiallarini olishga kelishildi. Bu bilan hududlardagi yoshlarning, jumladan, ayollar va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining ishdan ajralmagan holda taʼlim olish orzusi roʻyobga chiqadi.
Yosh avlodga taʼlim berishda zamonaviy axborot texnologiyalari xizmatidan yana-da samarali foydalanish hamda yangi texnika va texnologiyalar bilan ishlashni oʻrganish maqsadida amalga oshirilgan ishlardan biri masofadan oʻqitish texnikasi va texnologiyasidir. U shu paytgacha mavjud boʻlgan taʼlim turlaridan ijobiy tomonlari bilan ajralib turadi. Jumladan, barcha oʻquvchi va talabalar, umuman, taʼlim olishni xohlovchilarga yetakchi universitetlar, akademiyalar, institutlar, tayyorlov markazlari, kadrlarni qayta tayyorlash muassasalarida asosiy taʼlim va ish faoliyatidan ajralmagan holda qoʻshimcha taʼlim olish imkoniyatini yaratadi.
Masofaviy oʻqitish shaklining dasturiy apparat kompleksini yaratish maqsadida “Muhammmad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida masofaviy taʼlimni boshqarish axborot tizimlari majmuasi hamda taʼlim kontentlarini yaratish va joriy etish” loyihasi ishlab chiqilib, vazirlik tomonidan ekspertizadan oʻtkazilgan. Masofaviy taʼlimni boshqarish boʻyicha axborot tizimining texnik topshirigʻi, texnik loyihasi hamda TATUda masofaviy taʼlimni joriy etish konsepsiyasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Tizim universitet strukturasi, talabalar, oʻquv rejalari va dasturlarini boshqarish, oʻquv materiallarini taqdim qilish, fanlarning oʻquv topshiriqlarini hamda nazorat va imtihonlarni, hisobotlarni nazorat qilish kabi asosiy modullardan iborat.
Tizimning imtihonlarni boshqarish va hisobotlarni shakllantirish modullari, reyting daftarchasini shakllantirish va talabalarni kursdan-kursga oʻtkazish funksiyalarini yaratish ishlari olib borilmoqda. 2020-2021 oʻquv yilida oʻnta fanning masofaviy taʼlim kontentlari oʻzbek va rus tillarida tayyorlandi. Fanlar boʻyicha jami 320 ta videodars tasvirga olinib, montaj ishlari yakunlandi. Taqdimot materiallari, nazariy bilimlar boʻyicha maʼruza matnlari va bilimlarni nazorat qilib borish boʻyicha test savollari toʻplami tayyorlandi. Masofaviy taʼlim kontentlari fanlar va mavzular kesimida masofaviy taʼlim platformasiga joylandi.
2021-yilda Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari faoliyati samaradorligini yana-da oshirish uchun Janubiy Koreyaning Invil dasturi tajribasini oʻrganish, shu orqali oʻquv markazlarining rivojlanish dasturini ishlab chiqib, ikki-uchta pilot markazda tajriba-sinovdan oʻtkazish, markazlarda shu yil davomida yigirma ming nafar tinglovchini oʻqitish, xorijiy va mahalliy IT ekspertlarni oʻquv markazlariga keng jalb etish kabilar rejalashtirilgan. Hozir IT sohasida yiliga oʻrtacha besh mingdan ortiq oliy maʼlumotli kadr yetishib chiqadi. Shundan uch ming uch yuz nafari Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hissasiga toʻgʻri kelyapti.
Oʻtgan yili Andijon, Fargʻona, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida IT park filiallari tashkil etildi. IT park rezidentlari soni 440 dan oshdi. Ular tomonidan mingga yaqin yangi ish oʻrni tashkil etildi. Dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmi bir trillion soʻmdan oshdi. IT park filiallarida startap loyihalarni amalga oshirish, yoshlarni dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishga keng jalb qilish boʻyicha ishlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Toshkent shahrida IT park rezidentlarini koʻpaytirish va ularga yetarli imkoniyatlar yaratish doimiy eʼtiborda. Shu maqsadda xorijdan jalb qilingan ekspert bilan hamkorlikda umumiy maydoni 408 ming kvadrat metrga teng hududda infratuzilma obyektlarini bunyod etish konsepsiyasi ishlab chiqilib, qurilish ishlari olib borilmoqda.
Shu yil mart oyi yakuni boʻyicha respublika miqyosida www.uzbekcoders.uz portali orqali roʻyxatdan oʻtib “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida taʼlim olayotganlar soni 200 mingdan oshdi. Ularning 81 ming nafardan ortigʻi ishtirokchi va 50 ming nafardan ortigʻi bitiruvchi sertifikatini qoʻlga kiritdi. Hududlar kesimida uzbekcoders.uz portalidan roʻyxatdan oʻtganlar soni boʻyicha Navoiy viloyati (36 ming 600 nafar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (27 ming 574 nafar) va Toshkent shahri (25 ming 572 nafar) yetakchilik qilmoqda. Faoliyat turi boʻyicha tahlil natijalariga koʻra, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari jami loyiha ishtirokchilari orasida 67,2 foiz bilan birinchi oʻrinda. Keyingi oʻrinlarda oliy taʼlim muassasalari talabalari (13,1 foiz), ish faoliyati bilan band boʻlganlar (5,8 foiz), kollej va litsey oʻquvchilari (1,4 foiz) hamda boshqalar (12,5 foiz).
Loyiha doirasida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari orasida uzbekcoders.uz portali orqali eng koʻp roʻyxatdan oʻtgan va ishtirokchilar soni boʻyicha Navoiy viloyati maktablari yetakchilik qilmoqda. Keyingi oʻrinlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan viloyati umumtaʼlim maktablari eng faol maktablar roʻyxatidan joy olgan. Yosh toifasi boʻyicha taʼlim oluvchilarning asosiy qismi, yaʼni 90 foizdan ortigʻi 13–34 yoshlilar hissasiga toʻgʻri keladi. 2021-yildan boshlab xalqaro IT sertifikatini qoʻlga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizigacha boʻlgan qismi qoplab beriladi. Bugungi kun auditoriyalari avvalgilaridan katta farq qiladi.
Hozir yoshlar qulay va zamonaviy markazlarda, maktablarda oʻqishni xohlaydi. Shunga monand auditoriyalar ham kompyuter, iPad, planshet, smart doskalar va boshqa turdagi taʼlim vositalari bilan jihozlangan. Shuningdek, hozirgi talabalar anʼanaviy uslubda oʻqishni istamaydi, aksincha, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan innovatsion taʼlim tarafdori. Shuning uchun axborot texnologiyalarini ommaviy va samarali qoʻllash orqali taʼlim tizimini raqamlashtirish davr talabi. Endi oʻqituvchilar ham odatiy usulda oʻqitmaydi. Chunki rivojlangan davlatlarda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham intellektual salohiyati yuqori avlod voyaga yetmoqda. Bunday muhitda kamol topayotgan yoshlarning fikrlashi va axborotni qabul qilish tarzi oldingi fikr yuritish va bilim olish jarayonidan tubdan farq qiladi.
Mohinur QUDRATULLAYEVA,
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
axborot xizmati masʼul xodimi