Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish dunyo mamlakatlari iqtisodiyotiga qanday taʼsir etganini tahlil qildi.

Bunda JSTga 1990-yildan keyin aʼzo boʻlgan 15 ta rivojlanayotgan mamlakat - Albaniya, Bahrayn, Bangladesh, Kamerun, Gruziya, Gonduras, Iordaniya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻiliston, Nepal, Rossiya, Shri Lanka, Turkiya va Vanuatuning eksport va import, YAIMning oʻsishi, inflyatsiya, ishsizlik, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning (TTXI) YAIMdagi ulushi va ishlab chiqarish sanoatining YAIMdagi ulushi kabi makroiqtisodiy koʻrsatkichlardagi oʻzgarishlar oʻrganildi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu 15 ta mamlakatdan 12 tasida eksportning, 10 tasida esa YAIMning oʻsish surʼati tezlashgan. 12 tasida inflyatsiya sekinlashgan va 10 tasida TTXI koʻlami oshgan. Bangladesh, Gonduras, Turkiya va Kamerunda koʻpchilik yoʻnalishlar boʻyicha ijobiy natija kuzatilgan.

Shu bilan birga, salbiy tendensiya hisoblangan ishsizlik darajasi 15 ta mamlakatdan 10 tasida oshgan. Masalan, Bangladeshda ishsizlik 2,3 dan 3,5 foizga, Gondurasda 3,4 dan 4,4 foizga, Qirgʻizistonda 6,8 dan 8,7 foizga oshgan. Ushbu mamlakatlarning 2 tasida ishlab chiqarish sanoatining YAIMdagi ulushi oshgan boʻlsa, 6 tasida kamaygan.

Shuningdek, tashkilotga aʼzo boʻlgan Qozogʻiston, Turkiya va Gruziyaning makroiqtisodiy koʻrsatkichlaridagi oʻzgarishlar JSTga aʼzo boʻlmagan shunday mamlakatlardagi oʻzgarishlar bilan qiyoslandi. Natijalarga koʻra, sezilarli ijobiy oʻzgarish faqat eksport va importda kuzatilgan. Qolgan yoʻnalishlardagi koʻrsatkichlar deyarli farq qilmagan. Masalan, Qozogʻiston JSTga aʼzo boʻlgandan keyin ishsizlik darajasi 5,3 dan 4,9 foizga pasaygan. Ozarbayjonda ham aynan shu davrda 5,2 dan 4,9 foizga kamaygan, Oʻzbekistonda esa 5 dan 5,6 foizga oshgan.

Tahlil natijalarini inobatda olgan holda Oʻzbekiston uchun quyidagi chora-tadbirlarni tavsiya etish mumkin:

➖ tashqi dunyo bilan erkin raqobatlasha oladigan ishlab chiqarish sohalarini tanlab olish va ularni uzoq muddatli rivojlantirish rejasini ishlab chiqish;

➖ uzoq muddatli samarali sanoat strategiyasini shakllantirish (masalan, Yevropa Ittifoqi oʻz sanoat siyosatining asosiy tamoyillarini belgilab qoʻygan);

➖ korxonalarning tashqi raqobatga bardoshlilik koʻrsatkichi boʻyicha doimiy ravishda oʻzini-oʻzi monitoring qilib borishiga turtki beruvchi mexanizmlarni qoʻllash.