Jamiyatda pedagoglarning maqomi qonuniy mustahkamlanadi

    Xalqimiz ayni kunlarda mamlakatimiz hayotidagi o‘ta dolzarb jarayonlarda ancha faol.

    Ular Oʻzbekistonda odamlar bundan-da farovon yashashining huquqiy asosini yaratish bilan bogʻliq Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritishga qaratilgan qator takliflar bildirmoqda. Keyingi yillarda barcha sohalarda yuz bergan tub oʻzgarishlar natijasi shuni taqozo etmoqda. Aholidan Respublika komissiyasiga kelib tushayotgan koʻplab takliflar ham buni koʻrsatib turibdi. Joriy yil 20-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning komissiya aʼzolari bilan uchrashib, qilgan ochiq muloqotini tingladim va oʻz munosabatimni bildirmoqchiman.

    Birinchidan, Prezidentimizning Konstitutsiya loyihasini qabul qilish uchun referendum oʻtkazish lozimligini aytganlari rostdan muhim. Chunki davlatimiz rahbarining masalani avvalo halq bilan bamaslahat hal etish borasidagi siyosatlari oqilona yoʻl va buni izchil davom ettirilmoqda. Xalq bilan muloqot tamoyili nafaqat amaliyotda keng qoʻllanilmoqda, balki koʻngilga yaqin ijtimoiy-siyosiy tushunchaga aylandi. Konstitutsion komissiya yigʻilishida ishlab chiqilgan loyihani umumxalq eʼtiboriga havola etib, referendum yoʻli bilan qabul qilish taklifi Asosiy qonunimizni yangi tahrirda maʼqullashda keng omma ishtiroki lozimligini anglatadi. Zero, shundagina oʻzgartirishlar bilan qabul qilinadigan yangi konstitutsiya haqiqatan xalq konstitutsiyasi boʻladi.

    Ikkinchidan, mazkur tarixiy yigʻilishda Yurtboshimiz masalaning dolzarbligidan kelib chiqib, xalqqa murojaat ham yoʻlladilar va har birimiz Bosh qonunimizga kiritilayotgan oʻzgarishlarni qalbimizdan oʻtkazib, ularga xolis fikr bildirishga daʼvat etdilar.

    Men universitet professori sifatida ayrim mulohazalarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman. Avvalo, Prezidentimiz oʻz chiqishlarida “Pedagoglarning maqomini oshirish, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat vazifalarini bajarishga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻymaslik kerakligini konstitutsiya darajasida belgilab qoʻyish kerak”, deya alohida taʼkidlaganlarida xursand boʻldim. Axir oʻrinli taklifni asosiy qonunimizda belgilab qoʻyilishi ayni muddaodir. Chunki taʼlim tizimini ichidan bilaman, yutuq va kamchiliklarini, sinovlarini boshimdan kechirganman. Davlatimiz rahbari izchil islohotlar ijrosida har bir soha vakiliga doimiy eʼtibor qaratadi. Shular qatorida bogʻcha, maktab, texnikum va oliy oʻquv yurti professor-oʻqituvchilariga yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatadi.

    Yaxshi eslayman, Prezident raisligida 2019-yil 23-avgustda oʻqituvchilarning jamiyatda nufuzini oshirish masalasiga bagʻishlangan maxsus videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgandi. Oʻshanda “Yoshlarning ham, xalqning ham, millatning ham, davlatning ham taqdiri muhtaram muallimlarga bogʻliq” degan yangicha tamoyilni belgilab, oʻqituvchiga boʻlgan munosabatni bugun jamiyatda oʻzgartishimiz kerak”, deb uqtirgandilar. Har bir yigʻilishda mazkur tamoyilni yangicha yondashuv, tashabbus bilan boyitib bormoqdalar. “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” gʻoyasi ham shu ezgu maqsadni mujassam etgan.

    Binobarin, “Pedagoglarning jamiyatdagi maqomini oshirishning huquqiy asosini mustahkamlab qoʻyish haqidagi fikrlar yangi uygʻonish davri uchun mustahkam poydevor yaratishda, Yangi Oʻzbekiston oldida turgan oʻta dolzarb masalalarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega”. Chunki oʻqituvchi shaxsi bu taʼlim tizimining markazidagi shaxs. Ilmli, bilimli, zamonaviy malakaga ega kadrlarni shular tayyorlaydi. Qolaversa, farzandini kamoliga yetkazishda oʻqituvchi shaxsining roli benihoyaligini har bir oila his qiladi.

    Konstitutsiyamizda pedagoglarning maqomini oshirish toʻgʻrisidagi normalarni ifodalash oʻz vaqtida va zaruriyat deb hisoblayman. Sohaning faxriy vakiliman, salohiyatimiz va amaliy ishimiz bilan bu chaqiriqlarga labbay deb javob qaytaramiz, shogirdlarimizni, oʻquvchi-talabalarimizni ham chorlaymiz.

    Tursunboy FAYZULLAYEV,

    Namangan davlat universiteti professori