Janubiy Koreyada o‘zbek ertaklari koreys tiliga tarjima qilindi

    Janubiy Koreyalik bolalar uchun “Sharq gavhari – Samarqand”, “Mening bulut do‘stim”, “Nortoy va qorbobo”, “Makkorning hiylasi”, “Kichkina musiqachi” nomli o‘zbek ertaklari koreys tiliga tarjima qilindi.

    Loyiha o‘zbek xalqining madaniyati, milliy urf-odatlari va anʼanalarini xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish maqsadida Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vazirligi huzuridagi Osiyo madaniyat markazi ko‘magida amalga oshirildi.

    Osiyo madaniyat markazi (Asia Culture Center, ACC) xalqaro madaniyat va sanʼat almashinuvi markazi bo‘lib, 2015-yil noyabr oyidan boshlab o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda. Mazkur markazning asosiy maqsadi Osiyoning o‘tmishi va hozirgi sanʼati va madaniyatini innovatsion g‘oyalar bilan birlashtirish orqali yangi kelajakka o‘ynaltirilgan natijalarni ishlab chiqishdan iborat.

    Yosh koreys kitobxonlarga taqdim etilayotgan o‘zbek ertaklari eramizdan avvalgi II-I asrlarda yuzaga kelgan xalqlar o‘rtasida madaniyat almashuvlarida muhim o‘rin tutgan Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan ko‘hna Samarqand haqida va u Sharq va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-sotiq va madaniy aloqalarga qo‘shgan hissasi haqida tasavvurga ega bo‘lishlariga imkon yaratadi.

    Shuningdek ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyatini namoyon etuvchi maskan – dunyoga mashhur Registon maydoni, Samarqand hunarmandchilik durdonalari, shoyi gazlamalari hamda sayyohlar qulayliklari uchun yaratilgan yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob” elektropoyezdi haqida maʼlumotlar matn va yorqin rasmlar orqali ifoda etilgan.