Jonivorlarga ozor bermaylik, sirkdan voz kechaylik!

    Dolzarb 7 Iyul 2020 9506

    Tan olish kerak, jamiyatimizda jonivorlarga munosabat yaxshi emas, “Qizil kitob”ga kiritirilgan noyob jonzotlarning brakonyerlar tomonidan tajovuzga uchrayotgani, uysiz jonivorlarning ommaviy zaharlanayotgani, ayrim oʻrinlarda qoʻchqor, xoʻroz urishtirish, itlar janggi hamon barham topmagani qulogʻingizga chalinadi.

    Hatto sirk tomoshalari ortida hayvonlarning qiynoqlari yotganini rad etib boʻlmaydi. Sababi amaldagi qonunchiligimiz ekologik huquqbuzarliklarga, ayniqsa jonivorlarga ozor berganlarga nisbatan juda “yumshoq” muomalada.

    2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 49-bandiga koʻra ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar hamda hayvonlarga shafqatsiz munosabatda boʻlganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish belgilangani tabiatni asrash muammosiga befarq boʻlmagan har bir yurtdoshimizning koʻnglidagi ish boʻldi. Qonunchilikka kiritiladigan yangi oʻzgartirishlar bu kabi holatlarni bartaraf etishi kutilmoqda.

    “Yuksalish” umummilliy harakati jonivorlarga shafqatsiz munosabatda boʻlganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi joriy yilgi davlat dasturining asosiy 10ta oʻzgarishlaridan biri sifatida baholagan.

    Ayni kunda ekologik jinoyatlar kuzatilib turadi. Jayron, bugʻu, oqquyruq, ilvirs kabi noyob hayvonlar brakonyerlarning qurboniga aylanmoqda, Buxoro, Navoiy viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasida mazkur jonivorlar tarqalgan areallar brakonyerlikdan aziyat chekmoqda.

    Bosh prokratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning bergan maʼlumotiga koʻra, oʻtgan 2019-yilda ekologik yoʻnalishda 26ta jinoyat sodir etilgan, 59 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 17ta jinoiy ish Jinoyat kodeksining 202-moddasiga koʻra ochilgan boʻlib, hayvonot yoki oʻsimlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish hisoblanadi.

    Bunga Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib borayotgan hayvonot hamda oʻsimlik dunyosi turlariga nisbatan yetkazilgan zarar kabilar kiritiladi. Ammo shu kungacha kamyob, noyob boʻlmagan jonivorlarga ozor berilsa, jinoiy javobgarlik belgilanmas edi, bu maʼmuriy huquqbuzarlik hisoblanib, huquqbuzar jarima toʻlash bilan qutilib ketardi.

    - Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga koʻra hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish ularning oʻlimiga yoxud mayib boʻlishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi, - deydi IIV XPBB boʻlim boshligʻi, podpolkovnik Rahimjon Naimov. - 2019-yil davomida mamlakatimizda 111ta jonivorlarga shafqatsiz munosabatda boʻlish holati qayd etilgan. Huquqbuzarlar 13 million 355 ming miqdoridagi jarimaga tortilgan.

    Sirk – jonivorlarni qiynoqqa solishning bir koʻrinishi

    - Dunyoning koʻpchilik mamlakatlarida hayvonlarning asosiy tabiiy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik mavjud va u insonning hayvonot dunyosiga boʻlgan munosabatini tartibga soladi, - deydi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Yelena Sharafutdinova. - Ayrim mamlakatlar, masalan, Germaniyada hayvonlarga nisbatan gʻayriinsoniy muomala qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish koʻzda tutilgan. Italiyada koʻchaga haydab yuborilgan hayvon uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Hindiston esa delfinlar huquqini eʼtirof etgan, kosmetika va uning tarkibiy qismlari hayvonlarda test qilinishini taqiqlagan dunyodagi ilk mamlakatdir. Gollandiyada uysiz jonivorlar deyarli uchramaydi.

    Har bir jonivorning, hatto koʻchada boshpanasiz yurgan kuchugu mushuklarning hayotimizda muayyan roli bor. Masalan, mushuklar shahar kemiruvchilar (kalamush, sichqonlar)ni kamaytirib, oʻlat, leptospiroz, quturish, streptobatsillez epidemiyasining oldini olishga hissa qoʻshadi. Odamlarning hayvonlarga insoniy munosabatda boʻlishi zamonaviy sivilizatsiyalashgan dunyoda juda muhim. Yetakchi davlatlarning tajribasini oʻrganish “hayvonlarga insoniy munosabatda boʻlish” tushunchasiga maksimal javob bera oladigan meʼyoriy-huquqiy asos zaruriyatini koʻrsatmoqda.

    Qonunchilikka kiritilayotgan yangi oʻzgarish mana shu boʻshliqni toʻldiradi. Zero, qarovsiz qolgan hayvonlarni shafqatsiz muomaladan asrash, ularning azob tortishi va nobud boʻlishining oldini olish burchimiz.

    Shuningdek, sirkdan voz kechish masalasini ham oʻylab koʻrish kerak. Dunyoning 45 ta mamlakati oʻzida hayvonlar bilan sirk koʻrsatishni taqiqlagan. Buning bir nechta sabablar bor. Avvalo, sirkda hayvonlar uchun normal sharoit yaratib berish imkoni mavjud emas. Jonivorlarning ixtiyorlariga zid ravishda bajarishga majbur qilinadigan barcha harakatlar (tryuklar) ular uchun gʻayritabiiydir. Dressirovka qilish (oʻrgatish) ilgak, qamchi, tayoq, elektroshok beruvchi uskunalarni qoʻllashni koʻzda tutadi, chunki hayvonlar oʻz ixtiyoriga koʻra bunday harakatlarni bajarmaydi.

    Ularni boʻysundirishning yagona usuli – bu jazo yoki ochlik oldidagi qoʻrquvdir. Oʻq ovozi va shovqindan qoʻrqmasliklari uchun hayvonlarni kar qilib qoʻyishadi. “Artist” yaralangan boʻlsa ham, mehnat qilishni davom ettiradi. Gastrollar vaqtida hayvonlar bir necha sutkalab qorongʻu, tor va dim vagonlarda turishga majbur boʻladi, aytgandek, ulardan aksariyatining repetitsiyadan “boʻsh” boʻladigan butun umri oʻsha yerda oʻtadi. Koʻchma sirk-shapitolar – azoblarning choʻqqisi.

    Hayvonlar kamroq “yozilishlari” uchun dim, havo almashtirilmaydigan treylerlarda tashiladi. Shapitoda hayvonlarning veterinariya nazorati umuman yoʻq. Xarakterli misol: urgʻochi hayvonlarning tugʻrugʻi baʼzan tomosha paytida boshlanadi. Koʻpincha hayvonlarning tirnoqlari, tishlari olib tashlanadi, ularga psixotrop vositalar ichiriladi.

    Sirklarda hayvonlar surunkali stress holatida boʻlishadi, bu esa ularning stereotipik feʼl-atvorida namoyon boʻladi. Ular toqatsizlanadi, oʻzlarini tishlab tashlaydi, katakka uradi. Koʻplab mamlakatlarda mana shu omillar inobatga olinib, sirk tomoshalari bekor qilinmoqda.

    Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda boʻlish tushunchasiga yuridik jihatdan yana-da aniqlik kiritilsa, bu uchun javobgarlik choralarini kuchaytirilsa, yangi huquqbuzarliklar turlari belgilansa, qarovsiz, boshpanasiz jonivorlar, shuningdek, sirkdagi hayvonlar bilan bogʻliq muammolar hal etilishi mumkin.

    Jonivorlarga insoniy munosabatda boʻlmaslik yosh avlod tarbiyasiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bolaligida mushuk oʻldirgan bolakay, ulgʻayganida qotillik sodir etganiga misollar koʻp. Shuning uchun taʼlim tizimida jonzotlarga insoniy munosabatda boʻlishga doir fan kiritilishi ham foydadan xoli emas.

    Ular yashashga haqli

    Xalqaro meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda ham jonivorlarning yashash huquqi, inson gʻamxoʻrligi va erkinlik huquqi kabilar tabiiy huquqlari sifatida belgilangan. Tabiat tomonidan berilgan bu huquqlarni inkor etish bioxilma-xillikni yoʻqotish, ekotizimga zarar yetkazish, umuman jamiyatning maʼnaviy qiyofasidagi buzilishlarga olib keladi.

    - Respublikamizda hayvonot dunyosini muhofaza qilish bilan bogʻliq 10 dan ortiq qonun va 100 dan ortiq qonunosti hujjatlari ishlab chiqilgan, - deydi Toshkent davlat yuridik universitet oʻqituvchisi Olim Narzullayev. - Fuqarolardan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish yuzasidan kelib tushayotgan arizalar soni yil sayin koʻpayayotani mana shu masalani huquqiy jihatdan yana-da mustahkamlashni taqozo etayotgan edi. “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunda “hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik” tushunchasi berilmagan. Fikrimizcha, hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik – bu bezorilik yoki gʻaraz niyatlarda, qiynoq usullardan foydalanilgan holda hayvonot dunyosi obyektlariga zarar yetkazish yoki nobud qilishdir. Amaldagi qonunchilikka koʻra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlganlarga jinoiy emas, maʼmuriy javobgarlik qoʻllaniladi, javobgarlarga qarshi yengil choralar koʻriladi.

    Vaholanki, xorijiy huquq amaliyotida sodir etilgan harakatning ogʻirligiga qarab maʼmuriy va jinoiy javobgarlik – jarima va qamoq jazosi belgilanadi. Masalan, Buyuk Britaniya, Italiya, Hindiston, Yaponiyada jarima miqdorlari katta, qamoq muddatlari ham kichik emas.

    Qonunchilik takomillashtirilsa, mamlakatimizda ham jonivorlarga shafqatsiz munosabatda boʻlganlik holatlarida jinoiy ish qoʻzgʻatiladi, hayvonot dunyosi himoyasi kuchaytirilib, ularga tahdid kamayadi. Aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash qoidalariga rioya qilishning nazoratini kuchaytiriladi, qarovsiz hayvonlarni vaqtincha saqlash uchun boshpanalar yaratiladi, hayvonlarning xavfli va yuqumli kasalliklarini aniqlash, bartaraf etish boʻyicha veterinariya tadbirlarini amalga oshirish jarayonlari ham takomillashtiriladi. Qolaversa, aholida hayvonlarga nisbatan insonparvarlik munosabati va tabiat oldidagi masʼuliyat hissi kuchayadi.

    Zero, bugun ekologik muammolar iskanjasida qolayotgan insoniyat oldida yagona yoʻl bor, u ham boʻlsa, tabiat bilan uygʻunligini his qilish, uni asrashdir.

    Sanobar JUMANOVA

    "YAngi O'zbekiston" muxbiri