JSST Yevropa mintaqaviy byurosining yangi hisoboti ayni shu masala tahliliga bagʻishlandi. Unda keltirilishicha, byuroga aʼzo 53 davlatda (jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida) qayd etilayotgan barcha kasalliklarning qariyb 15 foizi ushbu omil oqibatida paydo boʻlyapti.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniyadan Xitoy chegaralarigacha qamrab olgan mazkur hududda ekologik muammolar tufayli yiliga 1,4 million inson hayotdan koʻz yumyapti.
Ularning 570 ming nafarga yaqini atmosfera ifloslanishi oqibatida kelib chiqayotgan xastaliklar qurbonlaridir.
Qolaversa, birgina 2022-yilda Yevropa mintaqasida kuzatilgan anomal issiq harorat kamida 20 ming kishining oʻlimiga sabab boʻldi.
Shundan kelib chiqqan holda, JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo davlatlar sogʻliqni saqlash vazirlari tomonidan “Budapesht deklaratsiyasi” qabul qilinishi kutilyapti.
Ushbu hujjat ekologik muammolarni bartaraf etishga doir qator majburiyatlarni oʻz ichiga olgan boʻlib, uning ijrosi aholi salomatligi koʻrsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilash imkonini beradi.
Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.