Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.
Unda qayd etilishicha, ushbu muammo tufayli dunyo boʻyicha har oʻn oʻsmirdan biri psixologik qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi maʼlumotlariga koʻra, ana shu oʻgʻil-qizlar oʻrtasida ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik darajasi 2018-yili 7 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 11 foizga oshgan.
“Ana shu oʻsmirlarning 12 foizi ruhiyati va xulq-atvoriga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi dasturiy oʻyinlar taʼsiriga tushib qolgani jiddiy xavotir uygʻotadi”, — deyiladi hisobotda.
Mazkur xulosalarni olish uchun 2022-yili Yevropa, Markaziy Osiyo davlatlari va Kanadani qamrab olgan 44 mamlakatda 11, 13 va 15 yoshli 280 mingga yaqin yoshlar oʻrtasida ijtimoiy soʻrov oʻtkazilgan.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur qatlamning 11 foizi ijtimoiy tarmoqlarga qaram boʻlib qolgan. Bu holat qizlarda (13 foiz) oʻgʻil bolalarga (9 foiz) nisbatan koʻproq. Kompyuter oʻyinlariga bogʻlanib qolish holati esa oʻgʻil bolalarda (16 foiz) qizlarga (7 foiz) nisbatan yuqori.
Shundan kelib chiqib, ekspertlar muammoning oldini olish uchun zarur chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan hukumatlarga tegishli tavsiyalar berdi.