SARS-CoV-2 koronavirusi 2019-yilning dekabr oyida Xitoyning Xubey provinsiyasidagi Uxan shahrida aniqlangan. Jenevada 2020-yil 11-mart kuni boʻlib oʻtgan brifingda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus tomonidan pandemiya boshlangani rasman eʼlon qilingan.

“Biz COVID-19 kasalligini pandemiya deb hisoblash mumkin, degan xulosaga keldik”, — deya maʼlum qilgan oʻshanda Gebreyesus “pandemiya” soʻzi oʻta jiddiy vaziyat boʻlmasa, ishlatilmasligi haqida ogohlantirib.

Pandemiya eʼlon qilingan paytda dunyoning 114 mamlakatida 118 mingga yaqin aholida COVID-19 infeksiyasi qayd etilgan. Oʻzbekistonda esa ushbu xastalik birinchi marta 2020-yil 15-martda aniqlangan.

Oʻshandan buyon vaziyat tubdan oʻzgargan. 2021-yil 11-mart holatiga koʻra, dunyoda 118 739 785 kishida kasallik qayd etilgan, 2 605 356 kishi vafot etgan. Eng koʻp zarar koʻrgan davlat Amerika Qoʻshma Shtatlari boʻlib, oʻlganlarning umumiy soni 526 213 taga yetgan.

Ayni paytda dunyo boʻylab oʻlim darajasi 3 foizni tashkil etmoqda.

Avvalroq dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 115 million kishidan oshgani maʼlum qilingandi. Shuningdek, JSST koronavirusga qarshi kurash yil oxiriga qadar tugashiga shubha qilayotgani haqida xabar berilgandi.