JST Va Oʻzbekiston

    Dunyo iqtisodiyotiga integratsiyalashuv bizga nima beradi?

    2023-yil 1-iyuldan boshlab tadbirkorlik subyektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga uch yillik moratoriy oʻrnatiladi. Tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadiga qaratilgan ushbu tartib Prezidentimizning 2023-yil 28-fevraldagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida belgilab qoʻyildi.

    Moratoriy, mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, eksport hajmini oshirish va geografiyasini kengaytirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarning qatʼiy va ortga qaytmas ekaniga ishora oʻlaroq, bu boradagi ishlar samaradorligiga xizmat qiladi.

    Aslini olganda, ushbu yoʻnalishdagi ishlar koʻlami haqida juda koʻp va xoʻp gapirish mumkin. Lekin hozir ularning samarasini aks ettiruvchi ayrim raqamlarni keltirib oʻtish oʻrinli boʻladi. Jumladan, soʻnggi olti yilda sanoat korxonalari soni 2 barobar ortdi. Natijada, oʻtgan yili yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi. Iqtisodiyotimizga birgina oʻsha yilda 8 milliard dollar toʻgʻridan­toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etildi, shunga mos ravishda eksport hajmi 19 milliard dollarga yetdi. Bunda, yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdan tortib ularning erkin faoliyat yuritishiga doir qonunchilik hujjatlari takomillashtirilib, tartibi soddalashtirilgani, tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish kuchaytirilgani, mamlakat xomashyo eksportidan tayyor mahsulotlar eksportiga oʻtish yoʻlida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratayotgani yutuqlarimizning asosiy omillari boʻldi.

    Oʻzbekiston ishlab chiqarish sanoatida tub burilish yasab, katta maqsadlar bilan dadil odimlar ekan, yaqin orada tadbirkorlarimizga yanada katta va kafolatli bozor kerak boʻlishi tabiiy, albatta. Ayni shu bois ham soʻnggi yillarda mamlakatimizda xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan imtiyozli savdo­sotiqni kuchaytirish, shuningdek, yuqori sifatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish asosida jahon bozorlaridan mustahkam oʻrin egallash va shu orqali milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Mamlakatimizning jahon bozorlarida mustahkam oʻrin egallashi va tashqi iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi koʻp jihatdan milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini yanada oshirish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga bogʻliq. Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik ham ayni maqsadga qaratilgani, mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi bilan ahamiyatli.

    Bu borada Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev shu yil 14-mart kuni Jeneva shahrida Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori Ngozi Okonjo - ­Iveala bilan uchrashib, Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo boʻlish jarayonini tezlashtirish masalalarini muhokama qildi.

    Uchrashuvda JSTga aʼzo barcha davlatlar bilan tovar va xizmatlar bozorlariga kirib borish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralarni faollashtirish va ularning yakunlari boʻyicha tegishli bayonnomalarni imzolash zarurligi qayd etildi.

    Ngozi Okonjo­ - Iveala Oʻzbekistonning tashkilotga aʼzo boʻlish jarayoni doirasidagi saʼy­harakatlari, shu jumladan, yirik aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borayotganini olqishladi. Shundan soʻng ikki kun davom etgan Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhining 6­yigʻilishida ushbu jarayon bilan bogʻliq jihatlar atroflicha koʻrib chiqildi.

    2022-­2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham “Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish” asosiy maqsadlardan biri etib belgilangan. Bu maqsadga erishishda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo davlatlar bilan muzokaralar oʻtkazish, mutaxassislarning tashkilot va koʻp tomonlama savdo tizimi sohasida salohiya tini oshirish, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishining metallurgiya, toʻqimachilik, oziq­ovqat, avtomobilsozlik va milliy iqtisodiyotga taʼsirini oʻrganish, tashkilot qoidalariga muvofiq boʻlgan ichki bozorni notarif choralar orqali himoya qilish tizimini rivojlantirish, eksportni qoʻllab­quvvatlash va subsidiyalash choralarini ishlab chiqish kabi muhim vazifalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

    Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boshqa davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, yangi bozorlarga chiqish orqali tashqi raqobatbardoshlikni kuchaytirish uchun qulay sharoit yaratadi.

    Keling, shu oʻrinda bu oʻzi qanday tashkilot ekani, unga aʼzo boʻlish uchun nimalar talab etilishi, bu aʼzo davlatlarga nima berishi, Oʻzbekistonning tashkilot aʼzoligiga kirish borasidagi saʼy­harakatlari va ularning samaralariga toʻxtalib oʻtsak.

    Jahon savdo tashkiloti qanday tuzilma?

    1995-yilda tashkil etilgan Jahon savdo tashkiloti davlatlar oʻrtasidagi savdoning global qoidalari bilan shugʻullanadigan yagona xalqaro organ sifatida Tariflar va savdo boʻyicha Bosh kelishuv (GATT) oʻrnini egalladi. JSTning asosiy maqsadlaridan biri proteksionizmga qarshi kurashish hisoblanadi.

    Mazkur tashkilot xalqaro savdo munosabatlarida tashkilotga aʼzo mamlakatlar uchun qulay huquqiy tizimni taqdim etadi. Ular tomonidan oʻzaro kelishilgan holda qabul qilingan hujjatlar mamlakatlarning oʻz savdo siyosatini belgilangan mezonlar doirasida olib borishlarida masʼuliyat yuklaydi. Tashkilotda qarorlar ishtirokchi mamlakatlar yordamida konsensus — umumiy ovoz berish orqali qabul qilinadi.

    JSTning vazifalari maʼlum qoidalarga asoslangan tizim doirasida savdo jarayonini tartibga solishga yordam berish, hukumatlar oʻrtasidagi savdo nizolarini xolisona hal etish, savdo muzokaralarini tashkil etishdan iborat. Ushbu faoliyat mazkur tashkilotning 60 ta kelishuviga — xalqaro savdo va savdo siyosatining asosiy huquqiy normalariga asoslanadi.

    Ushbu kelishuvlar asos boʻlgan tamoyillarga kamsitilmaslik, erkin savdo shartlari, raqobatni ragʻbatlantirish va kam rivojlangan mamlakatlar uchun qoʻshimcha qoidalar kiradi. JST unga aʼzo boʻlgan mamlakatlardan ichki bozorni erkinlashtirishni qatʼiy talab qiladi. Aksariyat mamlakatlarda ushbu vazifani bajarish unchalik oson kechmaydi, chunki arzon va sifatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonalar bilan raqobatlasha olmaydigan milliy korxonalar tanazzulga uchrashi mumkin.

    JST dunyodagi eng yirik xalqaro iqtisodiy tashkilot hisoblanadi. Buni unga 164 davlat aʼzo ekani, ular global savdo va butun dunyo yalpi ichki mahsulotining 98 foizdan ortigʻini tashkil etishi ham tasdiqlaydi. Hozirda ushbu tashkilotga 23 mamlakat xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvni kuchaytirish maqsadida qoʻshilishni maqsad qilgan, bu borada tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.

    Oʻzbekiston ham JSTga aʼzolikka kirish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Bu xalqaro savdo tizimi va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvni kuchaytirishda muhim rol oʻynaydi. Ular JSTga aʼzo boʻlish orqali tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida kamsitilmaydigan va adolatli savdo tizimi, tariflarni himoya qilishning maksimal darajasi va import kvotalari bekor qilinishi, raqobatbardoshlik darajasini oshirish uchun tovarlarni arzon narxlarda import qilish kabi muhim afzalliklarga ega boʻladi.

    Shu bilan birga, ishlab chiqarilgan mahsulotlar, xususiy sektorni zararli savdo faoliyatidan himoya qilishda koʻmaklashish, mamlakatdagi savdo bilan shugʻullanuvchi institutlar faoliyatini mustahkamlash, ularga huquqiy va institutsional siyosatni tartibga solishda yordam koʻrsatish, xalqaro savdo sohasidagi muzokaralarida faol ishtirok etish, xalqaro savdoni rivojlantirishga oid normalar ishlab chiqish orqali tashkilotga aʼzo mamlakatlar manfaatlarini himoya qilish tashkilotning afzalliklaridan hisoblanadi.

    Mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi unga yuqorida qayd etilgan afzalliklarni taqdim etishi bilan bir qatorda, aʼzo davlatlar uchun ayrim majburiyatlarni ham belgilaydi. Bu jarayon uzoq muddatli va murakkab muzokaralardan iborat boʻlib, meʼyoriy­-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish, inson resurslari va institutsional salohiyatni mustahkamlash, sanoat sohasida barqaror rivojlanishga erishish kabilarni talab etadi.

    Qariyb 30 yillik aʼzolik jarayoni

    Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishga tayyorgarlik jarayoni 1994-yilda boshlangan, biroq bu davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-­quvvatlashga qaratilgan siyosat olib borilganligi sababli mazkur jarayon 2005-yilda muzlatib qoʻyilgan. Har bir davlatning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni oʻrtacha 9­-10, ayrim mamlakatlar uchun esa 12­-15 yilni tashkil etadi. Oʻzbekiston 1995-yilda ariza topshirgan boʻlishiga qaramasdan, faqat 2017-yildan boshlab ijobiy siljish kuzatilyapti. Bunga soʻnggi yillarda respublika iqtisodiyotida davlatning roli va ishtirokini qisqartirish, iqtisodiyot tarmoqlarini boshqarishga bozor prinsiplari va mexanizmlarini keng joriy qilish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va “xufyona” iqtisodiyot ulushini qisqartirish yoʻlida qatʼiy choralar koʻrilayotganini muhim jihat sifatida koʻrsatish mumkin.

    Shuningdek, eksport salohiyatini oshirish maqsadida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish, xorijiy kapitalni keng jalb etish, aholi farovonligi va turmush darajasini oshirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan taʼsirchan chora­tadbirlar amalga oshirilganligi ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

    Mamlakatimizda 2016-yildan keyin boshlangan milliy iqtisodiyotni barqarorlashtirish hamda tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish borasidagi faol islohotlar natijasida 2018-yil mart oyidan Oʻzbekistonning JSTga aʼzolikka kirish jarayoni kun tartibiga chiqdi. 2019-yil iyul oyida Oʻzbekiston JST aʼzoligiga kirish yuzasidan Tashqi savdo rejimi toʻgʻrisidagi yangilangan memorandumni va boshqa bir qator hujjatlarni, jumladan, tovar va xizmatlar bozoriga kirish boʻyicha ishlab chiqilgan dastlabki takliflarni taqdim etdi.

    “Oʻzbekistonning JSTga kirishiga koʻmaklashish” boʻyicha ishlab chiqilgan besh yillik loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan qoʻllab­-quvvatlanmoqda. Mazkur loyiha 2020-yil fevral oyida boshlangan boʻlib, unda mamlakatning JSTga qoʻshilish jarayonida milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish boʻyicha rivojlanish rejalarini qoʻllab-­quvvatlashga asosiy eʼtibor berilgan.

    Loyihani amalga oshirishdan koʻzlangan asosiy maqsad — tashkilot tomonidan belgilangan qoidalarga mos keladigan savdo muhitini yaratish orqali Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga koʻmaklashish hamda xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvini kuchaytirishdan iborat.

    JSTga aʼzolikka kirish jarayoni Oʻzbekiston uchun kamida 15 ta bitimda belgilangan majburiyatlarni bajarishni oʻz zimmasiga olishni taqozo qiladi. Bu bitimlar keng qamrovli va murakkab boʻlib, ular keng doirada jahon savdosi masalalarini qamrab oluvchi yuridik hujjatlarga tayanadi.

    Mazkur bitimlar aʼzo mamlakatlarning tashqi savdo salohiyatini oshirishga qaratilgan diskriminatsiyaga yoʻl qoʻymaslik, savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, raqobatbardoshlikni oshirish, yetarli darajada rivojlanmagan davlatlar uchun qulay shart­sharoitlar yaratish, savdoni tarif usullari bilan tartibga solish, savdo siyosatining halolligi kabi muhim tamoyillarga asoslanadi.

    Chunki mazkur tamoyillarga amal qilish orqali tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida tashqi savdo munosabatlarini rivojlantirish bilan bogʻliq toʻsiqlarni bartaraf etish, mahsulotlarning erkin harakatini taʼminlash, yangi bozorlarga kirib borish orqali raqobat muhitini shakllantirish, rivojlanmagan, oʻtish iqtisodiyoti sharoitidagi mamlakatlarga har jihatdan qulaylik yaratishga erishiladi.

    Hozirgi kunda yurtimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada rivojlantirish, jahon mamlakatlari bilan savdo­iqtisodiy aloqalar koʻlamini kengaytirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Chunki globallashuv sharoitida xalqaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvni kuchaytirish mamlakat ijtimoiy­iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlashning dolzarb masalalaridan hisoblanadi.

    Mazkur jarayon mahsulotlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchlari bilan jadal almashinuv jarayonlarining rivojlanishi, ijtimoiy masalalarni hamkorlikda hal etish, yangi bozorlardagi raqobatlashuv jarayoni taʼsirida yanada yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish, iqtisodiy oʻsish surʼatlarining jadallashuvi, xalqaro savdo munosabatlarida qulay sharoitlar yaratilishi hamda yangi texnologiyalarning keng tarqalishi va joriy etilishiga imkon yaratadi.

    Maʼlumki, JSTning bosh gʻoyasi tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida erkin savdo siyosatini olib borish uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan. Bundan asosiy maqsad tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi tashqi savdo munosabatlarida adolatli raqobat muhitini shakllantirish hisoblanadi. Shunga koʻra, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishidagi dastlabki ustuvor vazifa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yaratilgan mahsulotlarni xorijdan import qilingan hamda tarif va notarif toʻsiqlar qoʻyilmagan mahsulotlarga nisbatan raqobatbardoshligini oshirishdan iborat. Mahsulotlar ishlab chiqarish va uning savdosidagi raqobatlashuv holati mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnologiya hamda innovatsion yondashuvlarni qoʻllagan holda yanada rivojlanishga undaydi.

    Oʻzbekiston uchun samarasi qanday?

    Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishidagi muhim jihatlardan biri sifatida shuni qayd etish mumkinki, mamlakatimiz tashqi savdo hamkorlarining aksariyat qismini mazkur tashkilotga aʼzo davlatlar tashkil etadi. Mazkur davlatlar bilan amalga oshiriladigan savdo­-iqtisodiy munosabatlarda Oʻzbekistonning uchinchi davlat sifatidagi ishtiroki natijasida mamlakatimizdan eksport qilinadigan tovarlarga nisbatan yuqori boj stavkalari hamda notarif tartibga solish usullari keng joriy etilishining eksport salohiyatiga salbiy taʼsiri bartaraf etiladi.

    Bu holatni amaliy raqamlar misolida koʻradigan boʻlsak, hozirgi kunda Oʻzbekiston jahonning 204 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasining salmoqli hissasini aynan tashkilot tarkibiga kiruvchi davlatlar tashkil etadi. Xususan, 2022-yil yakuniga koʻra, mamlakatimiz jami tashqi savdo aylanmasining yarmidan koʻpi, yaʼni 61,5 foizi aynan JST tarkibiga kiruvchi mamlakatlar hissasiga toʻgʻri kelgan. Bunda Rossiya 18,6 foizni, Xitoy — 17,8, Qozogʻiston — 9,2, Turkiya — 6,4, Koreya Respublikasi — 4,7, Qirgʻiziston — 2,5 va Germaniya 2,3 foizni tashkil etgan. Shuningdek, soʻnggi yillarda mamlakatimiz eksport geografiyasi hamda asosiy hamkor mamlakatlar hisoblangan JST tarkibiga kiruvchi davlatlar bilan tashqi savdo munosabatlari koʻlamini yanada kengaytirishga qaratilgan faol choralar koʻrilmoqda.

    Taʼkidlash joizki, tashkilot tarkibiga kiruvchi davlatlar eksport va import boʻyicha asosiy hamkor davlatlar sifatida muhim oʻrin egallaydi. Yana bir muhim jihat: Oʻzbekistonning mazkur tashkilotga aʼzolikka kirishi xalqaro savdo qoidalarini ishlab chiqish jarayonida toʻlaqonli ishtirokini taʼminlaydi va bu orqali tashqi savdo munosabatlarida boshqa davlatlar tomonidan qoʻllaniladigan diskriminatsion cheklovlarni bartaraf etishga imkoniyat yaratadi.

    Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi mamlakatimiz uchun bir qator qulaylik va afzalliklarni taqdim etadi.

    Jumladan, avvalo, tashkilotga aʼzo mamlakatlar bozorlariga kirish uchun teng huquqli imkoniyat paydo boʻladi. Yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish orqali eksport salohiyatini oshirishga qulay sharoit yaratiladi. Tashqi savdoda xalqaro standartlar qoidalariga muvofiq, milliy standartlarni ishlab chiqish eksportyorlarga chet el bozori talablariga moslashishda yordam beradi.

    Bundan tashqari, raqobat muhiti yaxshilanadi va monopoliyaning oldi olinishiga erishiladi. Raqobatlashuv jarayonining kuchayishi natijasida iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish faollashadi. Shuningdek, jahon miqyosidagi savdo siyosati boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish huquqi beriladi, asosiysi, eksportyorlarimizning tashqi savdodagi huquqi himoya qilinadi. Oʻzbekistonning jahon mamlakatlari bilan iqtisodiy integratsiyalashuvi milliy iqtisodiyot samaradorligini oshirishning muhim omili hisoblanadi. Shuningdek, fan­-texnika taraqqiyotini jadallashtirish, aholi turmush darajasini oshirishga yordam beradi.

    Mamlakatimizning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvni kuchaytirishga qaratilgan siyosati, avvalo, eksport salohiyatimizni oshirish orqali milliy iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan. Shu boisdan Oʻzbekistonning ushbu tashkilotga aʼzo boʻlishi unga aʼzo mamlakatlar bilan faol hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va istiqbolda mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojida alohida ahamiyat kasb etadi.

    Shu bois ham Oʻzbekiston tashkilotga aʼzolik borasida jiddiy tayyorgarlik koʻrmoqda. Binobarin, davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida qayd etilganidek, “Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha asosiy muzokaralarni yakunlab, ichki qonunchilikni moslashtirish, yangi standartlarni joriy etish ishlarini jadallashtiramiz”.

    Jasurbek OTANIYOZOV,

    iqtisodiyot fanlari doktori, professor