Kadastr tizimidagi o'zgarishlar ortiqcha “yugur-yugur”larga chek qo'ymoqda

    Yaqin tarixda birinchi bor yer uchastkasi bankdan kredit olishda garov sifatida qabul qilishga ruxsat berildi.

    Oxirga besh yilda davlatimiz rahbari tomonidan berilgan katta e'tibor tufayli kadastr tizimi yangicha ishlovchi sohaga aylandi. Boshqaruv takomillashib, uning qonuniy asoslari mustahkamlanmoqda. Shu sabab, Kadastr agentligi tomonidan sohaga oid 36 ta me'yoriy hujjat loyihalari ishlab chiqildi. Ularda 7 tasi qonun, 3 tasi Prezident farmoni va qarori hamda 26 tasi Vazirlar Mahkamasi qarorlaridir. Ulardan 2 ta qonun Oliy Majlis tomonidan qabul qilindi hamda Vazirlar Mahkamasining 7 ta qarorlari imzolandi.

    Masalan, birgina yangi tasdiqlangan “Qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan er uchastkalarini xususiylashtirish to'g'risida”gi “O'zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora tadbirlari haqida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori kadastr sohasida inqilobiy o'zgarishlarga sabab bo'lmoqda.

    Bu qaror bilan fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan ularga doimiy foydalanish, ijara yoki meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo'lgan yer uchastkalarini sotib olish, shuningdek, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotish yo'li bilan amalga oshirilishi belgilandi.

    Bu qaror bilan birinchi marta quyidagilar:

    O'zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo'lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo'yicha davlat xizmatlari ko'rsatishga doir ma'muriy reglament;

    Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi to'g'risidagi nizom;

    Yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi asosida elektron onlayn-auktsion orqali realizatsiya qilish tartibi to'g'risidagi nizomlar tasdiqlandi.

    Tijorat banklariga xususiylashtirilgan yer uchastkalari garov ta'minoti sifatida qabul qilinishi mumkinligi belgilab berildi.

    Bu bilan aholi va tadbirkorlar uchun juda katta qulayliklar yaratildi. Yaqin tarixda birinchi bor yer uchastkasi bankdan kredit olishda garov sifatida qabul qilishga ruxsat berildi.

    Sohaga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish uchun quvvati 1 100 terabaytlik “Data-tsentr” va Jahon banki bilan hamkorlikda “Kadastr va ro'yxatdan o'tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi” va ArcGIS dasturida onlayn geoportal tizimi ishga tushirildi.

    Natijada fuqaro va tadbirkorlarga ko'rsatilayotgan kadastr xizmati avvalgi 15-20 kundan hozirgi 1-2 kunga qadar qisqartirilib, sifati yaxshilandi. Aholining kunlab, soatlab kadastr xizmatini kutishlariga va navbatda turishlariga barham berildi.

    Joriy yilning 5 oyi davomida bu tizim orqali aholi va tadbirkorlarning 200 mingdan ziyod murojaatlarga o'z vaqtida javob berildi.  

    Kadastr sohasida olib borilgan keng ko'lamli islohotlar natijasida bugungi kunda 566,3 mingta qishloq xo'jaligi erlaridan foydalanuvchilarning 23,7 mln gektar (88%) er maydonlari raqamlashtirildi va elektron xaritada aniq joyi, chizmasi va chegarasi axborot tizimiga kiritildi, elektron hisobga olingan 502,6 mingta erdan foydalanuvchilarning 22,3 mln gektar (94%) er maydonlari davlat ro'yxatidan o'tkazildi.

    Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan “mahallabay” ish tashkil qilinishi natijasida 252,9 mingta qo'shimcha obyektlar, 478 mingta ko'chmas mulk ob'ektlarida qo'shimcha qurilmalar aniqlanib, 946,2 mingta ko'chmas mulk ob'ektlariga bo'lgan huquqlar davlat ro'yxatidan o'tkazildi, bu ishlar davom etmoqda.

    Respublika bo'yicha 49 247 ta 2 894,7 gektar bo'sh yer uchastkalari tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun “Yerelektron” tizimiga kiritilib, 23 227 ta obyektlardagi 1019,7 gektar yer uchastkalari auktsion savdosiga chiqarildi. Vakolatli idoralar tomonidan 14 863 ta yer uchastkalari ya'ni 1 079 gektar yerlarni auksionga chiqarish uchun ko'rib chiqilmoqda.

    Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar ko'rsatishni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta'minlash hamda daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tdi. Yig'ilishda tadbirkorlar xizmatlar sohasida asosan 3 ta masala – yer, bino va infratuzilma bilan bog'liq muammolarga duch kelayotgani ko'rsatib o'tildi.

    So'nggi ikki oyda 23 mingdan ziyod yer maydonlari savdoga chiqarildi, shundan 12 mingtasi yoki 60 foizi xizmat ko'rsatish joylarini tashkil etish uchun qo'yilgan. Auksionga taklif etilgan 45 mingta erning 3 mingtasi kelishiladigan idoralar tomonidan qaytarilgani ko'rsatib o'tildi.

    Bunga asosiy sabab hududlarning bosh rejasi yoki arxitektura rejalashtirish loyihalarining yo'qligidir.

    Yig'ilishda oy yakuni bilan 25 mingta er uchastkalarini servis va savdo ob'ektlari uchun auksionga chiqarish shartligi ko'rsatib o'tildi.

    Endilikda:

    - yerlarni auksionga chiqarish jarayonlari ijarada – 48 kundan 15 kunga, mulk huquqida – 74 kundan 20 kunga qisqartiriladi;

    - yer maydonlarini baholash ekspertizadan o'tkazilmaydi, haqiqiy bahosi auksionda aniqlanadi;

    - 2023-yil 1-yanvardan boshlab yerlarni auksionga chiqarishda kadastr idoralarida bor ma'lumotlarni boshqa idoralar bilan kelishish tartibi bekor qilinadi.

    Davlatimiz rahbari topshiriqlari Davlat kadastrlari palatasiga ham bir qator mas'uliyatli vazifalar yuklaydi. Bu vazifalarni bajarish uchun bugungi kunda palata tizimida, kadastr sohasidagi islohotlar tufayli yosh, ishchang, o'z kasbiga qiziquvchi xodimlar komandasi shakllandi.

    Inson qadri ulug'langan yurtimizda kadastr tizimi xodimlari tomonidan ham har bir fuqaroga va tadbirkorlarga tez, sifatli va madaniyatli xizmat ko'rsatish, o'z xizmat vazifalarini vijdonan, halol bajarib, ish jarayonida ta'magirlik, poraxo'rlik, mansab vakolatini suiiste'mol qilish kabi korrupsion holatlarga yo'l qo'ymaslikni asosiy vazifamiz, deb bilamiz.

    Respublikadagi barcha viloyat, shahar va tuman kadastr xizmati idoralarini eshiklari xalqimiz va tadbirkorlarimiz uchun ochiqdir va biz barcha muamaolarni birgalikda hal qilishga tayyormiz.

    Nozimjon INAMOV,

    Davlat kadastrlari palatasi

    raisining birinchi o'rinbosari