Maqsad ezgu. Butun dunyoda amalga oshiriladigan dastur va loyihalarda nogironlar boshqalar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, ularning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini taʼminlashdan iborat. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, dunyo mamlakatlari qatori yurtimizda ham keng nishonlanayotgan mazkur sana mamlakatimizdagi 1 millionga yaqin nogironligi boʻlgan yurtdoshlarimizga hurmat va ehtiromimiz ramzidir.
Faoliyatim bevosita jamiyatimizning ushbu qatlami bilan bogʻliq. Har kuni, har lahza mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatning guvohi boʻlaman. Chunki mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab aholini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand nogironlarga hayotda keng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish masalasiga alohida ahamiyat berib kelinadi.
Bugun jamiyatimizning ajralmas bir qismi boʻlgan nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida keyingi yillarda mamlakatimizda bir qator qonunlar hamda 30 dan ortiq boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mustahkam qonuniy baza yaratildi.
Bu esa mazkur toifa vakillariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, malakali tibbiy xizmatlardan foydalanishi, oʻz isteʼdod va salohiyatini roʻyobga chiqarishi, muxtasar aytganda, oʻzlarini jamiyatimizning toʻlaqonli aʼzosi deb his etishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish imkonini bermoqda.
Bugun meni mahallamda 3105 nafar aholi istiqomat qiladi, oilalar soni esa 942 ta. Kam taʼminlangan oilalar 47 ta. Nogironligi boʻlgan shaxslar esa 45 nafarni tashkil etmoqda. Ayniqsa, nogironligi bor, kam taʼminlangan aholi bilan har kuni uchrashaman. Xalqparvar Davlatimiz rahbarining islohotlari haqida gapiraman, hayotga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlashga harakat qilaman. “Prezidentimiz tan-jonlari sogʻ boʻlsin”, “Koʻnglimiz koʻtarildi”, “Kamimiz toʻldi”, degan minnatdorliklarini eshitib, koʻnglim toʻladi. Men bugun davlat xizmatining eng quyi, lekin Hurmatli Prezidentimiz va xalqimiz oʻrtasidagi eng muhim boʻgʻinda faoliyat yuritaman. Bu joy menga xalqim duosini olishda koʻprik boʻlyapti.
Yaqinda Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 23-aprelda qabul qilingan, Senat tomonidan 2024-yil 21-iyunda maʼqullangan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida»gi qonunni oʻqib chiqdim. Yangi Oʻzbekistonning hech bir fuqarosi Yurtboshimiz eʼtiborlaridan chetda emasligiga yana bir bor amin boʻldim. Xususan, oʻzgartirishlar orqali qonunga nogironligi boʻlgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish hamda ijtimoiy-siyosiy hayotda ishtirok etish boʻyicha huquqlariga oid alohida moddalar kiritilgan.
Unga koʻra, davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning boshqalar bilan teng ravishda odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi, shu jumladan, sud jarayonining barcha bosqichlarida, shuningdek surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida nogironligi boʻlgan shaxslarning qonunda belgilangan tartibda bevosita yoki bilvosita ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha choralarni koʻrishi belgilab oʻtilmoqda.
Shu bilan birga, nogironligi boʻlgan shaxslarning boshqalar bilan teng ravishda bevosita yoki oʻz vakillari orqali jamiyat va davlatning siyosiy hayotida ishtirok etish huquqlarini taʼminlanishi, saylov jarayonlarida ovoz berishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi belgilanmoqda.
Barcha amalga oshirilayotgan islohotlar nogironligi boʻlgan shaxslarni jamiyatga integratsiya qilish, ular uchun toʻsiqsiz muhit yaratish, kasbiy, ijodiy, kundalik turmushning barcha bosqichlarida teng imkoniyatlar asosida ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berishga qaratilgan.
Mahallamdagi nogironligi boʻlgan shaxslarga ushbu qonun haqida maʼlumotlar berib kelaman. Ular odil sudlovdan foydalanish huquqlari, ijtimoiy-siyosiy hayotda ishtirok etishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar haqida eshitib, jamiyatimizning ajralmas qismi ekanliklaridan quvonishyapti.
Bugun men Muhtaram Prezidentimiz taʼbirlari bilan aytganda, “Xalq uyi”dan chiqqan xalqchil qonunlarning amalda toʻliq ishlayotgani guvohi boʻlyapman. Oʻylaymanki, bu boradagi saʼy-harakatlar yangi davr kasb etadi va nogironligi bor, biroq imkoniyati chegarasiz yurtdoshlarimiz hayotini yanada yaxshilaydi.
Mohigul Ashurova,
Romitan tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi
Kompleks ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodimi